– - Deyarli yo‘qolib ketgan aborigen turlar.
E – Endemik turlar.
Ss – Lokal kenja turlar.
R – O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan turlar.
A – Iqlimlashtirilgan turlar.
I – Tasodifan kelib qolgan turlar.
Orol fojeasi nafaqat baliq turlari sonining kamayishiga, balki ovlanadigan baliqlar miqdorining kamayib ketishiga ham olib keldi. Masalan, 1960-yillarda Orol dengizining o‘zidan o‘rtacha 25 ming tonna baliq ovlangan bo‘lsa, 1985-yillardan boshlab ushbu suv havzasining baliqchilikdagi ahamiyati butunlay yo‘qoldi. Orol dengizi baliqchilik ahamiyatini yo‘qotgandan keyin asosiy e’tibor ichki suv havzalari ya’ni suv omborlari, ko‘llar va daryolardan baliq ovlashga hamda baliqchilik xo‘jaliklarida baliq yetishtirishni kuchaytirishga qaratildi. 1990-yillarning boshida respublikamizning barcha tabiiy va sun’iy suv havzalaridan yiliga 26 ming tonna atrofida baliq yetishtirilgan va ovlangan bo‘lsa, 2003-2004 yillarga kelib ushbu ko‘rsatkich 4-5 ming tonnaga tushib qoldi. 2006-yillardan boshlab esa bu ko‘rsatkich asta-sekin ko‘tarila boshladi. Respublikamizda baliqlarni intensiv yetishtirish texnologiyalariga o‘tish natijasida keyingi yillarda baliq mahsulotlarini yetishtirishni keskin ko‘paytirishga erishildi. Agar respublikamiz suv havzalarida 2009 yilgacha har yili 6,5 ming tonna baliq mahsulotlari yetishtirilgan bo‘lsa, ushbu ko‘rsatkich 2013 yilda 38 ming tonnaga va 2014 yilga kelib esa 46,5 ming tonnaga etkazildi. Shundan 30,5 ming tonnasi sun’iy suv havzalarida yetishtirilgan bo‘lsa, 16 ming tonnasi tabiiy suv havzalaridan ovlangan. 2017 yilga kelib 100 ming tonna va 2018 yil 120 ming tonna baliq yetishtirilganligiga guvoh bo‘lamiz.
Suv havzalaridan ratsional foydalanish muammosi hozirgi kunda nafaqat O‘zbekistonda balki butun Markaziy Osiyoda ham keskinligicha turibdi. So‘nggi yillarda regionda suv havzalaridan kompleks foydalanish muammosini hal qilish uchun irrigatsiya maqsadida ko‘plab ishlar qilinmoqdaki bu boshqa sohalarga, xususan baliqchilik sohasiga ham ma’lum darajada salbiy ta’sir ko‘rsatib kelmoqda. Aynan yo‘q bo‘lib ketgan hamda ov ahamiyatiga ega baliq turlarining o‘rnini qoplash, respublikamiz hovuz xo‘jaliklarini yangi baliq ob’ektlari bilan ta’minlash va shu orqali baliq yetishtirishni kuchaytirish maqsadida boshqa regionlardan bir qancha baliq turlari suv havzalarimizga iqlimlashtirila boshlandi. Dastlab XX asrning 30-yillarida bezgak chivinining lichinkasini yo‘qotish maqsadida gambuziya balig‘i suv havzalarimizga iqlimlashtirilgan bo‘lsa, keyinchalik Uzoq Sharq daryolaridan olib kelingan oq amur, oq do‘ngpeshona baliqlari nafaqat baliqchilik xo‘jaliklarining asosiy boqiladigan baliq ob’ektlariga, balki boshqa suv havzalaridagi asosiy ov ahamiyatiga ega baliq turlari bo‘lib ham ulgurishdi. Bulardan tashqari oq amur va oq do‘ngpeshona baliqlari bilan birga tasodifan kelib qolgan ilonbosh baliq turi hozirgi vaqtda ixtiofaunamiz tarkibidan mustahkam o‘rin olib ulgurdi.