MAVZU: BIOLOGIYADAN SINFDAN TASHQARI ISHLAR. EKSKURSIYALAR. Uy vazifalari o‘qituvchining darslar bilan bog‘liq bo‘lgan amaliy va darslik bo‘yicha topshirig’ini o‘quvchilar uyida mustaqil bajarishlarini tashkil etish shaklidir. Uyga berilgan topshiriqlar o’quvchi fikrlashini faollashtiradi, unda mustaqil ishlashga qiziqish uyg’otadi ana shunda ko’zlangan maqsadga erishiladi. Uy topshiriqlarining bir necha xillari bor bularga: 1. Darslik bilan ishlash. 2. Ilmiy-ommabop adabiyotlar bilan ishlash. 3. Mavzular uchun maqola va rasmlar tanlash. 4. Tabiiy obyektlar bilan ishlash kabilar kiradi.
O‘quvchilar kitob, darslik bilan ishlashda quyidagilarga e’tibor qiladilar:
a) dastlab darslik materialini yuzaki qarab chiqish;
b) matndan asosiy tushunchalar, qiyin so‘zlar, izohli lug‘atlarni o‘rganish va tahlil qilish;
v) rasmlar, jadvallar, sxemalarni o‘rganish, tushunib olish;
g) mavzular oxirida berilgan savollarga matn, rasm, jadvallardan javob topish;
d) mavzuga oid tayanch belgilar tayyorlash kabilarga amal qiladi. Yuqori sinflarda o‘quvchilarning darslik bo‘yicha mustaqil ravishda yangi bilimlar olishi mo‘ljallangan vazifalar beriladi mumkin. Bunda o‘qituvchi topshiriqlarni asta-sekin murakkablashtirib boradi.
Uyda bajariladigan amaliy ishlar paytida turli o‘simliklardan gerbariylar tayyorlash, gul qismlarini karton qog‘ozga montaj qilish kabi morfologik ishlar bilan birga urug‘ undirish, kurtakdan novda yoki barg paydo bo‘lishi, barglarning suv bug‘lantirishi kabi fiziologik xarakterdagi ishlar ham amalga oshiriladi.
Ba’zi topshiriqlar bir necha kun davomida bajariladi. Masalan: gerbariylar quritishga 7 kun, har xil haroratlarda urug’ning unib chiqishiga ta’sirini aniqlash 7 kun, ildizning o‘sishini kuzatish 10 kun, kurtakdan novda o’stirish 20 kun, qalamcha va parxishdan o’simlik yetishtirishda 44 kun avval topshiriqlar berib qo‘yiladi. Xuddi shunday ishlar zoologiya, odam va uning salomatligi fanlaridan ham beriladi.
Darsdan tashqari ishlar o‘qituvchi rahbarligida o‘quv dasturi talabi bo‘yicha yakka yoki o‘quvchilar guruhlarining darsdan keyingi majburiy mashg‘ulotlaridir. Ma’lumki, barcha maktablarda ham hozirgi o‘quvchilarga yetarli darajada mikroskoplar bor deb bo‘lmaydi. Undan tashqari, darslardagi tajribalar, kuzatishlar, amaliy ishlar tugallanmay qolishi mumkin. Shu sababli biologiya ta’limida darsdan tashqari mashg‘ulotlardan keng foydalaniladi.O‘quv xonasida bajariladigan darsdan tashqari ishlar urug‘ning unuvchanligini aniqlash, bargda kraxmal hosil bo‘lishi, suv va mineral moddalarning poya bo‘ylab ko‘tarilishi kabi dastur talabidagi kuzatish ishlarini o‘z ichiga oladi.
Maktab o‘quv-tajriba uchastkasi amaliy mashg‘ulotlar, tajriba va kuzatishlar olib boriladigan ochiq biologiya laboratoriyasidir. Uchastka o‘quvchilarga mehnat tarbiyasi berishning poydevoridir. Bu joyda o‘quvchilar agronomik savodga o‘rgatiladi. O‘quv tajriba uchastkasidagi ishlar operatsion va predmetli sistemada tashkil etiladi. Operatsion sistemada o‘quvchilar o‘qituvchi ko‘rsatmasi bo‘yicha butun sinf jamoasi bilan bajaradi.
Predmetli sistemada o‘quvchilarning guruhlari o‘zlari tanlagan mavzular bo‘yicha yerni ekishga tayyorlashdan to hosilni yig‘ib olguncha bo‘lgan ishlarni mustaqil bajaradilar. Bunday ishlarni bajarish natijasida o‘quvchilar reja bo‘yicha ish yuritish, hisoblash, o‘simliklarni tanish, farqlash, o‘simliklar hayoti uchun zarur sharoitlarni yaratish, o‘simliklarni ko‘paytirish va sifatini baholash, rasmiylashtirish kabi o‘quv ko‘nikmalar hosil qilishadi.
Uchastkada turli mavzularda kuzatish, tajribalar olib boriladi. Masalan: “Urug‘ning turli chuqurlikka ekishni unib chiqishiga ta’siri”, “Organik o‘g‘itlarni g‘o‘zaning o‘sishi va rivojlanishiga ta’siri”, “Chilpishning paxta hosildorligiga ta’siri” kabilar shular jumlasidandir. Uchastkada tajribalar o‘tkazish uchun quyidagilarga amal qilish zarur. 1. O‘simliklar o‘sishi va rivojlanishi davrida har 2-3 kunda tajriba va kontrol paykallaridan o‘simliklar tekshirilib, o‘lchash ishlari natijalari kundalikka yozib boriladi. 2. Tajriba maydonchasi rejasi tuzilib, unda paykallarning joylashishi, kattaligi, tartib raqami, ayrim obyektlardan uzoqligi ko‘rsatiladi. Paykallar 2-10 metr ikki to‘g‘ri burchakli, tekis bo‘lishi lozim. Uchastka paykallarga ajratiladi. Paykallar oldiga unda ekilgan o‘simliklar, tajriba mavzusi haqida ma’lumot taxtachaga yozib qo‘yiladi.
3. Paykallar atrofidan 0,25-0,5 metr kenglikda xuddi shu o‘simliklardan bo‘lgan himoya qatori ajratiladi. Turli sabablarga ko‘ra paykallardagi o‘simliklar zararlanganida himoya qatoridagi o‘simliklardan zararlangan o‘simliklar soni tiklanib, hosil miqdorini to‘g‘ri belgilashda foydalaniladi. 4. Tajribalar nazorat va tajriba paykallarida o‘tkaziladi. O‘quv-tajriba uchastkasida zoologiya, umumiy biologiya fanlaridan kuzatish tajribalari ham olib boriladi.
Ekskursiyalarning ahamiyati. Еkskursiyalar tabiatda, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi, muzey yoki ko‘rgazmalarda o‘tkaziladigan darsdir. Sinfda o‘tkaziladigan dars va laboratoriya mashg‘ulotlari bilan bir qatorda, ekskursiyalar o‘qitish jarayonida katta ahamiyata ega bo‘lib, sinfda o‘qitiladigan darslarda amalga oshirish imkoni bo‘lmagan kamchiliklarning o‘rnini to‘ldirishda xizmat qiladi. Ekskursiya sinfdan tashqari darslardan farq qilib ekskursiya darslarida o‘quvchilarning o‘simlik va hayvonot dunyosining tarqalishi, ularning yashash sharoitlariga moslashganligi kabi qator xususiyatlarni tabiiy sharoitda ko‘rsatish imkoniyati tug‘iladi.
Ekskursiyalar vaqtida o‘quvchilar tabiatni muhofaza qilish ruhida tarbiyalanib boradilar. Undan tashqari, tabiat qo‘ynida toza havodan nafas olish, ishlash, o‘quvchilar faolligini oshiradi, ularning jismoniy jihatdan chiniqishlariga yordam beradi. Nihoyat ekskursiyalar o‘qituvchiga biologiyani o‘qitish uchun zarur bo‘lgan bir qator tarqatma materiallarini yig‘ib olish imkoniyatini beradi. Ekskursiyalar vaqtida o‘quvchilarning ayrim organizmlar va hodisalar haqida darslarda olgan tushunchalari o‘zaro bir-birlari bilan qo‘shilib, konkretlashadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |