3. Rag‘batlantirish metodlari.
Rag‘batlantirishning asosiy maqsadi ayrim harakatalarni tezlatish yoki to‘xtatishdan iborat. Qadimdan rag‘batlantirishning rag‘bat va jazo shakllari ma’lum.
Rag‘bat tarbiyalanuvchining ruhini ko‘taradi, g‘ayratini oshiradi, o‘z kuchiga ishonch uyg‘otadi, ma’naviy oziq beradi. Rag‘bat shakllari quyidagilardan iborat: ma’qullash, ishonch bildirish, maqtash, og‘zaki va yozma tashakkur, maqtov qog‘ozi bilan mukofotlash va boshqalar.
Ma’lumki, Sohibqiron Amir Temur rag‘batlantirish metodidan o‘ta samarali foydalangan. Masalan, “...hukm chiqardimki, amirlardan qaysi biri g‘anim qo‘lidagi biror mamlakatni fath etib, dushman tasarrufidan ozod qilsa, shu mamlakatni uch yilga unga in’om tariqasida bersinlar.
Va amir qildimki, qay bir askar qilich chopib bahodirlik ko‘rsatsa, unga in’om tariqasida cho‘moq, qimmatbaho toshlar qadalgan o‘qog‘a, kamar, turna bellik qilich va bir ot bersinlar hamda o‘nboshilik martabasiga ko‘ratsinlar. Ikkinchi, uchinchi bor bahodirlik ko‘rsatsa, yuzboshi va mingboshi martabasiga yetishadi”.37
Jazo tarbiyalanuvchilarda mavjud bo‘lgan salbiy sifatlarni bartaraf etishga xizmat qiladigan va ulardan saqlaydigan metodlardan biridir. Jazo shakllari:
Maktablarda norozilik bildirish, ogohlantirish, majlisda muhokama qilish, huquq – tartibot organlari ro‘yxatiga qo‘yish, oliy ta’lim muassasalarida talabalar safidan chiqarishgacha jazo shakllari mavjud. O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim tizimida aniq natijani ta’minlaydigan samarali jazo metodlarining mavjud bo‘lmaganligi oqibatida tartib – intizomning izdan chiqqanligi bugungi kunda ushbu sohada amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlar uchun asosiy omil bo‘ldi.
Jazo metodining samaradorligini ta’minlovchi pedagogik sharoitlar:
Jamoa tomonidan belgilangan jazoning ta’siri kuchli bo‘ladi.
Jamoaviy jazoni qo‘llash (ya’ni bir kishi uchun butun jamoani jazolash) tavsiya etilmaydi.
Jazolash to‘g‘risida qaror qabul qilindimi – aybdor jazolanishi kerak.
O‘quvchi uchun tushunarli bo‘lgan va adolatli ekanligi tan olingan jazoning ta’siri samaralidir.
Jazo choralarini qo‘llashda tarbiyalanuvchilar kamsitilmasligi lozim.
Faoliyatni va xulq-atvorni shakllantirishning subyektiv – progmatik metodi tarbiyalanuvchilarga beodoblik, tartib – intizomga rioya qilmaslik, jamoat tartibini buzish shaxs uchun ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan zararlidir degan qoidaga asoslanadi.
Ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarning rivojlanishi bolalikning ilk davridanoq beshafqat raqobat muhitida kurashga jalb etadi va hayotga jiddiy tayyorgarlik ko‘rishga majbur qiladi. Rivojlangan mamlakatlarda maktab tarbiyasi utilitar (tor amaliy natijaga, moddiy manfaatga qaratilgan) mazmun kasb etishi va o‘quv yurtini tamomlagandan keyin ish topish, yashash uchun tegishli sharoitlarga ega bo‘lishdan iborat bosh maqsadga qaratilgani bejiz emas (mazkur yondashuv (subyektiv – progmatik) bugungi kunda O‘zbekistondagi yoshlar tarbiyasida ham yetakchi o‘ringa chiqmoqda).
Pedagoglar murakkab ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatdan tarbiyaviy maqsadda foydalanadilar. Ular yaxshi maktab tarbiyasini kishining kelajakdagi ijtimoiy-iqtisodiy mavqei bilan bog‘laydilar. Ular axloqsiz, bilimsiz odamlar yaxshi lavozimlarni egallashda kam imkoniyatlarga ega bo‘lishi, ish haqi kam va nufuzi past bo‘lgan ishlarga qabul qilinishi, ishsizlar safini birinchilardan bo‘lib to‘ldirishini aniq misollar bilan asoslaydilar.
Tarbiya to‘g‘risidagi fikrlarimizni quyidagi so‘zlar bilan yakunlamoqchimiz: ta’lim-tarbiya shaxsning shakllanishida asosiy omil hisoblanadi. Lekin, alohida olganda tarbiya jarayoni ta’limga nisbatan bir necha bor murakkabdir Bu jarayonni o‘rganish va samarali amalga oshirish pedagogdan kuchli iroda va chuqur pedagogik-psixologik bilimlarni talab qiladi. Ammo, har bir bo‘lajak o‘qituvchi birinchi navbatda tarbiyaning nazariy asoslarini mukammal bilishi zarur.
.
Mavzu bo‘yicha savollar
1. Tarbiya nazariyasi nimani o’rganadi?
2. Tarbiya jarayonining maqsadi nimadan iborat?
3. Tarbiyaning o’ziga xos xususiyatlari nimalarda ko’rinadi?
4. Tarbiyaning asosiy tamoyillari va turlarini tavsiflang.
5. Tarbiya tamoyillarga qanday talablar qo’yiladi?
6. Tarbiya jarayonining o’zaro bog‘liq qanday tarkibiy qismlari bor?
7. Shaxsga qanday omillar ta’sir ko’rsatadi?
8. Tarbiyaning metodlari deganda nimani tushunasiz?
9. Nimalarni tarbiya vositalari deyishimiz mumkin?
10. Tarbiyaning xususiyatlariga, tarbiyaviy ishlarning yo’nalishiga, tarbiyachi – tarbiyalanuvchi o’rtasidagi munosabatlarga va institutsional belgilariga ko’ra turlanishi izohlab bering.
AMALIY MASHG‘ULOT TOPSHIRIQLARI
Tarbiyaning mazmunini to‘liq anglash, uning tarkibiy qismlarini tahlil qilish, tarbiya turlarining o‘zaro farqlari hamda o‘xshash jihatlarini aniq misollar yordamida yoritib berish.
Do'stlaringiz bilan baham: |