1-bob. FALSAFADA BORLIQ MUAMMOSI
1-§. «Borliq» falsafa tarixida
Falsafa fanining borliq haqidagi masalalarni o‘rganuvchi qismi ontologiya deb ataladi.
Ontologiya so‘zi yunoncha ontos (mavjudlik) va logos (ta'limot) so‘zlarining birikmasidan
tashkil topgan bo‘lib, «mavjudlik haqidagi ta'limot», ya'ni borliq haqidagi fan ma'nosini
ifodalaydi.
Bu atama fan tarixida birinchi bor 1513 yil R.Gokleniusning «Falsafa lug‘ati»da, so‘ngra,
X.Volf (1679 -1754)ning falsafaga oid darsligida qo‘llanilgan bo‘lsada, ulardan ilgari qadimgi
yunon faylasuflari ham ontologiyaning mazmunini ifodalovchi turli fikrlarni ilgari surishgan.
Ular ontologiyani «haqiqiy borliqni nohaqiqiy borliqdan ajratib oluvchi borliq haqidagi
ta'limotdir» deb hisoblashgan. Eley maktabi namoyondalari esa ontologiyani mangu,
o‘zgarmas, yagona, sof borliq haqidagi ta'limot deb hisoblashgan. Milet va Ioniya maktabi
vakillari esa dastlabki borliqning sifatiy talqini haqida bosh qotirishgan. Ulardan borliqning
boshlanishida yotuvchi bunday asosni Empedokl «stixiya», Demokrit «atomlar», Anaksimandr
«apeyron», Anaksagor «urug‘» deb atagan. Aflotun esa g‘oyalar ontologiyasini yaratgan.
G‘oyalar ontologiyasi aql bilan erishiladigan mohiyatlar ierarxiyasini tashkil etib, uning
yuqori nuqtasida Farovonlik g‘oyasi, undan keyin beto‘xtov oquvchi xilma-xil hissiy dunyoni
aks ettiruvchi ideal namunalar, sonlar, geometrik shakllar yotadi. Arastu fikricha umumiylik
ayrim holda yakka narsalardan chetda mavjud emas. Biz olamda ayrim narsalarga duch
kelamiz va ulardagi bir-biriga o‘xshash jihatlarni umumlashtirib, abstrakt va ideal obraz hosil
qilamiz. Shu tariqa Arastu empirizm ontologtyasini yaratdi.
Markaziy Osiyo Yaqin va O‘rta sharqida IX-X asrlarda ijod qilgan Al-Kindiy, Zakariyo
Roziy, Forobiy, Ibn Sino singari mutafakkirlar yunon faylasuflaridan farqli ravishda ontologik
ta'limotni butunlay yangicha bosqichga ko‘tarishdi. Masalan, Forobiy ontologiyaga yagona
borliqning mohiyatini ochib beruvchi ta'limot sifatida yondashgan.
O‘rta asrlar g‘arb falsafasida esa ontologiya teologiya bilan chambarchas bog‘lab
tushuntiriladi. Bu davrda absolyut borliq xudo bilan, «sof» mohiyatlar ierarxiyasi bilan,
«yaratilgan» borliq esa moddiy tabiat bilan aynanlashtirib talqin etilgan. Sxolastik falsafada
ontologiya substansial va aksidensial, aktual va potensial, zaruriy va tasodifiy, ehtimoldagi va
imkoniyatdagi borliq darajalarini ifodalovchi ta'limot sifatida qaralgan. Bu davrda borliq
konsepsiyalari nominalizm, realizm va konseptualizm namoyondalarining universaliylarning
ontologik mohiyatiga munosabati tarzida namoyon bo‘ladi.
Sharq falsafasida ontologiya ko‘proq ilohiy borliqning mohiyatini, xudoning mohiyatini
aks ettiruvchi ta'limot tarzida, sharq panteistik falsafasida esa vahdatu mavjud va vahdatu
vujud ko‘rinishidagi ta'limotlar shaklida vujudga kelgan.
Xullas, borliq haqidagi muammo falsafada tarixan markaziy o‘rin egallaydi. Falsafa
o‘rganadigan qaysi bir masalani olmaylik, u borliq muammosi bilan bog‘liq ekanligini
ko‘ramiz. Haqiqatdan ham, borliq, unga munosabat masalasi falsafiy qarashlarda muhim
ahamiyatga egadir, chunki, borliq muammosi falsafadagi har qanday dunyoqarash
gnoseologik va metodologik muammolarning asosi hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |