Tushum kelishigidagi so‘z butunni, chiqish kelishigidagi so‘z qismni bildiradi. AL va KHK darsligidan: Kelishik qo‘shimchalari va ularning uslubiy xususiyatlari Do‘stimning maktubi. Bozorga bormoq. Uzumni yemoq. Birinchi birikmada –ning shakli do‘stim so‘zini maktub so‘ziga; ikkinchi birikmada –ga qo‘shimchasi bozor so‘zini bormoq so‘ziga; uchinchi birikmada –ni qo‘shimchasi uzum so‘zini yemoq so‘ziga tobelash yo‘li bilan bog‘lash vazifasini bajaradi.
Ot va otlashgan so‘zlarga qo‘shilib, uni boshqa so‘zlarga bog‘lab keladigan grammatik shakllar tizimi kelishik qo‘shimchalari hisoblanadi. Kelishik qo‘shimchalarining jami kelishik uyasini tashkil etadi. Yuqorida keltirilgan misollardan ko‘rinib turibdiki, tobe so‘z hokim so‘zning ma’nosi talab etgan kelishik qo‘shimchasini oladi. Masalan, o‘tirmoq so‘zida o‘tirish joyi bilan bog‘lanish imkoniyati bor. Shuning uchun unga bog‘langan so‘z o‘rin kelishigini oladi. Yemoq so‘zida esa bunday ma’no yo‘q. Shuning uchun u o‘rin kelishigi olgan so‘z bilan bog‘lana olmaydi. Yemoq so‘zida yeyiladigan narsa (obyekt) ma’nosi borligi uchun xuddi shunday ma’noga ega bo‘lgan tushum yoki chiqish kelishigini olgan so‘z bilan bog‘lana oladi.
Kelishik qo‘shimchalari biri o‘rnida ko‘pincha almashinib kelishi va birikma ma’nosiga ta’sir etishi mumkin.
Avvalo, og‘zaki nutqda qaratqich kelishigi shakli bilan tushum kelishigi shakli farqlanmaydi. Har ikki kelishik uchun tushum kelishigi shakli qo‘llanadi, lekin bunday qo‘llanish ma’noni o‘zgartirmaydi.
Qaratqich kelishigi va tushum kelishigi shakllari bosh kelishik shakli bilan almashinishi mumkin. Masalan, o‘rikning guli-o‘rik guli.Uzumni yеdi-uzum yеdi.
Qaratqich qo‘shimchasining bunday ikki xil qo‘llanilishi o‘rtasida quyidagicha ma’no farqlanishi bor: ikkinchi holatda umuman o‘rik guli ma’nosi bildirilsa, birinchi holat, ya’ni qaratqich kelishigi bilan kelgan holatda predmetning aniqligi va bu predmetning ta’kidlanishini bildiradi. Xuddi shunday ma’no farqlanishi tushum kelishigi bilan bosh kelishik almashgan holatda ham kuzatiladi: uzumni yedi (so‘zlovchi va tinglovchiga ma’lum bo‘lgan aniq uzum) – uzum yedi (umuman uzum).
Tushum kelishigi bilan chiqish kelishigi o‘zaro almashinib kelishi mumkin. Bunday vaqtda tushum kelishigi qo‘llanilgan birikma uch xil ko‘rinishga ega bo‘ladi:
Uzumni yedi – uzum yedi – uzumdan yedi. Birinchi va ikkinchi holatda butun (ya’ni uzumning hammasi) ma’nosi bo‘lsa, uchinchi holatda qism ma’nosi (uzumning bir qismi) ifodalanadi.
Ko‘rinadiki, kelishik qo‘shimchalaridan o‘rinli, maqsadga muvofiq foydalanish fikrni aniq ifodalashga katta yordam beradi.