2-§. Dialektik tafakkurning asosiy metodologik tamoyillari
Bilishning metodologik tamoyillari – bu har bir falsafiy nazariyaning eng umumiy, tizimiy
elementlaridir. Bir tomondan, bunday tamoyillar tizimining shakllanishi bu falsafiy
tafakkurning yuqori darajada rivojlanganligining ko‘rsatkichidir. Chunki bunday tizim
tarkibida falsafa va fan taraqqiyotida yaratilgan bilimlar yig‘iladi va sintez qilinadi. Ikkinchi
tomondan falsafiy nazariyaning kvintessensiyasini, mohiyatini va eng asosiy mazmunini
tashkil qiluvchi metodologik tamoyillar tizimi falsafa kelgusi rivojining sermaxsul quroli va
vositasi bo‘lib hizmat qiladi. Falsafiy ta'limotning metodologik tamoyillar tizimi uning yalpi
boyligi va evristik
ahamiyatini eng kuchli, sintetik va umumlashgan tarzda ifoda etadi.
Turli falsafiy tizimlar turli falsafiy metodologik tamoyillarga asoslanadi. Biz dialektik
falsafaning metodologik tamoyillarini bayon qilishga harakat qilamiz. Dialektik falsafada
metodologik tamoyillar elementlari o‘zaro bog‘langan va o‘zaro ta'sir qiluvchi birbutun izchil
tizimni tashkil qiladi. Bu tamoyillar mazmuni o‘zgarmas, qotib qolgan emas va falsafa, fan,
amaliyot yutuqlari
asosida yangilanib, boyitilib va konkretlashtirib boriladi.
Asrlar mobaynida insoniyat ongida rivojlanish g‘oyasi shakllanib kelgandir. Dastlab bu
g‘oya bir hodisaning vujudgakelishi va boshqasiga aylanishi haqidagi tasavvur shaklida
uyg‘ongan. Bunday aylanishni esa yopiq doira shaklida, ya'ni bir narsaning qayta ana shu
narsaning o‘ziga aylanishi tarzida tushunishgan. Masalan, qadimgi yunonlar dunyoda hamma
narsa takrorlanadi va aylanib-aylanib ma'lum muddat o‘tgach «o‘zining dastlabki doirasiga»
qaytib keladi, deb hisoblashgan. Dunyo mangu va yaratilmagan, u muayyan siklda
takrorlanuvchan xilqatdir. Geraklit: «Dunyo yagonadir va u na biror odam, na biror xudo
tomonidan yaratilmagan, u bo‘lgan, bor, bo‘ladi va u mangu alangalanib va so‘nib turuvchi
olovdan iboratdir»- deb xitob qilgan edi.
Davriylik g‘oyasiga qarama-qarshi ravishda o‘rta asrlarda vaqtning o‘z yo‘nalishiga
egaligi, orqaga qaytmasligi haqidagi g‘oya paydo bo‘ldi. Xristian falsafasida inson tarixining
tug‘ilishidan o‘limiga tomon yo‘nalganligi haqidagi g‘oya shakllandi. Avreliy Avgustin
odamning tug‘ilishini tarixning boshlanishiga, uning o‘limini esa - qiyomat kuni bilan
taqqoslagan. Islom falsafasida vaqtning manguligi, uning azaliyligi va abadiyligi
majmuasidan iboratligi, xudoning manguligi va azaliyligi, odamning yaratilganligi va
o‘tkinchiligi, ruhning odamga berilganligi va abadiyligi haqidagi g‘oyalar vujudga keldi. Bu
fikrlar rivojlanishini o‘tmishdan kelajakka qarab yo‘nalgan jarayon sifatida tushunishga turtki
bergan muhim g‘oyalardir.
Falsafa tarixida rivojlanish haqidagi fikrlarni xayolimizda qayta tiklasak Koinotning
rivojlanishiga berilgan birinchi turtki haqidagi R. Dekart g‘oyasi, fransuz mutafakkirlari
Volter va Russo tarixiy taraqqiyotni jamiyatdagi revolyusion o‘zgarishlar orqali izohlashga
urinishgan. Xudo amri bilan olamda ro‘y beruvchi to‘xtovsiz rivojlanishlar mohiyati borasida
Sharq falsafasida Mirzo Bedil ta'limotida, rivojlanishning manbai, mexanizmi va yo‘nalishi
haqidagi nemis klassik falsafasi namoyondalari I. Kant va G. Xegel dialektikasida qimmatli
g‘oyalar mavjuddir. Rivojlanishning yaxlit konsepsiyasi, eng avvalo insoniyatning tarixiy
rivojlanishi haqidagi mumtoz fikrlar ob'ektiv idealizm nuqtai nazaridan turib Xegel
falsafasida ilgari surilgan edi.
Materialistik dialektika nuqtai nazaricha, butun moddiy dunyo, barcha moddiy va
ma'naviy ob'ektlar paydo bo‘lish, gullab-yashnash va yo‘qolish bosqichlarini boshidan
o‘tkazadi, ya'ni ular beto‘xtov rivojlanish holatidadir. Rivojlanish jarayonining zamirida
harakat va o‘zgarish yotadi. Harakat – bu ham bir o‘zgarishdir. Agar harakatni umuman
o‘zgarish, ya'ni har qanday o‘zgarish ma'nosida tushunsak, rivojlanish alohida shakldagi
o‘zgarishdir. Rivojlanish jarayonida ob'ektni tashkil etuvchi barcha elementlar o‘zgarishga
uchraydi. Lekin, bu elementlar bir-biriga asoslangan va bir-biriga aloqador holda, kompleks
va yahlit holda o‘zgaradi.
Rivojlanayotgan sistema kompleks va yaxlit o‘zgarishi natijasida bir miqdoriy va sifatiy
holatdan boshqa o‘zgargan miqdoriy va sifatiy holatga o‘tadi. Shu tariqa o‘zgarish
sistemaning yaxlit o‘zgarib ketishiga (boshqa sistemaga aylanishiga) sababchi bo‘ladi, ya'ni
rivojlanish – bu holatlarning aylanib turishidir. Agar biz bu jarayonni vaqtning oqishi nuqtai
nazaridan izohlasak, quyidagi fikrga kelamiz: hozirgi zamon o‘tgan zamonning aylangan
holati, va kelgusi zamonning aylanadigan holati, kelajak esa hali aylanishga ulgurmagan
hozirgi zamondir. Bundan, siklik aylangan holat rivojlanishning natijasidir, degan xulosa
kelib chiqadi. Sistemaning aylanishi o‘zining yo‘nalishiga egadir. Sistema paydo bo‘lishda,
yangilanishda, gullab-yashnashda, ravnaq topishda, qarish-chirishda va halokat holatida
bo‘lishi mumkin. Bularning hammasi aylanish oqibatida sodir bo‘ladi. Aylanishlar sistema
tashkiliy holatini murakkablashtirishi, yoki aksincha soddalashtirishi mumkin. Shunga qarab
sistema ravnaq sari, yoki inqiroz sari yo‘naladi. Bu esa, rivojlanish – yo‘nalishga ega bo‘lgan
o‘zgarishdir, degan xulosani beradi.
Dunyoda absolyut izolyasiyalangan, alohida ajratilgan, absolyut yopiq sistemaning o‘zi
bo‘lishi mumkin emasligidan rivojlanayotgan sistema, u bilan yonma-yon yashayotgan
boshqa qo‘shni sistemalar bilan o‘zaro aloqadorlikka kirishadi, buning oqibatida u ichki va
tashqi o‘zgarishlarga uchraydi. Bu o‘zgarishlar mazkur sistemaning erkinlik darajasining
(ichki va tashqi aloqalarning) kuchayishiga (progressiv rivojlanishda) yoki susayishiga
(regressiv rivojlanishda) olib boradi. Bunday ichki va tashqi aloqadorliklar oqibatida
rivojlanayotgan sistema har tomonlama o‘zgarishga uchraydi. Bunday xilma-xil o‘zgarishlar
esa orqaga qaytmaslik xususiyatiga egadir. Bundan, rivojlanish – orqaga qaytmas jarayonlar,
degan xulosa kelib chiqadi.
Rivojlanish jarayonida sistemaning yangi holati uning ilgarigi (eski) holatini inkor etish
natijasida paydo bo‘ladi. Rivojlanayotgan sistemaning hozirgi holati uning o‘tmishdagi
holatini inkor etish evaziga vujudga keladi. Sistemaning ilgarigi va keyingi holatlarini
taqqoslash natijasida biluvchi sub'ekt rivojlanishning sur'ati (tempi)ni va yo‘nalishini
aniqlashi mumkin. Agar rivojlanuvchi sistema nisbatan kam tashkillashgan holatdan
yuqoriroq darajada tashkillashgan holatga o‘tgan bo‘lsa, bunday sistemadagi rivojlanish
progressiv yo‘nalishga ega bo‘ladi, agar sistema nisbatan yuqori darajada tashkillashgan
holatdan pastroq darajadagi tashkillashgan holatga o‘tsa, rivojlanish regressiv yo‘nalishda
borayotgan bo‘ladi. Agar rivojlanish natijasida sistemaning tashkillashgan holati o‘zgarishsiz
qolsa, bunday rivojlanish bir tekisdagi rivojlanish deyiladi. Bunday holatlarda sistemaning
murakkablik va tashkillashish darajasi ilgarigidek qolgani bilan, uning elementlari o‘rtasidagi
va uning boshqa sistemalar orasidagi o‘rni o‘zgaradi, bunday o‘zgarishlar u bilan yonma-yon
yashayotgan yoki unga nisbatan kengroq bo‘lgan boshqa sistemalarda progressiv yoki
regressiv rivojlanishlar sodir bo‘lishga zamin yaratadi.
Rivojlanish jarayonida sistemadagi o‘zgarishlarning bunday xususiyatlardan kelib chiqib
rivojlanishga quyidagicha ta'rif berish mumkin:
Rivojlanish sistemaning shunday yaxlit,
Do'stlaringiz bilan baham: