Oziq-ovqat mahsuloti sifatida kungaboqar moyining bahosi (qiymati), unda saqlanadigan moy kislotasi tarkibi va odam organizmi uchun biologik faol moddalar (A,D,E,K) vitaminlari, fosfatidlar va boshqa zarur moddalar miqdori bilan baholanadi. Moyining tarkibida 90 % iste’mol uchun ishlatiladigan qimmatli glesiridlar, to‘yingan (linol va olein) va 10 % to‘yingan moy kislotalari mavjud.
Kungaboqarning hozirgi yangi navlari va duragaylari urug‘ining moyida 55-60 % linol va 30-35 % olein moy kislotalari saqlanadi. Moy tarkibidagi olein kislotasi miqdorining ko‘pliligi uning yuqori sifatliligini va zaytun moyiga o‘xshashliligini bildiradi. Olein kislota miqdorini linol kislotasi hisobidan oshirish mumkin. Bu moy kislotalar miqdorining ko‘payishi teskari korrelyatsion bog‘lanishga ega.
Kungaboqarning urug‘idan moy olish paytida 35 % shrot yoki kunjara ajratib olinadi. Shrotida 32-35 % protein, 1 % moy (kunjarasida 5-7 % moy), 20 % gacha uglevodlar, 13-14 % pektin, 3-3,5 % fitin, V vitamini guruhi, fosfor, kalsiy va boshqa qimmatli moddalar mavjud.
Kungaboqar shroti chorva mollari uchun konsentrat oziqa va shuningdek har xil kombikorm tayyorlashda oqsil komponenti sifatida ishlatiladi. 1 kg. shroti 1,02 oziqa birligiga teng va unda 363 g. yengil hazm bo‘luvchi protein mavjud. Kungaboqar shrotining proteini tarkibida ko‘pgina aminokislotalar bor va saqlanish nisbati bo‘yicha ham foydali hisob-lanadi. 1 kg. shrotida 12,8 lizin, 5,1 triptofan, 6,5 tirozin, 2,7 sistin, 29,3 arginin, 8,7 gramm gistidin aminokislotalari bor. Qayta ishlov berilgan shroti va moyi ajratilgan mag‘zidan xolva, kazinaklar kabi qimmatli iste’mol va turli konfetlar tayyorlanadi. Konditer sanoati uchun so‘ngi paytlarda kungaboqarning yirik mevali navlariga bo‘lgan talab yanada ortmoqda.
Kungaboqar oqsili nafaqat chorva oziqasi sifatida, balki iste’mol mahsuloti sifatida katta ahamiyatga ega. So‘ngi yillarda kungaboqar oqsili oziq-ovqat sanoatida katta hajmda qo‘llanilmoqda. Ukraina va Shimoliy Kavkazning moy ishlab-chiqaradigan zavodlarida konditer sanoati uchun oqsil uni tayyorlanmoqda. Oqsil unida 47-50 % oqsil, 14-16 % moy, 7-10 % eruvchan uglevodlar mavjud.
Kungaboqar pistasining po‘chog‘i (pistaning mag‘zi ajratilgandan so‘ng) sanoatda gidrolizlash uchun qimmatli xom-ashyo hisoblanib, undan furfurol, etil spirti, chorva oziqasi achitqisi va boshqa mahsulotlar tayyorlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |