Ekish meyori. Chigit 60x60 sm qilib ekilsa, 1 ga yerga 35-40 kg dan, 90x25 sm qilib ekilsa 60-70 kg urug‘ ekiladi. Vilt bilan kasallangan yerlarga, sho‘rlangan tuproqlarga ekish normasi 10% ko‘paytiriladi. Ekish chuqurligi bo‘z tuproqlarda 4-5 sm, o‘tloqi botqoq yerlarda 3-4 sm. Chekanka (15-25 iyungacha) eng yaxshi rivojlangan uchastkalarda 17-18 ta hosil shoxlari hosil bo‘lganda qilinadi. O‘rtacha rivojlangan maydonlarda 15-16 ta hosil shoxlari hosil bo‘lganda olib boriladi. Yaxshi rivojlanmagan paxta maydonlarida 12-14 hosil shoxlari paydo bo‘lganda 15 avgustdan kechiktirmay qilinadi. Chekanka qo‘l bilan va mexanizatsiya bilan olib boriladi. Mexanizatsiyalangan chekanka iyulning ikkinchi yarmi- avgust boshlarida qilinadi. Birinchi marta 50 % o‘simliklarda 15 ta hosil shoxi hosil bo‘lganda, ikkinchi marta 7-10 kundan keyin qilinadi.
Yig‘ib-terib olish 2 oy mobaynida olib boriladi. Shuning uchun qo‘l bilan 4 marta, mashinada 3 marta yig‘ib olinadi. Mashinada yig‘ib-terib olish 60 % ni tashkil etadi. Mashinalar ko‘m-ko‘k barglari bo‘lgan o‘simliklarni terib ololmaydi. Shuning uchun mashina terib olishdan oldin defolatsiya qilinadi, ya’ni o‘simliklarni barglari kimyoviy moddalar bilan quritiladi, natijada barglar to‘kilib ketadi va mashinalar yordamida hosil yig‘ib olinadi.
Zig‘ir
Xalq xo‘jaligidagi ahamiyati. Zig‘ir-eng muhim tolali va moyli o‘simlikdir. To‘qimachilik sanoatida zig‘ir tolasi paxtadan keyin 2 chi o‘rinni egallaydi. Tolasining pishiqligi jihatidan paxta va jundan ustun turadi. Zig‘ir tolasi xalq xo‘jaligining turli sohalarida keng ishlatiladi. Undan brezent, qop-qanor, polotno, batist, dag‘al mato va hokazolar tayyorlanadi. O‘rtacha 1 kg zig‘ir tolasidan 2,4 kv.m2 gazmol tayyorlanadi. Gazmol tayyorlashdagi chiqindilardan termoizolatsion materiallar, qog‘oz, mebel, qurilish plitalari tayyorlash uchun xom-ashyo sifatida foydalaniladi. Zig‘irdan faqat tola emas moy ham olinadi. Uning urug‘ida 35-42 % yog‘ bor. Zig‘ir kunjarasi mollar uchun yuqori konsentirlangan yem hisoblanadi. Uning tarkibida 30-36 % gacha oqsil moddasi bo‘ladi.
Zig‘ir qadimiy o‘simlik bo‘lib, bizning eramizdan 4 ming yil ilgari Hindiston, Xitoy, Misr, Zakavkazeda ekilgan. O‘rta Osiyoda zig‘ir qadimdan ekib kelinadi.
Dunyo bo‘yicha zig‘irni ekish maydoni 1,5-1,7 mln. gektar yerni tashkil etadi. Asosan 70 % dan ko‘prog‘i Rossiyada ekiladi. Zig‘irning tola hosili gektariga 6,50-7,56 ts, urug‘ hosili esa 10-12 ts ni tashkil etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |