Fe’llarning zamon shakllari
Ona tili (5-sinf)
Fe’ldan anglashilgan harakat-holatning nutq so‘zlanib turgan paytga munosabati fe’l zamonlari, shunday ma’noni ifodalovchi qo‘shimchalar esa zamon qo‘shimchalari deyiladi. Fe’llarda uchta zamon bor: 1) o‘tgan zamon; 2) hozirgi zamon; 3) kelasi zamon. Bu uch xil ma’no maxsus qo‘shimchalar yordamida ifodalanadi va ular zamon qo‘shimchalari hisoblanadi.
-di, -ibdi ( fe’l unli bilan tugasa –bdi), -gan edi, -gan ekan qo‘shimchalari bilan kelib, ish-harakat va holatning nutq jarayonidan oldin bo‘lganini yoki bo‘lmaganini bildirgan fe’llarga o‘tgan zamon fe’llari deyiladi. O‘tgan zamon fe’llari uchala shaxsda tuslanadi.
Masalan: bordim bording bordi
bordik bordingiz bordi (-lar)
-yapti, -yotir, -moqda qo‘shimchalari bilan kelib, ish va harakat holatning nutq jarayonida yuz berayotgani yoki bermayotganini bildirgan fe’llarga hozirgi zamon fe’llari deyiladi.
-adi, -ar, -ajak, -moqchi qo‘shimchalari bilan kelib, ish-harakat va holatning nutq jarayonida keyin yuz berishi yoki bermasligini bildirgan fe’llarga kelasi zamon fe’llari deyiladi.
Ona tili (6-sinf)
Fe’l asosida ifodalangan harakat-holatning uch zamondan birida sodir bo‘lishini bildiruvchi shakllar zamon shakllari sanaladi. Fe’l uch zamon shakllariga ega: o‘tgan zamon, hozirgi zamon, kelasi zamon.
O‘tgan zamon shakllari harakat va holatning gap aytilayotgan vaqtdan oldin bo‘lganini bildiradi.
Bu zamon shakllari fe’l asoslariga –di, (-i)b, -gan (-kan, -qan) qo‘shimchalarini va ulardan so‘ng shaxs-son qo‘shimchalarini qo‘shish bilan hosil qilinadi.
-di qo‘shimchasi bilan yasalgan o‘tgan zamon shakli so‘zlovchining bevosita o‘zi ko‘rgan harakat va holatni bildiradi. Bu qo‘shimchadan so‘ng shaxs-son qo‘shimchasining –m,–k (qoldim, qoldik), -ng, -ngiz (qolding, qoldingiz) shakllari qo‘llaniladi.
-b (-ib) qo‘shimchasi bilan yasalgan o‘tgan zamon shakli ilgari ro‘y bergan harakat va holatning so‘zlovchi tomonidan eshitib bilganini ifodalaydi va bu qo‘shimchadan so‘ng shaxs –son qo‘shimchasining –man, -miz, -san, -siz, -di (-lar) shakllari qo‘shiladi.
-gan qo‘shimchasi bilan yasalgan o‘tgan zamon qo‘shimchasi harakat va holatning ilgariroq bajarilganini bildiradi va bu qo‘shimchadan so‘ng shaxs-son qo‘shimchasining –man, -miz; -san, -siz shakllari qo‘shiladi.
Edi, emish, ekan fe’llari to‘liqsiz fe’llar sanaladi. Bu fe’llar yetakchi fe’lning zamon shakllaridan so‘ng keladi, shaxs-son qo‘shimchalari to‘liqsiz fe’lga qo‘shiladi: kelgan ekansan (eding, emishsan), kelayotgan ekansan (eding, emishsan).
Edi, emish, ekan to‘liqsiz fe’llari –di, -mish, -kan shaklida ham qo‘llaniladi. Masalan, borgandi, borganmish, kelarkan.
Hozirgi zamon shakllari fe’l asoslariga –yap, -moqda, -(a)yotir, -(a)yotib qo‘shimchalarini qo‘shish bilan hosil qilinadi. Hozirgi zamon shakllari harakat va holatning gap aytilayotgan vaqtda yuz berishini ifodalaydi . Shaxs-son qo‘shimchalari zamon qo‘shimchalaridan so‘ng qo‘shiladi.
-yotir, -yotib shakllari unli bilan tugagan fe’l asoslariga –ayotir, -ayotib shakllari esa undosh bilan tugagan fe’l asoslariga qo‘shiladi.
-yap shakli undosh bilan tugagan fe’l asoslariga qo‘shilib, -ayap holida talaffuz qilinsa ham, -yap yoziladi.
Kelasi zamon shakllari harakat va holatning gap aytilayotgan vaqtdan so‘ng yuz berishini bildiradi.
Bu zamon shakllari fe’l asoslariga –a, -y, -(a)r qo‘shimchalarini va shaxs-son qo‘shimchalarini qo‘shish bilan hosil qilinadi.
Bu shakllar ba’zan harakatning doimiy, har uch zamonga oidligini ham ifodalaydi. Masalan, Akam kollejda o‘qiydi.
Undosh bilan tugagan fe’l asoslariga kelasi zamonning –a, -ar, unli bilan tugagan fe’l asoslariga –y, -r, bo‘lishsiz fe’l shakllariga esa –s qo‘shimchasi qo‘shiladi. –(a)r shakli kelasi zamonni gumon, taxmin yo‘li bilan ifodalaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |