Kalorik sinama. Asosiy mohiyati – sun’iy ravishda yoki sovutish yo‘l bilan yarim doira kanallaridagi endolimfani harakatga keltirish. Bu sinamada har bir labirint alohida tekshiriladi. Har qaysi quloqqa galma-gal Jane shprisidan suv quyiladi; sovuq (16–30°C li) suv quyilganda qarama-qarshi tomonda, iliq (38–41°C li) suv quyilganda esa, suv quyilgan tomonda nistagm paydo bo‘ladi.
Pressor sinama. Shifokor bemor qarshisida o‘tiradi va tashqi eshituv yo‘lining kirish qismiga moy surtadi, keyin chap qo‘lining ko‘rsatkich barmog‘i bilan o‘ng quloq suprasini bosadi yoki balloncha yordamida eshituv yo‘lidagi havoni zichlashtiradi. Labirint holati normal bo‘lgand nistagm kuzatilmaydi, yarim halqa gorizontal kanalda fistula bo‘lganda nistagm o‘sha tomonda, ya’ni o‘ng tomonda bo‘ladi. Sinama chap tomonda ham xuddi shunga o‘xshatib o‘tkaziladi. Tananing og‘ishi nistagmga qarama-qarshi tomonda bo‘ladi.
TASHQI QULOQ KASALLIKLARI
Quloq shikastlari
Mexanik jarohatlanishlar. Quloq suprasi yuzasining jarohati uning ezilishi, lat yeyishi, tishlanishi va boshqalar tufayli yuz beradi. Ayrim hollarda quloq suprasi qisman yoki to‘liq (butunlay) yirtilgan bo‘ladi. Jarohatga o‘z vaqtida kerakli tibbiy davo choralarini ko‘rsatish uni tez bitishiga yordam beradi va xunuk chandiqlar qolishining oldini oladi. Quloq suprasi jarohatlanganda infeksiyalanadi. Ayniqsa, tibbiy yordamning kechiktirib ko‘rsatilishi xondrit yoki perixondrit (tog‘ay usti pardasining yallig‘lanishi) kasalligi kelib chiqishiga sabab bo‘ladi, bu esa keyinchalik tog‘ayning erib ketishiga hamda quloq suprasi shaklining o‘zgarishiga sabab bo‘ladi. Jarohat tog‘ayga o‘tmasdan, yuza joylashgan bo‘lsa unga 5% li yod nastoykasi surtilib, penitsillin yoki streptotsid kukuni purkaladi. Chuqur jarohatlar umumiy jarrohlik qoidalariga binoan yuqumsizlantiriladi. Yordam ko‘rsatish sxemaga rioya qilgan holda qoqsholga qarshi zardob kiritish bilan tugallanadi. Keyingi kunlarda bog‘lamni har kuni almashtirib turiladi. Fizioterapiya muolajalari yordamida va antibiotiklar bilan davolaniladi. Birlamchi jarrohlik ishlovlaridan ancha keyin jarohat yiringlasa, chok iрlari olib tashlanadi va yiringni yo‘qotish uchun zaruratga qarab terini qo‘shimcha yana kesiladi. Jarohat bunday hollarda ikkilamchi bo‘lib bitadi.
Otogematoma. Quloq suprasining lat yeyishi yoki uzoq ezilishi tufayli kelib chiqishi mumkin. Otogematoma – bu tog‘ay va tog‘ay usti pardasi oralig‘iga qon quyilishidir. Tekshirib ko‘rilganda, odatda quloq suprasining oldingi yuzasining yuqori yarmida joylashgan fluktuatsiya qilib turadigan aylana shaklidagi qizil-ko‘kimtir shish aniqlanadi. Paypaslab ko‘rilganda ko‘pincha og‘riqli bo‘ladi. Ichidagi suyuqlik qon va limfadan iborat bo‘ladi. Ba’zi hollarda tog‘ay usti pardasining ostiga infeksiya tushishi sababli otogematoma yiringlaydi. Uncha katta bo‘lmagan otogematoma quloq suprasiga bosib turadigan bog‘lamlar qo‘yilganda o‘z-o‘zidan so‘rilib ketadi.Katta otogematomalarda uni teshib, ichidagi suyuqlik so‘rib olinadi va bir necha kunga bosib turadigan bog‘lam qo‘yiladi. Yiringlaganda esa, keng qilib kesiladi va antiseptik eritmada yuvib, so‘ng bosib turadigan bog‘lam qo‘yiladi. Agar tog‘aylar singan bo‘lsa ularni to‘g‘rilab, ularga ham bosib turadigan bog‘lam qo‘yiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |