Abu Abdullah Muhammad Xorazmiy (997 v.e.) X asrning eng yirik ensiklopedik olimlaridan biri edi. U Xorazmda tavallud topgan bo‘lib, keyinchalik Yaqin Sharq mamlakatlarida yashadi. U Yaqin va O‘rta Sharqda yaratilgan ensiklopediyalardan biri bo‘lgan «Mafotih al-ulum» («Ilmlarning kalitlari») asarining muallifi sifatida shuhrat topdi. Bu kitob o‘sha davrdagi ilm-fanning holati haqida to‘la tasavvur beradi. Asarda huquq, falsafa, mantiq, she'riyat, astronomiya, riyoziyot, tabobat, musiqa asoslari va boshqa fanlar tasnifini ham bergan. Barcha fanlarni Xorazmiy «shariat» va «arabcha bo‘lmagan»larga bo‘ladi. «Shariat» fanlari ustun darajada din bilan hamda arab tilida gaplashuvchi jamiyatning til muammolari bilan bog‘liq bo‘lsa, «arabcha bo‘lmagan»lar (Xorazmiy bu yerda «Yunon va boshqa xalqlar»ni nazarda tutadi) esa, o‘sha zamonning barcha bilimlar majmuasini o‘z ichiga oladi. Dunyoviy fanlar uning tomonidan dinga tobelikdan tashqarida qarab chiqiladi.
Xorazmiy fikricha, fanlar tasnifi quyidagi ko‘rinishga ega:
«Shariat» fanlari va ular bilan bog‘langan «arabcha» fanlar:
Fiqh, ya'ni musulmon huquqshunosligi.
Kalom.
Sarf va nahv (grammatika).
She'riyat.
Voqyeanoma (xronologiya) haqidagi fan.
«Arabcha bo‘lmagan fanlar» («yunon» va «boshqa xalqlar»):
Nazariy falsafa.
Amaliy falsafa: axloqshunoslik, uy xo‘jaligi (uy-ro‘zg‘orni boshqarish), siyosat (shaharni, davlatni boshqarish).
Metafizika.
Riyoziyot fanlari (arifmetika, geometriya (handasa), astronomiya, musiqa haqida ilm).
Tabiatshunoslik fanlari (tabobat, meteorologiya, mineralogiya, alximiya, mexanika).
Mantiq.
Umuman Xorazmiyning falsafasini mashoiyun (peripatetizm), ya'ni Arastu falsafasiga tamoyili bor, deb ta'riflash mumkin. Xorazmiy falsafani o‘zini «ashyolar haqikati haqidagi fan» sifatida ifodalaydi. Har bir ashyo – modda va shaklning birligidir. «Boshlang‘ich modda – har bir jismning o‘zi bo‘lib, u shaklning namoyandasidir. Shakl – bu ashyoning tuzilishi va uning ko‘rinishi bo‘lib, uning boshlang‘ich moddadan shakllanganligi natijasidir»57. O‘sha vaqtdagi dolzarb muammolardan biri jismning bo‘linishi yoki bo‘linmasligi edi. Xorazmiy jismlarning cheksiz ravishda «qoidaviy bo‘linishi» imkoniyati borligini, ya'ni tasavvur qilish mumkinligini qaytd etdiki, keyinchalik Ibn Sino uni «imkoniyatdagi bo‘linish» deb atadi. Biroq «moddiy bo‘linish o‘zining oxirgi hududiga ega, negaki, bo‘linayotgan jism shunday zarur kichiklikka yetib boradiki, o‘zining tabiatiga ko‘ra u eng kichik bo‘ladi. Hissiy qabul kilish uchun u juda ham ingichkadir».
O‘sha zamon muammolariga ergashib, Xorazmiy ruh tushunchasini ham ko‘rib chiqadi. «Tabiiy», «hayvoniy» va «shaxsiy ruh» ni ajratib ko‘rsatib, u tirik jismlarda kechadigan moddiy jarayonlar bilan ularni mustahkam bog‘laydi. O‘zining «ruhlar»ni tushunishi orqali Xorazmiy Aflotuncha aqidalarni tanqid qiladi, ayniqsa, umumiy mohiyatlar dunyosining mavjudligi to‘g‘risidagi nuqtai-nazari bilan. U quyidagilarni qayd etadi: «Umumiy ruh umumiy odamga (tushunchasiga) o‘xshaydi va u masalan, Zeyd, Umar va barcha alohida olingan insonlarga nisbatan turdir. Umumiy ruh o‘shadirki, unda Zeyd, Umar va har bir hayvonlardan bittasining ruhi qamrab olinadi. U faqat xayoldagina «umumiy odam» hamda «umumiy aql»ga o‘xshaydi». Falsafiy fikrlovchilarning ko‘plari ta'kidlaganlaridek, «umumiy ruh mustaqil borliqqa ega», degan masalaga kelsak, shuni aytish kerakki, bu shunday emas58.
Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad Beruniy (973-1048) buyuk ensiklopedik olim, mutafakkir va insonparvar bo‘lib, 973 yilda qadimgi Xorazmning poytaxti Qiyot atrofida tavallud topdi. 16 yoshligidayoq Beruniy ekvatorga nisbatan ekliptika tekisligining qiyaligini juda katta aniqlik bilan aniqladi. Yosh yigitchalik vaqtidayoq Beruniy Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib, yer kurrasi qiyofasini (globus) yasadi. Bir minginchi (1000) yilda Beruniy o‘zining birinchi yirik asari bo‘lgan «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar»ni yozib tugatdiki, u butun Sharqda unga shuhrat keltirdi.
1010 yilda Beruniy Xorazmshoh Ma'mun ibn Ma'mun saroyida muhim mansabga sazovor bo‘ldi. Ibn Ma'mun o‘z saroyiga eng yirik olimlarni to‘playotgan edi. Bular Abu Ali ibn Sino, Abu Sahl al-Masihi, tarjimon va faylasuf Abul Xayr Hammor, shoir va adabiyotshunos Abu Mansur al-Sa'olabiy, riyozidon va astronom Abu Nasr Mansur ibn Iroq va boshqalar edi.
1017 yilda Xorazm Mahmud G‘aznaviy qo‘shinlari hujumiga uchradi. G‘aznaga Mahmud G‘aznaviy tomonidan olib ketilgan olimlar orasida Beruniy ham bor edi. 1025 yilda u o‘zining muhim asarlaridan biri «Geodeziya»ni yozib tugatdi. G‘aznada Beruniy Hindistonni o‘rganish bo‘yicha tadqiqot ishlarini olib bordi va natijada «Hindiston» asarini yozdi (1030). Bu asar unga jahonshumul shuhrat keltirdi. Hindistonning bosh vaziri Javoharlal Neruning ta'kidlashicha, Hindiston to‘g‘risida shu davrgacha va bundan keyin ham bunga teng keladigan asar yozilmagan va yozilmasa ham kerak. Benazir «Hindiston» asaridan keyin tabiatshunoslikka doir uning shoh asarlari vujudga keldi. U o‘zining astronomiyaga oid «Mas'ud qonuni» asarida riyoziyot, astronomiya, geofizika va boshqa ko‘p fanlarning muhim muammolarini yoritib berdi. 1043-yilda Beruniy ilmiy adabiyotda «Mineralogiya» deb nom olgan o‘zining «Qimmatbaho toshlarni bilish uchun ma'lumotlar to‘plami» asarini yozib tugalladi va «Farmokologiya» («Dorivor o‘simliklar»)ni yoza boshladi. Ammo o‘lim uni tugallashga imkon bermadi. Uning 150 ga yaqin asarlarining nomi ma'lum.
Do'stlaringiz bilan baham: |