Atomizatorning temperaturasi. Atomlashtirgichning temperaturasini oshirish namunani atomlashtirish va atomlarni qo’zg’atish uchun ijobiy ta’sir qiladi, lekin, shu bilan birga ularning ionlanish darajasini ko’paytiradi. Shuning uchun, AES da har bir element uchun o’zining optimal atomlashtirish temperaturasi mavjud (2.8-rasm). Aniqlanayotgan element qancha oson atomlashsa, qo’zg’algan holatga o’tsa va ionga aylansa, atomizatorning temperaturasi shuncha past bo’lishi kerak. Masalan, kalsiyni aniqlash uchun atomlashtirishning optimal temperaturasi, borni aniqlash uchun zarur temperaturadan juda kam (2.8-rasmning 1 va 3 egrilariga qarang). Qo’zg’atilgan ionlarning chiqarish chiziqlari ishlatilganda, neytral atomlar bilan bo’lgan holdagiga qaraganda, ancha yuqori temperatura talab qilinadi (2.8-rasmning 1 va 2 egrilari).
Qator hollarda ushbu turdagi atomizator uchun texnik nuqtai nazardan bunga o’xshash temperaturalarga erishib bo’lmas va bunday hollarda ionlarning spektr chizig’i bo’yicha elementni aniqlab bo’lmaydi. Masalan, alanga fotometriya usuli bilan faqat neytral atomlarning chiziqlarini ishlatib elementlarni aniqlash mumkin.
Matrisa modifikatorlari. Bular namunaga maxsus qo’shiladigan moddalar bo’lib, ularning vazifasi gaz fazada fizik-kimyoviy muvozanatni siljitish, namunaning tarkibini yoki fizikaviy xossalarini yoxud atomizator muhitini o’zgartirish, atomizatordagi erkin atomlarning
konsentrasiyasini oshirish maqsadida uning parametrlarini turg’unlashtirish va bunga mos ravishda analitik signalni ko’paytirish. Matrisa modifikatorlarining ta’sir qilish mexanizmiga qarab (bu mexanizmlar turli-tuman) ularni buferlar, tarqatuvchilar, suzgichlar, ozod qiluvchi qo’shimchalar va hokazo deyishadi (umum tomonidan qabul qilingan sinflanish va atamalar hozircha yo’q). Matrisa modifikatorlarining turli xil funksiyalarini namoyish etuvchi ba’zi misollar keltiramiz.
Kremniy, Al, Ba, Ti va boshqa qiyin dissosiasiyalanuvchi oksidlarni atomlash darajasini ko’paytirish uchun, namunaga ko’pincha gaz fazada juda mustahkam oksidlarni hosil qilish natijasida M elementni atomlashni osonlashtiruvchi lantanning birikmasi qo’shiladi. MO + La = LaO + M
Ammoniyning uchuvchi tuzlarini, masalan NH4Cl ni, qo’shish ko’pincha mutlaqo boshqa sababga ko’ra atomlashtirishni yaxshilaydi. Ammoniyning tuzlari qizdirilganda gazsimon maxsulotlarga aylanib namunaning moddasini ancha mayda bo’laklarga bo’linishiga ko’maklashadi, bu esa o’z navbatida uning bug’lanishini osonlashtiradi. Oson ionlanuvchi elementlarning ionlanish darajasini kamaytirish uchun, namunaga aniqlanayotgan elementdan ham oson ionlanuvchi elementning (masalan, kaliy) birikmalari qo’shiladi. Uning ionlanishi natijasida gaz fazada elektronlarning konsentrasiyasi ortadi va shu tufayli aniqlanayotgan M elementning ionlanishi bostiriladi.
K = K+ + e; M+ +e = M
Atomizator muhitining fizikaviy kattaliklarini (temperaturasi,
yopishqoqligi va boshqalar) turg’unlashtiruvchi moddalarni
spektroskopik buferlar deyishadi. Masalan, hozirgina tilga olingan ishqoriy metallarning tuzlari ham, yoy yoki uchqun razryadlarining temperaturasini birday saqlab spektroskopik bufer rolini o’ynaydi. Atomizatorga berilayotgan qo’shimcha energiya bu holda, uning temperaturasini oshirish uchun emas, balki bufer moddaning bug’lanishi, dissosiasiyasi va ionlanishi uchun sarflanadi.
Keltirilgan misollar atom emission analizda matrisa modifikatorlarining mumkin bo’lgan hamma ta’sir mexanizmlarini to’liq qamrab olgani yo’q. Ko’pincha bitta modda bir vaqtning o’zida bir nechta
mexanizm bo’yicha ta’sir qiladi. Bu mexanizmlarning ko’pchiligi oxirigacha aniqlangani ham yo’q.
Do'stlaringiz bilan baham: |