3.Qo’l to’pi o’yinining mohiyati va tavsifi.
Gandbol keng tarqalgan sport turlaridan biri bo’lib, u o’quvchi yoshlarni jismoniy rivojlantirish, ularning salomatligini mustahkamlashning eng ommabop, binobarin, eng qulay vositalaridan biridir. Bu kattalar uchun ham, o’smir-yoshlar uchun ham birdek ma’qul bo’lgan chinakam, halqchil o’yin hisoblanadi. Har bir jamoada 7 kishidan 2 ta jamoa maydonga tushadi. O’yinlar 25-30 daqiqadan 2 marotaba davom etadi, oraliqda 7-10 daqiqa tanaffus beriladi. O’yin maydoni 40x20 m kattalikdagi to’g’ri to’rtburchakdan iborat. Darvozaning eni 3 metr, balandligi 2 metr bo’ladi, o’yin qoidalarini qo’pol ravishda buzgan o’yinchi uchun jamoaga jarima beriladi. Bu yetti metr masofadan turib turib to’pni darvozaga otish bilan amalga oshiriladi. Jarimani bajarayotgan sportchidan darvozabon va boshqa sportchilar 3 metr narida turishlari shart bo’ladi. Qo’l to’pi o’yinining mazmunida o’ziga xos bo’lgan texnik va taktik usullar juda ko’p, ularning ba’zi bir xususiyatlari basketbol sport turining harakatlariga o’xshab ketsa ham, uning mazmun mohiyati tubdan farq qiladi. Ayniqsa, to’pning shakli (kichikroq va konussimon) va og’irligi boshqa turdagi to’plarga unchalik to’g’ri kelmaydi. Ya’ni to’pning og’rligi erkaklar uchun 425-475 gramm, aylana uzunligi 58-60 sm. Ayollar va yoshlar uchun to’pning og’rligi 325-400 gramm, to’pning aylanasi 54-56 sm dan iborat.
O’yinda qatnashuvchi jamoa o’yinchilarining maqsadi to’pni egallab olib, himoya qilinib turgan darvozaga kiritish. To’p bilan barcha harakatlar faqat qo’lda bajariladi. To’p uchun kurashda, qarshilik ko’rsatishda qo’pollik va sportchiga xos bo’lmagan harakatlar qilinmasligi va qoidaga rioya qilinib bajarilishi lozim. O’yin - ishtirokchilarning yoshi va jinsiga bog’liq bo’lib, o’yin vaqtida har bir o’yinchi o’zining shaxsiy fazilatlarini ko’rsatish imkoniyatlariga ega. Ammo, shu bilan birga, o’yin har bir gandbolchidan o’z shaxsiy intilishlarini umumiy maqsadga bo’ysundirishini talab qiladi.
Qo’l to’pi o’yinining asosini yugurish, sakrash, to’pni uzatish, olib qochish, uloqtirish kabi shug’ullanuvchilarning har jihatdan uyg’un rivojlanishiga yordam beradigan tabiiy harakatlar tashkil etadi. Yuklamalar organizmdagi barcha funksional tizimlarning rivojlanishiga ijobiy ta’sir etadi. Mashg’ulotlar ta’sirida, shuningdek, musobaqalarda shug’ullanuvchilarning ruhiy faoliyati takomillashadi, tezlik, chamalash, ijodiy fikr yuritish va tashabbuskorlik kabi sifatlari rivojlanadi. Qo’l to’pi o’yini umumiy jismoniy tayyorgarlik uchun yaxshi vosita bo’lib xizmat qila oladi. Yo’nalishni o’zgartirib xilma-xil yugurish, sakrashning turli xillari, maksimal tezlikda harakat qilish yo’llari bilan jismoniy sifatlarni, ayni paytda irodaviy xislatlarni, taktik tafakkurni kamol toptirishi tufayli gandbol har qanday ixtisosdagi o’quvchi uchun zarur bo’lgan sport o’yinlari qatoridan joy olgan.
Gandbol o’yini bugun maktab, lisey, kollej va oliy o’quv yurtlarida keng qo’llanilmoqda. Qo’l to’pi musobaqalari mehnatkashlarni muntazam tarzda jismoniy tarbiya mashg’ulotlariga jalb qilishning muhim vositasi, sport mahoratini oshirishning hamda «Alpomish» va «Barchinoy»ni me’yoriy talablarini bajarishning asosiy omillaridan biri hisoblanadi.
Daniyalik oʼqituvchi Xolger Nilson yangi sport oʼyini “Xandbol"ni yaratganiga yuz yildan koʼp boʼldi. Oʼyinning nomi inglizcha soʼz boʼlib, u ,gand"— qoʼl va ,,bol"— toʼp degan maʼnoni anglatadi. Dastlab bu oʼyin bilan qizlar, keyinchalik oʼgʼil bolalar ham shugʼullana boshladilar. Bu oʼyin boshlangan daqiqalardanoq har bir oʼyinchi faol va toʼlaqonli ishtirokchi boʼlib qoladi. Gap shundaki, gandboldagi har bir harakat inson bolaligidan boshlab oʼrganadigan harakatlarga juda yaqin, yaʼni yurish, yugurish, sakrash, uloqtirishlar shular jumlasidandir. Tup uchun kurash, oʼyinchining oʼrni, natija uchun intilish qoʼshimcha harakatlar hisoblanadi.
Gandbol bilan shugʼullanish tezlik, kuchlilik, chaqqonlik, shijoatlilik kabi xislatlarni tarbiyalaydi, bilimni oshirib, koʼnikmalar hosil qiladi. Oʼyinda har bir ishtirokchining har jihatdan oʼz qobiliyatini koʼrsata olish imkoniyati bor.
Gandbol jamoa oʼyini boʼlganligi sababli oʼyinchilar oʼz xatti-harakatlarini jamoa manfaatiga boʼysundirishlari lozim. Shu bois oʼyinchilar bu oʼyinga oʼzlarini toʼla bagʼishlashlari kerak. Oʼyinda faqat jismoniy sifatlar emas, balki onglilik, faollik, intizomlilik, maqsadga intilish, oʼzini tutish, hissiyotlarni jilovlay olish kabi xislatlar ham tarbiyalanadi. Shu bilan birga, oʼyinchida kuzatuvchanlik, eʼtiborlilik, ijodiy tafakkur kabi xislatlar shakllanadi.
Shulardan kelib chiqib, gandbol oʼyinining mohiyati haqida shularni aytish mumkin. Oʼyindan maqsad, belgilangan qoidalarga rioya qilib, raqib darvozasiga koʼproq toʼp kiritish va oʼz darvozasidan kamroq toʼp oʼtkazishdir. Oʼyinda koʼp toʼp urgan jamoa gʼalaba qiladi. Maydonda har ikki jamoadan yettitadan oʼyinchi (bir darvozabon va 6 maydon oʼyinchisi) qatnashadi. Oʼyinchilar maydonda hadeb almashtirilavermaydi.
Jamoadan besh oʼyinchi ishtirok etayotgan boʼlsa ham oʼyin boshlanaveradi. Maydondan oʼyinchi chiqarib yuborilganda ham oʼyin toʼxtatilmaydi. Darvozabon oʼyinchilar bilan almashtirilmaydi, mabodo, darvozabon oʼyindan chiqsa, unda oʼyinchilar uni almashtirishlari mumkin. Oʼyin 15 daqiqadan 2 taym davom etadi (orada 10 daqiqa tanaffus boʼlib oʼtadi va darvozalar almashiladi). Gandbol oʼyini har qanday toʼp, har qanday maydon va hatto koʼcha maydonlarida ham oʼynalaveradi. Faqat maydon chiziggʼida 2x3m hajmdagi darvoza belgilansa kifoya. Oʼyin maydonini tayyorlash unchalik qiyin emas. Darvoza oldida 6 metrli yarim doira, toʼp aynan shu joydan uriladi va maydonni ikkiga boʼlib turuvchi oʼrta chiziq belgilanadi.
Gandbol oʼyini mashgʼulotlarida quyidagi qoidalarga amal qilinadi:
1. Аvvalo har bir oʼyinchi organizmini mashgʼulotga tayyorlash uchun tayyorgarlik mashqlarini bajaradi. Tayyorgarlik koʼrishda dastlab sekin, soʼngra yoʼnalishlarni oʼzgartirib—tez oldinga, orqaga, burilib, oyoqdan oyoqqa sakrab yuguriladi.
2. Toʼpni bir joyda turib va harakatda bir-biriga uzatiladi, darvozaga urish mashqi bajariladi.
3. Maydonda intizom va tartibga rioya qilinishi lozim.
4. Oʼyin paytida baqir-chaqir qilinmaydi.
5. Oʼyin paytida oʼyinchilar toʼqnashib ketishining oldi olinishi kerak.
6. Gandbol oʼyniga yengil, yumshoq, qulay poyabzal kiygan maʼqul.
Turish, siljish, toʼxtash. Oʼyinchi har qanday sport turida qatnashar ekan, u biror usulni bajarishdan avval dastlabki holatini egallaydi. Gandbolchining asosiy holati himoya va hujumda turishdan iborat.
Himoyachi va darvozabonning turish holati bir-biriga oʼxshash boʼladi. Bunda oʼyinchi oyoqlarini kengroq qoʼyib, tizzalarini biroz bukkan holda turadi, oyoq uchlari bir chiziqda joylashadi, qoʼllari tirsakdan ozgina bukilgan, kaftlar oldinga qaragan boʼladi. Bunday holat oʼyinchiga mustahkam turishiga, erkin siljishiga, faqat himoyaga emas, balki hujumga ham tayyor ekanligidan dalolat beradi (47-rasm).
Hujumchining holati himoyachinikiga biroz oʼxshaydi, qoʼllar tirsakdan bukilgan, u koʼkrak barobar turadi. Oyoq-lar biroz bukilgan, bittasi oldinda, yelkalar oldinga chiqqan boʼladi (48-rasm). Oyoqni ortiqcha (40—50 sm dan) keng qoʼyib yuborish ham yaramaydi.
Oʼyin paytida oʼyinchi turli harakatlarni: siljish, qadamlash, yugurish, tez yurish, sakrab yurish va boshqalarni bajaradi. Raqibni aldash, sherik bilan qulay vaziyat tanlash uchun toʼxtaydi. Toʼxtash ikki qadam qoʼyish yoki sakrash bilan bajariladi. Oyoqlar bukiladi, gavda harakat yoʼnalishining qarshi tomoniga egiladi.
Toʼpni bir joyda va harakatda ikki qoʼllab tutib olish va uzatish. Oʼyin davomida oʼyinchi toʼpni bir necha bor ikki yoki bir qoʼllab ushlashiga toʼggʼri keladi. Toʼpni joyda turib ilib olishda panjalar ochiq boʼladi. Bosh barmoqlar deyarli birlashadi, boshqa barmoqlar toʼpdan kattaroq boʼlgan voronka shaklini hosil qiladi. Toʼp qoʼllarni harakatga keltirib, koʼkrak oldidan, kaftlarni siltab uzatiladi
Do'stlaringiz bilan baham: |