Sifatdoshning bo‘lishsiz shakli fe’llardagi kabi –ma qo‘shimchasi yordamida yasaladi.
–(a)r qo‘shimchasi bilan yasalgan sifatdoshlarga –ma qo‘shimchasi qo‘shilganda –r tovushi –s ga aylanadi. Masalan, kelar-kelmas.
Fe’lning ravishga xoslangan shakli ravishdosh deyiladi.
Ravishdoshlar harakatning belgisini bildirishi bilan ravishga o‘xshaydi. Ravishdosh ham ravish kabi fe’lga bog‘lanib, uning belgisini bildiradi. Solishtiring: piyoda (ravish) keldi, shoshilib (ravishdosh) keldi.
Ravishdoshning –(i)b, -a//-y) shakllari ko‘proq harakatning holatini, ba’zan payt, sababini; -gancha (-kancha, -qancha) shakli holatini, -gach, (-kach, -qach), -guncha (-kuncha, quncha) shakllari paytini, -gani (-kani, -qani, -gali) shakli maqsadini anglatadi.
Unli va jarangli undoshlar bilan tugagan fe’l asoslariga ravishdoshning –gach, -guncha, -gancha, -gani qo‘shimchalari qo‘shiladi.
Jarangsiz undosh bilan tugagan fe’l asoslariga bu qo‘shimchalar qo‘shilganda, -kach, -kuncha, -kancha, -kani shaklida talaffuz qilinsa ham, -gach, -guncha, -gancha, -gani tarzida yoziladi.
Bu qo‘shimchalar k undoshi bilan tugagan fe’l asoslariga qo‘shilib, -kach, -kuncha, -kancha, -kani holida: q undoshi bilan tugagan fe’l asoslariga qo‘shilib, -qach, -quncha, -qancha, -qani shaklida talaffuz qilinadi va shunday yoziladi.
Eslatma: Harakat nomining bo‘lishsiz shakli –maslik (bilish-bilmaslik), sifatdoshning bo‘lishsiz shakli –ma (bilar-bilmas), ravishdoshning bo‘lishsiz shakli –may(in), -masdan (bilib-bilmay(in-bilmasdan) tarzida hosil qilinadi.
Yetakchi va ko‘makchi fe’llar
Ona tili (6-sinf)
Ravishdoshning –a,//-y, -(i)b shakllariga qo‘shilib, o‘z mustaqil ma’nolarini yo‘qotgan, asosdan anglashilgan 1) harakatning bosqichlari (boshlanish, davom etishi, tugallanishi) va 2) harakat tarzi (tezligi, imkoniyati)ni bildiruvchi boshlamoq, olmoq, yubormoq, turmoq, chiqmoq singari fe’llar ko‘makchi fe’llar hisoblanadi.
Ko‘makchi fe’lni qabul qiluvchi ravishdosh yetakchi fe’l hisoblanadi. Ko‘makchi fe’l faqat yetakchi fe’l bilan birgalikda qo‘llanadi. Ana shu xususiyati bilan mustaqil qo‘llanuvchi olmoq (xatni olmoq), tugatmoq (o‘qishni tugatmoq), turmoq (o‘rnidan turmoq), tashlamoq (qog‘oz tashlamoq) fe’llaridan farq qiladi.
Ravishdoshning –a//-y shakliga qo‘shiluvchi boshlamoq ko‘makchi fe’li harakatning boshlanishi, olmoq ko‘makchi fe’li esa harakatni bajarishga imkoniyat mavjudligi ma’nosini ifodalaydi.
Yotmoq, yurmoq, turmoq ko‘makchi fe’llari ravishdoshning –(i)b shakliga qo‘shilib, harakatning davomliligini bildiradi.
Yubormoq, tashlamoq, qo‘ymoq ko‘makchi fe’llari harakatning tez va oson bajarilishini ifodalaydi.
Chiqmoq, ko‘makchi fe’li harakatning to‘la yakunlanganini bildiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |