G‘o‘za turlari va navlari. G‘o‘zaning Gossypium- avlodi 37 turni o‘z ichiga oladi, shundan 7 ta turi madaniy va 30 ta turi yovvoyi hisoblanadi. Asosan g‘o‘zaning 2 ta madaniy turi - oddiy Meksika g‘o‘zasi (G, hirsutum L.) va Peru g‘o‘zasi (G,barbadense L.) ekiladi.
G‘o‘za agrotexnikasi. Ko‘pchilik paxtachilik hududlarining tuproqlari oziq elementlari bilan kam ta’minlangan bo‘ladi. Respublikamizda g‘o‘za ekiladigan maydonlarning kattagina qismi sho‘rlangan tuproqlarga keladi. Shuning uchun ham bunday tuproqlar unumdorligini oshirish, almashlab ekishni to‘g‘ri joriy qilish, tuproqlarga ishlov berish, o‘g‘itlash tizimini to‘g‘ri joriy etish talab etiladi.
Almashlab ekishda asosan bedadan foydalaniladi. Bedaning ahamiyati shundan iboratki, u bir yilda tuproqda 150 kg gacha azot to‘playdi. Shu bilan bir qatorda yer osti suvlarini satxini pasaytirishda, tuproqlarning sho‘rini kamaytirishda, tuproqlarning fizik-kimyoviy xususiyatlarini yaxshilashda muhim ahamiyatga ega. Beda ekilgandan so‘ng, g‘o‘za ekilganda, ular vilt kasalligiga chalinmaydi. Bedadan tashqari almashlab ekish dalalariga qand lavlagi, dukkakli-don ekinlari ekiladi. G‘o‘za g‘allali ekinlar uchun eng yaxshi o‘tmishdosh hisoblanadi.
Tuproq-iqlim sharoitlariga bog‘liq holda yer kultivatsiya qilinadi, yuza haydaladi, chizellanadi, shudgor qilinadi. Eng progressiv usullardan 2 yarusli shudgor qilishdir. Bunda 30-40 sm chuqurlikda yer haydaladi. Bu usul qo‘llanilganda tuproq oziq elementlari yaxshi taqsim qilinadi, begona o‘tlardan tozalanadi, natijada hosildorlik 2,5-3,0 s ga oshadi.
O‘g‘itlash. G‘o‘za o‘g‘itga talabchan o‘simlik. 1 t paxta xom-ashyosi va unga mos o‘simlik poyasini hosil qilish uchun g‘o‘za tuproqdan o‘rta hisobda 50-60 kg azot, 15-20 kg fosfor va 50-60 kg kaliy o‘zlashtiradi. G‘o‘za oziq elementlarni eng ko‘p qismini intensiv o‘sish davrida (gullash va yetilish) fazalarida talab qiladi. Butun vegetatsiya davrida beriladigan umumiy azot, fosforni 60-70 % ini, kaliyni 70-80 % ini shu fazada iste’mol qiladi.
O‘rta Osiyoni ko‘pchilik tuproqlarida g‘o‘zadan yuqori hosil yetishtirish o‘g‘itlar 1:0,7-0,8:0,3-0,5 nisbatda berilganda yaxshi natijaga erishiladi. O‘g‘itlarni yuqori samaradorligi ular vegetatsiya davrida bo‘lib-bo‘lib berilganda kuzatilgan. Azotni 12 normasi-ekin ekish oldidan yoki 3-4 ta chin barg chiqarish fazasida, qolgan yarim qismi 2 marta shonalash va gullash oldidan beriladi. Fosforli o‘g‘itlar ham 2 marta beriladi. Asosiy 70-80% kuzgi shudgorda, qolgan 20% ekish oldidan beriladi. Kaliyni shonalashgacha 15-20% ini, gullash va hosil tugish davrida 75-80 % ini iste’mol qiladi.
Azot, fosfor va kaliydan tashqari g‘o‘zani o‘g‘itlashda oltingugurt muhim rol o‘ynaydi. Oltingugurt yetishmasa, o‘simliklar yaxshi o‘smaydi, bargi sariq rangda bo‘ladi. Magniy yetishmasa o‘simlik barglari qo‘ng‘ir-qizil tusga kiradi. Bunday barglar tez to‘kiladi va hosilni kamaytiradi. Tuproqqa superfosfat solish bilan o‘simliklarni magniy bilan ta’minlash mumkin. Natriy tuproqda yetarli miqdorda bor, lekin ortiqcha miqdorda bo‘lishi o‘simliklarni o‘sish va rivojlanishiga salbiy ta’sir etadi. Mikroelementlardan marganes, bor, rux, molibden muhim rol o‘ynaydi. Mikroelementlar tuproqqa kombinirlangan o‘g‘itlar bilan solinadi yoki ekish oldidan chigitlar shu mikroelementlar bilan purkaladi.
Sug‘orish 2-3 ta chin barg chiqargandan keyin boshlanadi. Vegetatsiya davri davomida g‘o‘za tuproq iqlim, ob-havo sharoitiga, dalaning namiga, tuproq tipiga, sizot suvlarining joylashish chuqurligiga bog‘liq holda 3-12 martacha sug‘oriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |