Ezilgan boshim, qisilgan vijdonim, kuygan qonim, o‘rtangan jonim uchun bu sag‘anangdan davo izlab keldim, xoqonim!
Yuz yillardan beri jafo ko‘rub, g‘am chekib kelgan turkning qonli ko‘z yoshlarin etaklaringga to‘karga keldim.
Qorong‘uliklar ichra yog‘dusiz qolgan o‘zbek ko‘zlari uchun tuprog‘ingdan surma olg‘ali keldim.
Nomusini bad kishilar oyoqlari ostida ko‘rub, turklik qoni qaynag‘ay, musulmonlik hamiyati toshg‘ay, tamug‘ olovlari kabi sachrag‘ay.
Lekin o‘z kuchsizlig‘in anglab, qaytib o‘tirgan va qon yig‘lagan turkning holini aytarga keldim, xoqonim!”
Fitrat ana shu tarzda ulug‘ Sohibqiron maqbarasi huzurida ko‘ngil dardini, millatning iztirobu hasratini izhor etadi. Bundan murod, albatta, ona-zaminni istibdod iskanjasidan qutqarmoq, uni ozod ko‘rmoq orzusi edi. Zero, professor B.Qosimov ta'biri bilan aytganda, “Tarix shunchaki xabardor bo‘lib qo‘yish uchun o‘rganib qo‘yilmaydi. U oyna, ibrat, tarbiya vositasi bo‘lmog‘i kerak edi. “Oqqan daryo oqadi” deydilar. Qonda bor narsani tiklash oson. Lekin ularni oldin bilmoq kerak, keyin qanday tiklash masalasini o‘ylamoq lozim”10
Abdurauf Fitrat yurt qayg‘usi haqida yozar, Sohibqiron Amir Temur ruhiga yukinar ekan, millat bu ulug‘ siymoning shonli qismatidan ibratlanmog‘ini istadi. Sohibqiron huzuridagi iqrornomasi orqali millatga oyna tutmoqni, bu oynada unga malohatu qabohatini, yutuqlariyu nuqsonlarini ko‘rsatmoqni orzu qildi. Yana o‘qiymiz:
“Ulug‘ xoqonim! Turklik sharafi talandi.
Turk uchun qo‘ydig‘ing davlat bitdi, turk ostig‘a qurdig‘ing xoqonlik yog‘iygami ketdi.
Turkning nomusi, e'tibori, iymoni, vijdoni zolimlarning ayog‘lari ostinda
qoldi.
Turkning yurti, ulog‘i, o‘chog‘i, Turoni yot qo‘llarg‘a tushdi...
10 Қосимов Б. Миллий уйғониш: жасорат, маърифат, фидойилик. - Т.: Маънавият, 2002, 74-бет.
Sening qiliching bilan dunyo egasi bo‘lgan turk tinchgina bir yotoq topolmay qoldi.
Sening kuching bilan dunyo xo‘jasi bo‘lgan turk qarluq temurlariga kirdi.”
Bunday fikrlarni aytish Fitrat yashagan zamonda chinakam jasorat edi, boshni kundaga qo‘yish bilan barobar edi. Biroq bu hol buyuk millatparvar qalbiga qo‘rqinch sola olgan emas. U qalbida kechgan yurt taqdiri, millat istiqboli uchun kuyinish bilan bog‘liq jilovsiz g‘alayonlarni, tizginsiz shijoatni aslida qanday bo‘lsa shundayligicha izhor etadi. Bu tuyg‘ular ifodasidagi pafos o‘quvchi qalbida ham aks sado beradi. Uni mutolaa qiluvchi o‘zida beixtiyor Vatan va millat taqdiriga kuyinish, uning istiqboli uchun mas'uliyat hissi paydo bo‘lganini sezadi. Aslida, har qanday ijodkorning asar yozishdan muddaosi shu. Aks holda badiiy adabiyot o‘z vazifasini bajarmagan hisoblanadi.
Millatning tarixi nechog‘lik shonli bo‘lganini idrok etgan farzandninggina qalbida shijoat tug‘iladi. Vatanning kechmishi naqadar ulug‘vor bo‘lganini his etgan avlodgina uni yana o‘sha ulug‘vor maqomda ko‘rmoq uchun bor quvvatini, butun imkoniyatini safarbar etadi. Buyuk Sohibqiron Amir Temur ziyorati Fitratda ana shunday tuyg‘ular paydo qiladi:
“Ey arslonlar arsloni!
Menim yozuqlarimdan o‘t, Meni qo‘limni tut,
Belimni bog‘la, muqaddas fotihangni ber!
Sening dunyoga sig‘magan g‘ayratingga ont ichamanki, Turonning eski sharaf va ulug‘ligini qaytarmasdan burun ayog‘laringga o‘tirmasman”.
Shunday bir sharoitda yovqur bobolarimiz muxtoriyat e'lon qildilar. Muxtoriyat hali mustaqillik emas edi. Bu ulug‘ yo‘ldagi bir qo‘nib o‘tadigan manzil edi, xolos. Turkiston barcha xalqaro aloqalar ixtiyorini Rusiyaga topshirar, ichki idoralarnigina o‘zi olib borar edi. Mana shu nisbiy erk ham buyuk g‘alaba edi. Adibning mansuralaridan biri ushbu voqeaga bag‘ishlangan.
“Ellik yildan beri ezildik, tahqir etildik,
qo‘limiz bog‘landi, tilimiz kesildi, og‘zimiz qopandi.
Molimiz talandi, sharafimiz yemuruldi,
nomusimiz g‘asb qilindi, insonligimiz oyoqlar ostiga olindi. To‘zimli turdik, sabr etdik,
kuchga tayangan har buyruqg‘a bo‘yunsunduk, butun borlig‘imizni qo‘ldan berdik.
Yolg‘iz bir fikrni bermaduk, yoshunturduk, iymonlarimizga o‘rab saqladuk,
bu – Turkiston muxtoriyati!”
Mazkur turkumning yakuniy she'rida shoir ona yurtiga xitoban:
Onam! Seni qutqarmoq uchun jonmi kerakdur? Nomusmi, vijdon bila iymonmi kerakdur?
Temur bila Chingiz qoni toshdi tomurumda Aytgil, Seni qutqarmoq uchun qonmi kerakdur?
deb murojaat qiladi.
Fitrat iste'dodli shoir. U o‘z ijodini she'r bilan boshlagan edi. Ne'matilla Muhtaram yuqorida nomi zikr etilgan tazkirasida uning «Mijmar» (xushbo‘y ud yoqiladigan cho‘g‘don) taxallusi bilan she'rlar yozganini xabar qiladi.
«Suxandonlarning harifi» (pahlavoni) deb ta'rif etadi. Ota kasbiga ishora qilib,
«Sarrof» (zarshunos) ataydi. Ruhiy holatni g‘oyat nozik ifoda etgan tojikcha bir g‘azalini namuna qilib keltiradi.
“1911-yilda Istanbulda chop etilgan «Sayha» («Bong») she'riy to‘plami Vatan haqida edi. Shoir uning dardi nihoyasizligidan, jarohatlari halokatli ekanligidan dod soldi. Unga mehru muhabbatini hayqirib aytdi. U bilan iftixor etdi. Uni har narsadan muqaddas tutdi. Uni «sajdagoh», «qiblagoh» bildi, «izzu sharafi» atadi. U uchun baxt va najot qidirdi. Mana, she'rning eng ta'sirli satrlari”11:
Binmo, sahari azmi tavofi Vatani man,
Oh-oh, chi Vatan, sajdagohi jonu tani man. Ham mohi manu osoyishi, izzu sharafi man,
11 Қосимов Б. Миллий уйғониш: жасорат, маърифат, фидойилик.Т.: Маънавият, 2002, 75- бет.
Ham Ka'bai man, qiblai man, ham chamani man.
(Mazmuni: Vatanimni ziyorat qilmoqqa erta tongda kel. Hay-hay qanday Vatan bu! U – mening sajdagohim, jonu tanimdir. U mening osmondagi oyim, osoyishim, izzatim, sharafim. Ka'bam, qiblam va chamanimdir).
“Sayha”ga kirgan she'rlardan biri shunday boshlanar edi.
Bu o‘tli she'rlar 1914-yilda «Sadoyi Turkiston» gazetasida bosildi. Fayzulla Xo‘jaev o‘zining Buxoro inqilobi tarixiga bag‘ishlangan kitobida bu haqda shunday yozgani edi: “Vatanparvarlik she'rlari to‘plami bo‘lgan” «Sayha»ni o‘qigan kishilarni Buxoro hukumatigina emas, rus hukumati ham ta'qib qila boshladi. Chunki bu she'rlarda Buxoro mustaqilligi g‘oyasi birinchi marta juda yorqin, ta'sirchan bir shaklda ifodalab berildi...12
20-yillarda yozgan «Mirrix yulduziga», «Barkamol avlod», «Behbudiyning sag‘anasini izladim» kabi she'rlarida «inqilob» nomi bilan tarixga kirgan fojianing qonli izlaridan so‘z ochdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |