Uchinchi rejada talabalarni quyidagi tarixiy asoslarga jalb etish lozim. 1221 yil boshida Xorazmshohning o‘g‘illari Uzloqshoh, Oqshoh va Jaloliddin Xorazmga qaytib kelib shohning vafoti va Jaloliddinni taxt vorisi etib tayinlangani haqidagi xabarni yetkazadilar. Lekin saroydagi ko‘pgina lashkarboshilar bunga norozilik bildiradilar va ular Uzloqshoh bilan birgalikda Jaloliddinga qarshi turli ig‘vo va bo‘htonlar qila boshlaydilar. Nihoyat Jaloliddinga qarshi uyushtirilgan fitna ham fosh etiladi. Bunday sharoitda taxtni boshqara olmasligiga ko‘zi yetgan Jaloliddin ukasi Uzloqshoh foydasiga taxtdan voz kechadi va Temur Malikning kichik bir guruhiga qo‘shilib, yashirincha Xurosonga o‘tib ketadi.
1220 yil kuzida mo‘g‘ullar qattiq hujumlar bilan Termiz shahrini egallab, uni talon-taroj qildilar. Endi Chingizxon Xorazmshohlarning markazi, tayanchi bo‘lgan Urganch shahrini egallashga bel bog‘ladi. Shahar aholisi mudofaaga yaxshi tayyorgarlik ko‘rib, mo‘g‘ullarga qarshilik ko‘tsatdilar. Urganchga mo‘g‘ullar bostirib kelayotganini eshitgan Xorazmshoh Oloviddinning o‘g‘illari Uzloqshoh va Oqshohlar shaharni tashlab qochgan edilar. Lekin uzoqqa bora olmadilar va Niso (hozirgi Ashxabod) yaqinida mo‘g‘ullar bilan bo‘lgan jangda halok bo‘ldilar. Shaharni himoya qilish esa o‘lgo‘day qo‘rqoq, amalparast, o‘zini sulton deb e‘lon qilgan Xumortegin degan kimsaga tekkan edi. 50 ming kishilik mo‘g‘ul qo‘shinlari shaharni qamal qiladi. Shahar mudofaasini o‘z zimmasiga olgan Xumortegin kutilmaganda shahar darvozasini mo‘g‘ullarga ochib berib, askarlari bilan dushmanga taslim bo‘ladi. Urganch shahri dushman tomonidan egallandi. Islom dunyosida o‘z tariqatiga ega bo‘lgan ulug‘ alloma, shayx Najmiddin Kubro ham Chingizxon tomonidan qilingan iltifotni rad etib, hamyurtlari bilan jangda shahid bo‘ldi.
Fitna uyasiga aylangan poytaxtdagi saroydan ketgan Jaloliddin Niso ostonasida 300 otliq qo‘shini bilan uning yo‘lini to‘sib turgan 700 otliq mo‘g‘ul qo‘shinini yengadi. G‘aznaga kelib, yangi kuch to‘play boshlaydi. Mo‘g‘ullar ustidan bir necha bor zafar quchdi. Jaloliddin Qandahor shahrini qamal qilayotgan mo‘g‘ullarni shiddatli janglardan so‘ng tor-mor qiladi, G‘aznada Jaloliddin qo‘shiniga har tomondan harbiy kuchlar kelib qo‘shila boshladi.
Xalaj qabilasi harbiy boshlig‘i Sayfiddin Ig‘roq, Balx hokimi A‘zam Malik, Afg‘on lashkarining sardori Muzaffar Malik va qarluqlar yo‘lboshchisi Al-Xasan qo‘shinlari Jaloliddinga kelib qo‘shildilar. Jaloliddin Valiyon qal‘asini qamal qilayotgan mo‘g‘ul qo‘shinlarini ham yakson qildi. Bu g‘alaba xabarlari Chingizxonga yetib borib turadi va bundan ancha bezovtalangan Chingizxon o‘zining eng sinalgan sarkardasi Shiki Xutuqu No‘yon boshchiligidagi 45 ming kishilik qo‘shinini Jaloliddinga qarshi yuboradi.
Ikki yirik qo‘shin Afg‘onistonning Parvon shahri yaqinidagi past tekistlikda uchrashadi. Ushbu jangda Sulton Jaloliddin o‘zining harbiy daholigini yana bir bor namoyon etdi. Jang shavqatsiz, beomon bo‘ldi. Jangda Jaloliddin o‘ziga xos noyob usullar qo‘lladi. Mazkur jangda Jaloliddin qo‘shinlari kuchli va makkor mo‘g‘ul qo‘shinlarini tor-mor qiladi. Parvon yonidagi jangda mo‘g‘ullarning yengilishi ularning Xorazmshohlar davlatiga hujumlari davomidagi birinchi katta mag‘lubiyati edi. SHunday qilib, Chingizxon ro‘parasidagi raqibi uning o‘ziga munosib ekanligini his etadi va u endi qat‘iy, hal qiluvchi jangga hozirlik ko‘rishning vaqti kelganligini sezadi hamda jangga katta tayyorgarlik ko‘ra boshlaydi.
Jaloliddinning Parvon yonidagi ulkan g‘alabasining eng e‘tiborli tomonlaridan biri shu ediki, bir qancha shaharlar aholisi bu g‘alabadan xabar topib, undan ruhlanib, mo‘g‘ullarga qarshi isyon ko‘tardilar, ularning noiblarini o‘ldirdilar. Ayni vaqtda Parvon g‘alabasini natijasida, Jaloliddinga katta tashvishlar keltirishini u hayoliga ham keltirmagandi. Bu jangda qo‘lga tushgan o‘ljalarni bo‘lib olish chog‘ida Jaloliddin lashkarboshilar o‘rtasida o‘ljaga olingan zotdor bir arabiy otni talashib qattiq nizo chiqadi. Jaloliddin ularni murosaga keltira olmadi. Nizo tufayli lashkarboshilar Sayfiddin Ag‘roq, A‘zam Malik va Muzaffar Maliklar har biri 25 mingdan ortiq lashkarlari bilan arazlab ketib qoldilar (Afsuski, keyinchalik mo‘g‘ullar ularning barchasini alohida-alohida yengib, qirib tashladilar). Bu mudhish holatdan Jaloliddinning harbiy kuchi keskin zaiflashdi. Oz qo‘shin bilan kuchli dushman oldida nochor qolgan Jaloliddin Hindistonga o‘tib ketish uchun tayyorgarlik ko‘ra boshladi. Lekin Sind (Hind) daryosi bo‘yida kemalar tayyorlanayotgan paytda unga qarshi shaxsan o‘zi astoydil otlangan Chingizxon, o‘z qo‘shinlari bilan yetib keldi. Kuchlar nisbati Chingizxon foydasiga keskin farq qilardi. Mag‘lub bo‘lishiga aqli yetgan Jaloliddin dushman qo‘liga asir olinib, haqoratlanmasligi uchun onasi, xotinlari va qizlarini ularning o‘zlarining xohish-irodasi bilan daryoga cho‘ktirishga farmon beradi. Lekin mo‘g‘ullar Jaloliddinning 8-9 yoshli o‘g‘ilchasini asir olib, Chingizxon huzuriga olib kelganlarida, xoqon uning yuragini sug‘urib olib, itga tashlashni buyuradi. Buyruq ijro etiladi.
Niso viloyatidagi qal‘alardan birining sohibi bo‘lgan mashhur tarixchi Shahobiddin an-Nasaviy 1224 yildan 1231 yilgacha, ya‘ni Jaloliddinning vafotigacha uning eng ishonchli mulozimlaridan biri bo‘lib xizmat qiladi. U doimo Jaloliddinning yonida bo‘lgan va ko‘rgan bilganlarini yozib borgan. Uning yozishicha, bu ikki yirik sarkarda qo‘shinlari o‘rtasidagi hayot-mamot uchun bo‘lgan tarixiy jang 1221 yil 24 noyabr kuni ro‘y beradi. Tarixchi Juvayniy esa bu voqeani shunday ta‘riflaydi: ―Shu kuni tongda Sulton Jaloliddin suv va olov o‘rtasida qoldi. Bir tarafda pishqirib oqayotgan Sind daryosi, orqada esa otashdek kuydiruvchi mo‘g‘ul lashkari. SHunday murakkab sharoitda Sulton o‘zini yo‘qotmadi va dushman bilan olishuv yo‘lini tanladi‖. Bu tengsiz jangda Jaloliddin bor shijoat, mahorat va quvvatini ko‘rsatib jang qilib, hatto mo‘g‘ul lashkarlarini ham lol qoldirdi. Lekin Chingizxon qo‘shini soat sayin ko‘payib borardi. Oxirgi marta katta urinish bilan qo‘shinni bir oz chekinishga majbur qilib, jilovni orqaga burdi va sovutini yechib tashlab, otga qamchi urdi. Qirg‘oqdan turib 10 gaz yoki undan ortiqroq balandlik masofadan daryoga sakradi. Dovyurak arslon misoli daryoni kechib o‘tdi va narigi sohilga chiqib oldi. Chingizxon bu holatni ko‘rib otini daryo qirg‘og‘iga yeldirib keldi. Sulton bir shamshir, nayza va qalqon bilan daryodan o‘tgan edi. Chingizxon bu holni ko‘rib o‘g‘illariga yuzlanib aytdi: ―Mard otaning o‘g‘li shunday bo‘lmog‘i lozim! Suv va olovning ikki girdobidan qutulib, najot sohiliga yetdimi, undan beadad ishlar va behisob tahlikalar tug‘ilajak‖.
Sind daryosi bo‘yidagi jangning aks-sadosi o‘tmish qa‘ridan bizning kunlargacha turli vositalar yordamida yetib kelgan. Ingliz sharqshunosi G.Raverti hamda rus olimi va sayyohi G.E.Grumm- Grjimayloning yozishlaricha, Sind daryosining Jaloliddin kechib o‘tgan joyi va shu yaqindagi cho‘l uning nomi bilan ―CHo‘li (Jo‘li) Jaloliy‖ deb atala boshlanib, bu nom hozirgacha saqlanib qolgan.
XX asr boshlarida Mo‘g‘ulistonga sayohat qilgan ayrim olimlarning guvohlik berishicha, ichki Mo‘g‘ilistonning (XXR hududida) Ejen Xo‘ru degan joyida Chingizxonning maqbarasi bor. Bu yerda Chingizxonning ruhiga atab ba‘zan marosimlar va amallar o‘tkazib turiladi. Jumladan, ruhoniylar har kuni ertalab Chingizxonning harbiy yurishlari davomida erishgan 150 ta katta kichik g‘alabalarini sanab o‘tadilar va ular birinchi navbatda CHingizxonning Jaloliddin ustidan erishgan g‘alabasini alohida zikr qilib, bildirishar ekan (Nuryog‘di Toshev ―Jaloliddin Manguberdi‖ nomli risola. T. Kamolot. 1999.20-21 betlar). Bu ma‘lumot albatta Chingizxonning harbiy yurishlari davomida u Jaloliddindek o‘ziga bas kela
oladigan boshqa raqibga uchramaganligidan dalolatdir. Sind daryosidan kechib o‘tgandan so‘ng Jaloliddin qolgan-qutgan jangchilarni to‘plab, Shimoliy Hindiston hududidagi bir qancha davlatlar hukmdorlari bilan munosabat o‘rnatishga harakat qilishni diliga tugib qo‘yadi.
Lekin juda holdan toygan, kam sonli qo‘shin Jaloliddin boshchiligida hali o‘ziga kelishga ulgurmay, SHatra viloyatining podshosi qo‘shinning og‘ir ahvolidan foydalanib, ularga ming otliq va 5 ming piyoda askarlari bilan hujum qiladi. Jalodiddin tangriga tavakkal qilib qo‘shinini jon-jahdi bilan urushga otlantiradi va benihoya jasorat tufayligina Xorazm jangchilari Hind qo‘shinini tor-mor qiladilar. Natijada, SHatra podshosining jangchilari taslim bo‘lib, Jaloliddin tomonga o‘tadilar. Jaloliddin o‘z qo‘shinini ahvolini ancha yaxshilab oladi, asta-sekin qo‘shini soni, qudrati oshib boradi. Hatto o‘z nomidan tanga zarb qildiradi, barcha viloyatlarda namozda uning nomini xutbaga qo‘shib o‘qiladigan bo‘ladi.
Jaloliddin Hindistonda turli xil janglar va fitnalarni boshdan kechirib, uch yilu 7 oy hukmronlik qildi. Bu yerda u katta davlat barpo qildi. Unga tevarakdan yangi-yangi kuchlar kelib qo‘shiladi. Jaloliddin o‘z davlati chegaralarini kengaytirib, katta kuch to‘plab, so‘ng mo‘g‘ullar bilan hisob-kitob qilishni qalbining eng to‘riga tugib qo‘ygandi. SHu maqsadda o‘zining harbiy yurishlarining dastlabkisini Iroqqa lashkar tortishdan boshladi. Iroq va Eronning obro‘li amaldorlari Jaloliddin tomonga o‘tdilar. Misr va Suriya hukmdorlari ham Jaloliddinga tobeliklarini bildirib, elchi yubordilar. 1226 yilgacha Jaloliddin Ozarbayjon va Gurjistonni jang bilan egalladi. 1227 yil 5 sentyabrda Jaloliddin Isfahon yaqinida Eronni mo‘g‘ullardan himoya qilib, ular ustidan katta g‘alabani qo‘lga kiritadi.
Shu yili Chingizxon vafot etishi munosabati bilan chingiziylar bir oz muddat o‘z ichki ishlari bilan ovora bo‘ladilar. Ularning ayrim rahbarlari hatto bundan buyon Jaloliddin bilan yaxshi munosabatda bo‘lishga ham harakat qiladilar.
1230 yilda Jaloliddin Hilot shahrini qamal qilayotgan paytda singlisi Holsultondan (uni mo‘g‘ullar asir qilib olgan va Chingizxonning katta o‘g‘li Jo‘ji unga uylangan va undan bir farzandi ham bor edi) bir noma oladi. Singlisi nomada Jaloliddinga, uning qudratidan, mulkidan, imkoniyatlaridan xoqonning xabari borligini, xoqon Jaloliddin bilan chegara masalalarida kelishib olib, tinch-totuv yashashga ahd qilganligini bildiradi. SHuningdek, agar mo‘g‘ullarga qarshi turishga kuchi yetsa, ularga qarshi kurashib, o‘ch olishi, yoki ular sulhni istab turganda, ular bilan yarashishni maslahat beradi. Lekin Jaloliddin singlisining bu xatini javobsiz qoldiradi va Xorazmshohlar davlatini qayta tiklash mumkin bo‘lgan ushbu imkoniyatga e‘tiborsizlik bilan qaraydi. Xuddi shu vaqtda Kichik Osiyodagi Ani viloyatining Ko‘n‘yo sultoni Oloviddin Qayqubod o‘z ixtiyori bilan Jaloliddinga kelib qo‘shilgan bo‘lsada, Jaloliddinning ba‘zi xatolari tufayli ular o‘rtasida sovuqchilik tushadi va u Jaloliddinga qarshi fitna tayyorlaydi. Qayqubod fitnaga shuningdek, SHom, SHimoliy Messopotamiya kabi davlatlar va boshqa bir qator shaharlar hukmdorlarini ham jalb etishga erishadi. Lekin Jaloliddin bu harakatga ham unchalik e‘tibor qilmaydi. Aynan shu davrlarga kelganda Jaloliddin xarakterida qandaydir tushunib bo‘lmaydigan loqaydlik, mo‘g‘ul qo‘shinlariga qarshi harakatda sustlik holatlari ro‘y berayotgan edi. Fitnachilarning juda katta birlashgan qo‘shinlari bilan Jaloliddin qo‘shinlari o‘rtasida 1230 yilning avgustida tarixiy to‘qnashuv bo‘lib o‘tadi. Jaloliddin qo‘shinlari katta talafot ko‘rib, Ozarbayjon hududlariga chekinadi. Uning kuchsizlangani haqida Ozarbayjondagi Ismoiliylar hukmdori Oloviddin Muhammad III mo‘g‘ullarga yashirin maktub yo‘llaydi. Maqsad - Jaloliddinni mo‘g‘ullar qo‘li bilan yo‘q qilish edi. Mo‘g‘ullar bu imkoniyatdan foydalanib, Jaloliddinga qarshi maxsus katta qo‘shin jo‘natadilar. SHu vaqtdan boshlab, Jaloliddindan omad yuz o‘girib, uni o‘z a‘yonlari va yaqinlari ham e‘tibori ancha pasaya boshlaydi.
Hatto, uning eng ishonchli bosh vaziri SHarof al Mulkning ham unga munosabati o‘zgarib, Jaloliddinga qarshi fitna uyushtirilishiga jur‘at etadi. Jaloliddin bundan xabar topib, vazirini qatl etadi. Omad undan yuz o‘girgan. Tushkunlikka tushgan Jaloliddinning so‘ngi paytlarda ichkilikka va maishatga berilgan holatlari ko‘p bo‘ladi. Jaloliddinning mo‘g‘ullarga qarshi chiqishi uchun ularga bas kela oladigan qo‘shini, ming afsuski, endi yo‘q edi. Shuning uchun ham yordam so‘rab barcha qo‘shni musulmon hukmdorlarga murojaat qiladi. Baxtga qarshi bunday og‘ir paytlarda qo‘shni mamlakatlar hukmdorlari yordam qo‘lini cho‘zmadilar va ular Jaloliddinni yolg‘iz qoldirdilar.
Shundan so‘ng, Jaloliddin o‘zining bor odamlari bilan kichik Osiyodan o‘tib, Isfahonga keldi. Uni ta‘qib qilib yurgan mo‘g‘ullar uning qarorgohiga, navbatdagi ziyofatdan so‘ng qattiq uyquda yotganda hujum qiladilar. Jaloliddinning eng yaqin amiri Urxonning yordamida mo‘‘jiza tufayligina qochib jon saqlaydi. So‘ng Jaloliddin mo‘g‘ullar ta‘qibidan qochib, Mayofarikin yaqinidagi Ayndar nomli qishloqqa yetib kelganda kurd qaroqchilari qo‘liga tushadi. Kurdlar uning bor narsasini olib qo‘yadilar. Ularning boshlig‘i Jaloliddinni bir uyga qamab, soqchi tayinlab ketadi. Shu paytda bir kurd bu voqeadan xabar topib, Jaloliddin turgan uyga keladi. Bu kishining birodari Hilot qamalida xorazmiylar tomonidan
o‘ldirilgan bo‘lib, u o‘ch olish payida yurgandi. Soqchining qarshiligiga qaramay, kurd hech qanday qurolsiz Jaloliddinga nayza sanchib o‘ldiradi. Shuncha yillar suronli, tengsiz janglarda, beqiyos jasorat ko‘rsatib, ulardan omon chiqqan tengi yo‘q bohodir Jaloliddinning hayot yo‘li shu tariqa shuhratsiz tugaydi. Bu voqea 1231 yili 17-20 avgust o‘rtalarida sodir bo‘lgan edi.
Shunday qilib, Chingizxon boshliq mo‘g‘ul istilochilarining 1219 yilning oxirlarida Oloviddin Muhammad Xorazmshohning nihoyatda katta va kuchli imperiyasi hududlarini egallash uchun boshlagan yurishlari shaxsan shohning o‘zi yo‘l qo‘ygan va tuzatib bo‘lmaydigan xatolari tufayli hudud xalqlari boshiga, fojeali qora kunlarni soldi. Yuzlab shahar-qishloqlar, turli inshootlar vayron qilinib, yer bilan yakson bo‘ldi. Xorazmshohlar dushman kuch-qudratini hisobga olmaganligi, o‘ziga tobe hududlar xalqlarini himoyasiga uyushtirmaganligi bir necha yuz minglab aholining yostig‘i qurishiga, o‘z saltanatining butunlay qulashiga, o‘zining esa kimsasiz bir orolda shon-shuhratsiz o‘lim topishiga sabab bo‘ldi.
Mo‘g‘ullar esa, 1258 yili Bog‘dodni bosib olib, uni vayron qildilar, taladilar, Xorazmshohlar davlatiga dushmanlik qilgan xalifalar taqdiri ana shunday tugadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |