chiqdi. Dialektika tabiat, insoniy jamiyat va tafakkurning harakat va rivojlanishining umumiy
qonunlari haqidagi fan sifatida markscha falsafaning eng muhim tarkibiy qismidir. Markscha
ta'limotda u ashyolar va hodisalarni o‘zaro bog‘liklik va rivojlanishda qarab chiqishni talab
qiluvchi usul, mantiq va bilish nazariyasi sifatida maydonga chiqadiki, uning ichki manbasi
qarama-qarshilikdir. Dialektikaning asosiy qonunlari sifatida miqdor o‘zgarishlaridan sifat
o‘zgarishlarga o‘tish va uning aksi qonuni, qarama - qarshiliklarning o‘zaro bir-biriga kirish
qonuni va «inkorni inkor» qonuni shakllanadilar.
Markscha moddiyunchilikning eng muhim xususiyati moddiyuncha qoidalarni bashariyat
tarixiga tadbiqan yoyish, ya'ni
tarixiy moddiyunchilik ta'limotini vujudga keltirish bo‘ldi.
Tarixiy moddiyunchilikning tayanch shiori: ijtimoiy ongni ijtimoiy borliq belgilaydi.
Markscha ta'limot nuqtai nazaridan tarix bir-birini almashtirib turadigan ijtimoiy-iqtisodiy
formatsiyalar yoki o‘zining asosida muayyan ishlab chiqarish tarziga ega bo‘lgan tarixiy
jihatdan bo‘lishi shart bo‘lgan jamiyat turidir. Tarixni g‘ildiratuvchi kuch hukmron va
eziluvchi sinflar o‘rtasidagi sinfiy kurash (ozod kishilar va qullar, patritsiylar va plebeylar,
zamindorlar va chorikorlar, burjualar va proletar) bo‘lib, u oxir oqibatda proletar inqilobiga
olib kelishi lozim bo‘lib, xususiy mulkni bekor qilib, sinfsiz kommunistik jamiyatni barpo
qilib, ozod uyushma mehnatiga asoslangan va shiorga: «Har kimdan o‘z qobiliyatiga yarasha,
har kimga ehtiyojiga yarasha», deb yozilgan jamiyatni vujudga keltirishni ko‘zda tutar edi.
Marksning dunyoqarashi XX asrning butun mafkurasi va ijtimoiy amaliyotiga mohiyatan
kuchli ta'sir o‘tkazdi. Bu ta'limot bayrog‘i ostida juda ham xilma-xil, ba'zida esa qarama-
qarshi harakatlar: sotsial-demokratlar, kommunistlar, milliy-ozodlik, o‘ta murosasiz kuchlar
faoliyat ko‘rsatib, ijtimoiy inqiloblar va siyosiy to‘ntarishlarni amalga oshirdilar. Garchi
markscha ta'limotning asoschilarining o‘zi o‘z qarashlarini qotib qolgan qat'iy e'tiqodga
aylantirishga qarshi chiqqan bo‘lsalar ham, muayyan tarzda talqin qilinagn va
muqaddaslashtirilgan marksizm «sotsialistik lager» mamlakatlarining rasmiy mafkuraviy
ta'limotiga aylantirildi. Markscha ta'limotni «asliga muvofiq» aqidaga aylantirilishi va uni
siyqalashtirilganligi (stalincha ta'limotda va unga qardosh bo‘lgan maoizm, chuchxe va
boshqa oqimlarda) XX asrda G‘arbiy yevropa va AQSh da tanqidiy va g‘arb marksizmini
(neomarksizm) paydo bo‘lishiga olib keldi. G‘arb neomarksizmning bosh vazifalaridan biri
Marks g‘oyalarini totalitar ruhdagi talqinlardan tozalash edi.
XX asr oxiriga kelib «real sotsializm» ning barbod bo‘lishi va «sotsialistik sistema»ning
tarqab ketishi jahon taraqqiyotini o‘zida mujassamlashtirgan deb e'lon qilingan proletariatning
manfaati uchun ayrim olingan mamlakatlarda va umuman jahonda ijtimoiy tuzumni zo‘rlik
bilan almashtirishning muqarrarligi va zarurligi haqidagi nazariy qurilmalarning asossiz va
amaliy jihatdan zararli ekanligini ko‘rsatdi.
Do'stlaringiz bilan baham: