To‘rtinchi rejada, odamzod umumiy rivojlanish bilan birga qanchadan-qancha to‘siqlarni, tanazzul va tushkunliklarni boshidan kechirgan va ularni bartaraf etib, o‘z moddiy va madaniy darajasini qayta tiklagan va yangi taraqqiyot sari astoydil intilgan. Fanda bunday yirik, salmoqli yuksalishni tiklanish, «uyg‘onish», «renessans» ham deb ataydilar. Xususan, G‘arbiy Yevropada bunday renessans XV-XVIII asrlarda deyarli 700 yillik xurofat zulmatdan so‘ng yuz bergan. Markaziy Osiyoda ilk uyg‘onish davri IX-XII asrlarga to‘g‘ri keldi va o‘zgacha shart-sharoitlarda kechdi. Uning ko‘lami, oqibatlari, jahon tsivilizatsiyasiga ta‘siri ham o‘zgacha bo‘lgan.
O‘lkamiz hududida miloddan avvalgi davrlarda erishilgan moddiy va ma‘naviy madaniyat yangi asrlarda Kushon podsholigi, eftalitlar davlati va Turk xoqonligi davrlarida o‘sib bordi. Me‘morlikda yangi qurilish g‘oyalari vujudga keldi va ular murakkab muxandislik yechimi asosida amalga oshdi (Masalan Usturishona, Varaxsha va boshqalar). Hunarmandchilik rivojlandi, ularning yangi turlari vujudga keldi. Savdo-sotiq, qo‘shni yurt-elatlar bilan munosabatlar rivoj topdi, sug‘orma dexqonchilik maydonlari kengaydi, yangi suv inshootlari barpo etildi. Aholi o‘rtasida savodxonlikka intilish ko‘chaydi. Mavjud din va aqidalar o‘zaro murosada yashadi. Madaniy hayot, sa‘natning turli janrlari boyidi. Tabiiy fanlarga, atrof muhitni anglashga, kengroq bilishga intilish ko‘chaydi. Lekin, VIII asr boshlarida Markaziy Osiyo aholisi arablar bosqini natijasida og‘ir qiyinchiliklarga duchor bo‘ldi va istiloga qarshi ko‘p yillik kurash olib bordi. Abu Rayhon Beruniy asosli ravishda arablar istilosi oqibatida So‘g‘d va Xorazmning boy madaniyati barbod bo‘ldi, deb afsuslangan edi. Shu bilan birga arab xalifaligida ham katta o‘zgarishlar yuz berdi. Ummaviylar sulolasidan hokimiyat Abbosiylarga o‘tganligi muhim voqea bo‘ldi. Yangi sulola benihoya katta saltanatni idora qilishda, uning taraqqiyotini ta‘minlashda ilmu-fanning ahamiyatini chukurroq angladi. Xorun-ar-Rashid (786-809), so‘ngra uning o‘g‘li Ma‘mun o‘z tasarrufidagi o‘lkadan olimlarni xalifalik poytaxti Bog‘dodga taklif etdilar, ularni samarali ishlari uchun sharoit yaratdilar.
O‘lkamizda islom dinining tarqalishi, uning mahalliy odat-udumlari bilan tez orada uyg‘unlashuvi katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Madaniy sohada, xususan islomning ahloqiy tariqatlari, shuningdek IX-X asrlardagi dunyoviy ilimlarni rivoji arab dunyosidagi ijtimoiy-ma‘naviy vaziyatni ancha o‘zgartirdi. SHuning bilan birga arab (islom) tsivilizatsiyasining shakllanishda Hindiston, Eron, Yunoniston, Markaziy Osiyo va Kavkaz xalqlari madaniyatining ta‘siri katta bo‘lgan. Mintaqamizda qadimdan tsivilizatsiya asoslari, moddiy va ma‘naviy madaniyatning chuqur ildizlari mavjud edi. VIII asr oxirlari IX asr boshlarida Markaziy Osiyoda ijtimoiy va siyosiy vaziyat barqarorlashdi. Bunday sharoit mintaqada ilm-fan, umuman madaniyatning keng ko‘lamda rivojlanishi uchun asos yaratdi. Xususan, Buxaro, Samarqand, Xiva, Termiz, Farg‘ona, Xo‘jand, Qo‘qon kabi shaharlar madaniyat o‘choqlariga aylandi. Xorazmda esa Ma‘mun akademiyasi tashkil topdi.
O‘lkadagi mazkur madaniy yuksalish feodal munosabatlarning ayniqsa, feodal boshqaruvining markazlariga aylangan shaharlarning u yerdagi hunarmandchilik, savdo-sotiq aloqalarining tezlik bilan rivojlanishi asosida vujudga keldi. Bu rivojlanish esa O‘rta Osiyoning arab xalifaligiga qo‘shilishi, keng savdo-sotiq aloqalariga kirishuvi islomning tarqalishi natijasida yanada avj oldi.
Avvaldan mavjud bo‘lgan va O‘rta Osiyoning G‘arbidan-Sharqigacha kesib o‘tgan hamda qator shaharlarni ham o‘z ichiga olgan mashhur Ipak yuli mavqeining yanada ko‘chayishi ham madaniy rivojlanishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |