NIMA SABABDAN AKKUMULYATOR PLASTINALARI SULFATLANIB QOLADI .Yuqorida ko’rsatilgandek, akkumulator razryad vaqtida sodir bo’ladigan kimyoviy jarayonlar natijasida plastinalardagi aktiv massa (PbO2 va Pb) PbSO4 tuziga aylanadi va u tez eruvchan, mikroskopik kristallar ko’rinishida bo’ladi. Zaryadlash vaqtida esa PbSO4 kristallari eriydi va elektrolit ionlari bilan reaksiya kirishib yana PbO2 va Pb ga aylanadi. Lekin akkumulator ma’lum muddatga razryadlangan holda qoldirilsa, plastinalardagi PbSO4 lektrolitda eriy boshlaydi. Bu jarayon elektrolit PbSO4 tuziga to’yinguncha davom etadi. Shundan keyin elektrolitning to’yingan eritmasidan plastina yuzlariga PbSO4 tuzining yirik va juda ham erishi qiyin bo’lgan kristallari o’tira boshlaydi. Bu, PbSO4 tuzining qayta kristallanish hodisasi, plastinalarning sulfatlanib qolishi deb yuritiladi va u akkumulyatorlarni juda tez ishdan chiqaradigan jiddiy nosozliklardan biri hisoblanadi.Plastinalar sulfatlanib qolishi natijasida PbSO4 tuzining yirik erimaydigan kristallari plastinalarning yuzidagi mayda g‘ovak teshikchalarni qoplab oladi va elektrolitni aktiv massaning ichki qatlamlariga o’tishiga yo’l qo’ymaydi. Natijada aktiv massaning bir qismi kimyoviy reaksiyada ishtirok qilmaydi va akkumulatorning sig‘imi kamayadi. Plastinalari sulfatlanib qolgan akkumulatorni zaryadlaganda, uning kuchlanishi va elektrolit temperaturasi notabiiy ravishda tez ortadi, elektrolit "qaynay" boshlaydi. Lekin, elektrolitning zichligi nisbatan kam oshadi. Plastinalari sulfatlanib qolgan akkumulatorlarning sig‘imi kamayganligi sababli juda tez razryadlanadi. Bu ayniqsa, akkumulatorkatta tok bilan razryad qilinganda, ya’ni startor rejimida yaqqol ko’zga tashlanadi. Sulfatlangan plastinalar oqish tusga kiradi va o’ziga xos oq dog‘lar bilan qoplanadi. Sulfatlanishning yana bir sababi akkumulatordagi elektrolit sathi belgilangan me’yordan pasayib ketishi va plastinalar yuqori qismining ochilib qolishidir. Ochilib qolgan manfiy plastinalardagi g‘ovak qo’rg‘oshin havo bilan reaksiyaga kirishib, unda qo’rg‘oshin gidrooksidi
Pb(OH)2 hosil bo’ladi:
Pb + H2SO4 + 2H2O = Pb(OH)2 + H2SO4 + 2H .
Manfiy plastinalarda hosil bo’lgan Pb(OH)2 , akkumulatordagi elektrolitning chayqalib sachrashi va aktiv massadagi kapillyarlar orqali keladigan H2SO4 bilan kimyoviy reaksiyaga kirishib, plastinalarning ochilib qolgan qismida PbSO4 tuzining yirik, erishi qiyin bo’lgan kristallarini hosil qiladi, ya’ni plastinalarning ochilib qolgan qismi sulfatlanib qoladi:
Pb(OH)2 + H2SO4 = PbSO4 + 2H2O
Do'stlaringiz bilan baham: |