Bog'liq Loyihaviy moliyalashtirish Ma\'ruza matni 2022-23
Uchinchi bosqich. Xizmat ko‘rsatuvchi bank mutaxassislari, loyihalar monitoringi boshqarmasi xodimlari, loyiha ekspertlari, hokimiyat vakillari va boshqa manfaatdor shaxslar bilan birgalikda korxonaning ishlab chiqarish va moliyaviy - iqtisodiy faoliyati ishlab chiqarishni maromiylashtirish maqsadida tekshiriladi. Tegishli hollarda korxonaning rahbarlarini o‘zgartirish masalalari ko‘rib chiqiladi.
To‘rtinchi bosqich. Muddati uzaytirilgan majburiyatlarini qoplash maqsadida o‘tkaziladigan monitoring garovga qo‘yilgan mulkni sotish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Vujudga kelgan muamoli kreditlarning yuqoridagi bosqichlar asosida hal etish tamoyili muammoli kreditlar bo‘yicha quriladigan chora-tadbirlarning ijobiy natijasi, samarasini ta’minlashi bilan o‘z ahamiyatini ko‘rsatib turadi. Lekin har bir investor yoki kreditlovchi bank va tashkilotlar o‘zlarining maqsadlari va faoliyat yo‘nalishidan kelib chiqib mustaqil tarzda o‘ziga xos usul bo‘yicha muammoli kreditlarni hal etish chora-tadbirlari tizimini ishlab chiqadilar. (Tijorat banklarida bu vazifa, banklarning ichki kredit siyosati asosida olib boriladi).
Ssuda portfelini tahlil qilishda ssudalarning ikki yirik guruhga ajratib o‘rganish jahon bank amaliyotida keng qo‘llaniladi:
Kredit muassasalariga berilgan ssudalar;
mijozlarga berilgan ssudalar.
kredit muassasalariga berilgan ssudalar o‘z navbatida ikki qismga bo‘linadi:
tijorat banklariga berilgan kreditlar;
boshqa kredit muassasalariga berilgan kreditlar. Bunda nobank moliya institutlariga berilgan kreditlar tushuniladi.
Nobank moliya institutlari muddatsiz depozitlar qabul qilish xuquqiga ega bo‘lmagan moliya institutlaridir.
Tijorat banklarining boshqa banklarga sotiladigan vaqtinchalik bo‘sh resurslarini milliy valyutada bo‘lsa u mamlakat pul bozorida sotiladi. Bunday bitimlar muddati odatda 360 kundan oshmaydi. Pul bozorida banklararo kredit olish yo‘li bilan tijorat banklari o‘zlarining likvidlik qobiliyatini oshiradilar. Pul bozorining banklar uchun qulay jihatlaridan biri shundaki, unda banklar muddatli depozit hisob raqamlarida pul mablag‘lariga ega bo‘la turib, boshqa banklardan qisqa muddatli kreditlar olishi mumkin.
Banklarning balans hisobotida boshqa banklarga berilgan ssudalar yoki pul bozorining depozitlari deb aks etdiriladi. Banklararo kreditlar mijozlarga beriladigan kreditlarga qaraganda qimmatliroq, ya’ni ularning foiz stavkasi yuqoridir, chunki banklar mijozlar tomonidan jalb qilingan muddatli depozitlarning ortiqcha qismini boshqa banklarga qo‘yadilar.SHu sababli agar bank o‘z balansining passivida boshqa banklardan olingan kreditlar salmog‘ini oshirsa bu bankning samarasiz faoliyat ko‘rsatayotganligidan dalolat beradi. Buning boyisi shundaki birinchidan, ushbu bank mijozlarining pul mablag‘larini muddatli depozit hisobi varaqlariga jalb qila olmaydi. Muddatli depozit hisob varaqalariga mablag‘larni jalb qilishning eng sinalgan usuli depozitlarga to‘lanadigan foiz stavkasini oshirishdir. Demak bankda operatsion va foizli xarajatlarning salmog‘i yuqori bo‘lib, ular depozitlarga to‘lanadigan foizlar hisobiga foizli xarajatlar summasining o‘sishiga yo‘l qo‘ya olmaydi l ar.
Mijozlarga beriladigan kreditlar bank faoliyatining asosini tashkil qiladi. Har qanday tijorat bankining kredit portfeli boshqarilishi kerak, chunki bank portfeli sifati boshqa bank xizmatlari sifati kabi (risk) xatar darajasini va bank likvidliligini baholashda katta ahamiyatga ega.
Banklar xatarni boshqarish faoliyatining qat’iy barqarorligini ta’minlan uchun, kredit portfelini doimiy tahlil qilib boradi.
Kredit portfelini boshqarish bir necha bosqichlardan iborat :
alohida ajratib olingan ssudaning sifatini baholash uchun mezonlarni tanlash;
asosiy guruhlarni, ular bilan bog‘lik xatar darajalarni ko‘rsatgan holda aniqlash;
tanlab olingan mezonlardan kelib chiqqan holda bank tomonidan berilgan har bir ssudani baholash va shu bilan ularni tegishli guruhlar hisobiga olib borish;
tasniflangan ssudalar doirasida kredit portfelining strukturasini aniqlash;
kredit portfelining umumiy sifatini aniqlash;
kredit portfelining strukturasiga ta’sir etuvchi omillarning dinamikasini tahlil qilish;
bank kredit portfelining umumiy risk summasiga adekvat zahira fondi summasini aniqlash;
kredit portfeli sifatini oshirish chora tabdirlarini ishlab chiqish.
Bank kredit portfelini boshqarishda alohida olingan ssudalar sifatini aniqlash uchun mezonlarni tanlash asosiy holatlardan hisoblanadi.
Xorijiy davlatlarda, bozor iqtisodiyotida kredit munosabatlarining rivojlanishi bilan ssudalar sifatini aniqlash mezonlari doirasi ham kengayib bormoqda. Hozirga vaqtda u 10 dan ko‘proq pozitsiyalarni qamrab oladi.
Ularning asosiylariga: kreditlarning maqsadi va turi; uning miqdori; muddati va qaytarish tartibi; mijozning kreditga layoqatliligining darajasi, uning qaysi sohaga tegishliligi va mulk shakli; qarz oluvchining bank bilan o‘zaro munosabatlarining xarakteri, mijoz to‘g‘risida bankning axborotga egaligi darajasi, kreditni qaytarish ta’minotining hajmi va sifati.
Mijozning moliyaviy holatiga, uning kreditga layokatliligi, kreditni qaytara olishligi, tegishli va talab darajasida rasmiylashtirilgan real ta’minlashning mavjudligi va shuningdek kechiktirilgan kunlarga qarab ssudaning xatar darajasini aniqlanadi va u quyidagi 5 ta sinfdan biriga olib boriladi :
YAxshi - asosiy qarz yig‘indisi va unga hisoblangan foizlar o‘z vaqtida yoki muddatidan ilgari qaytarilgan. Kuchli moliyaviy pozitsiya. Qarz oluvchi bozorda mahsuloti bilan raqobatli o‘rin egallagan. Ishlab chiqarish yuqori darajada nazorat o‘rnatigan holda amalga oshirilmoqda. Ishlab chiqarishning to‘g‘ri yo‘naltirilganligi, xatar mavjud emas.
Qoniqarli - mijozning moliyaviy yoki kreditga layoqatliligning zaifligining aniqligi. Qarzdorning kreditni qaytarishga real dastur mavjudligi. Kredit adekvat garov, kredit to‘g‘risidagi ma’lumotlar va kerakli hujjatlar bilan ta’minlangan.
Substandart - asosiy qarz summasi va foizlar ishlab chiqarilgan dasturlarning noto‘g‘ri yunaltirilganligi sababli qaytmaslik xatari mavjud. Ular o‘z mohiyatiga ko‘ra moliyaviy, boshqaruv, iqtisodiy yoki kuchsiz garov ta’minoti bo‘lishi mumkin. Zarar kutilmaydi, ish to‘g‘ri yo‘naltirilishi imkoni mavjud.
Gumonli - mavjud ma’lumotlarga ko‘ra ssudaning to‘liq qaytishi gumonli. Summa va muddatiga nisbatan haqiqiy qaytish darajasi hali aniq emas. Zarar ko‘rish ehtimoli yuqori, lekin kelgusida bu aktivlarning sifatiga ijobiy ta’sir etadigan omillarning mavjudligi uchun ularni zarar keltiruvchi deb tasniflash, holatning aniqlashuvigacha kechiktiriladi.
Ishonchsiz ssudalar - ishonchsiz deb turkumlangan aktivlar qaytishi mumkin bo‘lmagan aktivlar deb qaraladi. Bunday aktivlar ssuda past qiymatga ega va ularni bank aktivlari sifatida hisobda yuritish maqsadga muvofiq emas deb hisoblanadi. Bunday turkumlash bu aktivlarning hech qanday likvidatsion bahosi yo‘q degani emas, lekin banklarga bunday aktivlarni o‘z balansida yuritish tavsiya etilmaydi va bu aktivlar likvidatsiya qilinishi kerak.
Har bir ssudani tegishli sinfga olib borilgandan keyin, xarajatlar hisobidan zahiralar hosil qilinadi. Ssudalar bo‘yicha zararlarni qoplash zahirasi alohida hisob schetlarida muddati va mijoz turiga qarab yuritiladi. Bu schyotlar (schyot 13199, 12799, 12999, 12699, 13999, 14399, 15199, 15599 va boshqalar) o‘z mohiyatiga ko‘ra aktiv bo‘lib, lekin bu schyot teskari belgisi bilan balansning passiv tarafida joylashgan, bundan maqsad kredit portfeli ustidan operativ nazorat olib borish va kredit portfelining real qiymatini aniqlashdir. Bank tomonidan ssudalarni qaytarishga barcha choralarni va qonuniy vositalarni qo‘llagandan keyin ham ssudalar qaytmasa ular undirilmaydigan yoki “ishonchsiz ssudalar” hisoblanadi. Ishonchsiz ssudalarni zahira hisobdan o‘chirish kredit hay’ati qaroriga ko‘ra amalga oshiriladi va bu summalar balansdan tashqari schetlarga o‘tkaziladi va ular bo‘yicha qat’iy monitoring joriy etiladi.
Har qanday bank ssuda portfelini boshqarishda bankning strategiyasi va taktikasiga asoslanadi. Tijorat banklarining taktikasi mavjud iqtisodiy kon’yukturaga sezilarli darajada bog‘liq bo‘ladi. Masalan, bozor munosabatlariga o‘tishning hozirga davrida inflyasiya darajasining nobarqarorligi va banklar daromadi asosan mijozlarning debetli oborotidan, hamda hukumatning qisqa muddatli obligatsiyalaridan olinayotganligi tufayli va hozirgi kunda qisqa muddatli ssudalar bilan bog‘liq operatsiyalar hajmi keskin ko‘paydi.
O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklarining kredit siyosatining ustuvor yo‘nalishidan biri yaxshi garov ob’ekti bilan ta’minlangan ssudalar berish hajmini ko‘paytirishdir. Lekin bank krediti hajmini bunday asosda ko‘paytirish imkoniyati banklarga bog‘lik bo‘lmagan omillar ta’sirida cheklangan. Buning ma’nosi shundan iboratki, respublikamizda ishonchli va yuqori likvidli garov ob’ektlari (hukumat qisqa muddatli obligatsiyalaridan tashqari) mavjud emas. Bundan tashqari Respublikamizda garovga olingan ob’ektni, agar berilgan kreditlar o‘z vaqtida qaytmasa, uni realizatsiya qilish mexanizmi unchalik mukammal ishlab chiqilmagan.
Rivojlangan xorijiy mamlakatlarda yuqori likvidli va ishonchli garovlar sifatida quyidagilar hisoblanadi:
huqumatning qisqa va uzoq muddatli obligatsiyalari;
er;
ko‘chmas mulk.
O‘zbekiston Respublikasida erga xususiy mulkchilik mavjud emas, shu sababli undan ishonchli garov sifatida foydalanib bo‘lmaydi. Xorijiy davlatlarda debitorlik qarzdorliklar ham garov ob’ekti sifatida foydalanishadi. O‘zbekiston Respublikasida debitor va kreditorlikning aylanish darajasi past, ya’ni debitor qarzdorlikning sezilarli qismi to‘lanmasdan qoladi. Mamlakatimizda qimmatli qog‘ozlar bozori shakllanish va rivojlanish arafasida turibdi. Bu bozorda hukumatning qisqa muddatli obligatsiyalari keng ko‘lamda rivojlandi.
Xulosa qilib aytganda, respublikaning etakchi banklarida ssuda portfelining diversifikatsiyalashmaganligini ko‘rish mumkin, ayniqsa bu iqtisoslashtirilgan banklarning tarmoq xususiyatlaridan kelib chiqadi, ya’ni tarmoqda foyda normasi past bo‘lsa unda kreditlarning qaytmasligi yuqori bo‘ladi.