Mavzu: Mo‘g‘ullar istilosi va zulmiga qarshi kurash.
Chingizxon va Xorazmshoh munosabatlari.
Mo‘g‘ullarni O‘rta Osiyoga yurishi.
Jaloliddin Manguberdining Vatan himoyasi yo‘lidagi jasorati.
Birinchi rejada quyidagilar yoritiladi. XII asr oxirlarida Mo‘g‘ulistonda yashovchi turli qabila va urug‘lar o‘rtasida siyosiy kurashlar avj olgan edi. Ularda ayniqsa urug‘-aymoqchilik munosabatlari kuchli bo‘lib, asosan ko‘chmanchi chorvachilik, ovchilik va mol ayirboshlash bilan kun kechirar edilar. Ularning ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy taraqqiyot darajasi ham ancha past edi.
1155 yilda bir nechta qabilalar boshlig‘i bo‘lmish Yasug‘oy bahodir va Ulun xotun oilasida
Temuchin tug‘ildi. Ulug‘bekning yozishicha Yasug‘oy bahodir o‘z atrofidagi ulug‘ a‘yonlar bilan kengashib, o‘g‘lining ismini Temuchin deb qo‘ydi. Bunga sabab o‘sha vaqtlarda tatar qabilalarining qudratli podshohining ismi ham Temuchin edi. Go‘dak ulg‘ayganda Temuchindek qudratli shoh bo‘lsin, deb niyat qilindi. Temuchin otadan 13 yoshida yetim qolgan paytda otasiga tobe bo‘lgan ko‘pgina qabilalar ularni tashlab ketdi va shu bois u keyinchalik ko‘pincha murakkab hamda xavfli sharoitlarni boshidan kechirdi. O‘zaro qabilaviy janglarda faol qatnashgan Temuchin keyinchalik o‘z atrofiga 13 ming kishilik lashkar ham to‘play oldi. Ularning soni ortib bordi. Tez orada Temuchin Nayman, Totor, Ung‘ut, Uyg‘ur, Keroyit qabilalarini o‘ziga buysundirishga erishadi va 1205 yillarga kelib u Mo‘g‘uliston hududidagi eng qudratli hukmdorga aylandi.
1206 yilda Onon daryosi buyida maxsus chaqirtirilgan qurultoyda Temuchin butun Mo‘g‘ulistonning Xoqoni deb e‘lon qilindi. Shu joyda unga Chingizxon (kuchli baquvvat degani) laqabi berildi. Chingizxon shu tariqa Manchjuriyadan to Irtishgacha Baykaldan Tangutgacha bo‘lgan hududlarda ko‘chib yuruvchi ko‘p sonli qabilalarning yagona hukmdoriga aylandi. Davlatning diniy, siyosiy ijtimoiy faoliyatining barcha qirralari 1206 yildagi o‘sha yirik yig‘inda ―Yaso‖ qonunlari to‘plamida yanada asoslanib, mustahkamlandi. Qoraqurum qal‘asi poytaxt qilib tanlandi.
1207-1208 yillarda Enasoy (Enisey) havzasi, Yettisuv viloyatining shimoliy qismi bosib olinib, u yerdagi uyg‘urlar ham to‘liq buysundirildi. 1209 yilda Chingizxon Xitoyning shimoli-sharqidagi Tangut mamlakatiga hujum qilib, katta o‘lja va ko‘plab odamlarni qul qilib, Mo‘g‘ulistonga olib ketdi. 1211- 1215 yillar davomida esa avval Xitoyga hujum qilib, qudratli TSzin armiyasiga qattiq zarbalar berdi, so‘ngra esa Pekin shahrini ishg‘ol qildi. TSzin sulolasi ag‘darilib, Shimoliy Xitoy Mo‘g‘ullar davlatiga qo‘shib olindi. Mo‘g‘ulistonda qudratli davlatni tashkil qilgan CHingizxon o‘z e‘tiborini endi Markaziy Osiyo tomonga qarata boshladi.
Xorazmshohlar davlatida 1189 yildan 1200 yilgacha hukmronlik qilgan Oloviddin Takash faoliyatining asosiy yakuni davlat kuch-qudratining yanada ko‘chayganligidir. Takash hukmdorlik bilan
bog‘liq hayotining deyarli barchasini harbiy yurishlarda o‘tkazdi. Ulkan g‘alabalarga erishdi, Xorazm davlatining uzoq o‘lka va hududlarga tanitdi. 1200 yilning yozida Bag‘dod xalifaligi tomon harbiy yurish uyushtirgan Oloviddin Takash yo‘lda betob bo‘lib, vafot etadi. 3 iyul kuni jasadi Gurganjga olib kelinib, o‘zi qurdirgan madrasa oldida dafn etildi. Uning hukmronligi davrida qudratli davlat tuzilib, Xorazmning Osiyo va Yevropa mamlakatlari bilan aloqalari mustahkamlandi. Takash davrida bu davlat tarkibida aholi soni o‘sib ko‘paydi. Hunarmandchilik, madaniyat, arxitektura yuksaldi. Poytaxt Gurganj dunyodagi go‘zal shaharlardan biriga aylandi. Takash olib borgan tashqi va ichki siyosatning kuchli tomonlari bilan birgalikda zaif tomonlari ham mavjud ediki, bu holat kelgusida bu davlatning ichidan yemirilishida o‘ziga xos sabablaridan biri bo‘ldi. U ham bo‘lsa, Takashning qipchoq urug‘idan bo‘lgan xotini-Turkon xotunning o‘z himoyasidagi qipchoq harbiy aslzodalariga homiylik qilishi edi. Bu ayol davlat ishlarini o‘z qo‘liga olishga urinar, qipchoqlarni davlatning ichki ishlariga aralashishiga imkoniyat yaratib berardi. Qipchoqlarning saroyda yirik imtiyozlarga egaligi asl xorazmlik turkiy a‘yonlarga yoqmasdi. Bu holatlar esa ichki kurashlar, ziddiyatlarni yanada kuchayib borishiga ham sabab bo‘lar edi.
Xorazmshoh Takashning katta o‘g‘li Malikshoh Takash hayotligi davrida, 1171 yilda vafot etgan edi. SHuning uchun ham taxtga chiqish ikkinchi o‘g‘li Qutbiddin Muhammadga nasib etdi. 1200 yil 3 avgust kuni Gurganj aholisi va Xorazm davlatining a‘yonlari, amirlari ishtirokida taxtga Takashning Turkon xotundan tug‘ilgan o‘g‘li Qutbiddin Muhammad o‘tiradi. U o‘ziga otasining laqabi Oloviddin nomini qo‘shib oladi va tarixga Oloviddin Muhammad Xorazmshoh nomi bilan kirdi.
Oloviddin Muhammad podsholik qilgan davrida (1200-1220) Samarqand va O‘trorni qoraxoniylardan tortib oladi, uzoq G‘aznagacha (Afg‘oniston janubi) o‘z chegarasini kengaytirib, G‘arbiy Eron va Ozarbayjonni bo‘ysundiradi. Dashti Qipchoqning ichkari hududlariga kirib boradi. Ma‘lumotlarga ko‘ra, 25 dan ortiq mamlakat unga qaram bo‘lgan. SHu tufayli bo‘lsa kerak, Oloviddin Muhammad erishilgan ulkan yutuqlardan ortiqcha kibrlanib, o‘zini ―Iskandari Soniy‖, ya‘ni ikkinchi Iskandar deb e‘lon qiladi. Keyinchalik bu nom ham kamlik qilib, uzoq yillar hukmdorlik qilgan saljuqiy shoh Sulton Sanjar nomini ham oladi va o‘zini ―Sulton Sanjari soniy‖ deb atay boshlaydi. Tarixiy manbalarga qaraganda, shu paytlarda Xorazmshohlar davlatiga qarashli 400 dan ortiq shaharlar bo‘lgan.
Mo‘g‘ullar istilosi arafasida Xorazmshohlar davlatida asli ikki hokimlik o‘rnatilgan edi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Mamlakat shohi Oloviddin Muhammad hisoblansada, ichki va tashqi siyosatni olib borishda ikkinchi hokim shohning onasi Turkon xotun hisoblangan. Oloviddin Takash vafotidan so‘ng Turkon xotun endi davlat va boshqaruv ishlariga har tomonlama, to‘liq aralasha boshlagandi. Oloviddin Muhammad esa dastlabki paytlardanoq uni inkor qilishga jur‘at etolmasdi. Turkon xotun hattoki, ayrim masalalarni hal etishda birinchi bo‘lgan, sultonning ba‘zi buyruq va farmonlarini inkor etgan va o‘z nomidan farmonlar chiqarib, istagan masalalarini ham hal qilish qudratiga ega bo‘lgan. SHoh esa hech vaqt unga e‘tiroz bildira olmagan, chunki, bir tomondan ona hurmati bo‘lsa, ikkinchi tomondan esa Turkon xotunning tarafdorlari, uning urug‘idan chiqqan turk amirlari ko‘pchilikni tashkil qilardi. Zamondoshlarining ta‘rificha bu ayol ―Xudovandi jahon‖, ya‘ni ―Jahon hokimasi‖ deb nom qozongan. U o‘zining tug‘rosiga (muhriga) ham ega bo‘lgan.
Turkon xotun hatto, moliya masalalariga ham faol aralashib, buyruqlar bera olgan. SHuningdek, taxt me‘rosxo‘rini ham o‘zi belgilagan. Turkon xotunning talabi va maslahati bilan hukmdor taxt vorisi qilib o‘ta qobiliyatli, o‘tyurak, mohir sarkarda, Oloviddin Muhammadning turkman xotini Oychechakdan tug‘ilgan katta o‘g‘il Jaloliddinni emas, balki qipchoq xotinidan tug‘ilgan, Jaloliddindan ancha past O‘zloqshoh tayinlandi. Bunday holatlar shubhasiz, davlatni ichdan bo‘shashtirishga, ichki ziddiyatlarni ko‘chayishiga, inqirozni tezlashishiga ham sabab bo‘lgan edi.
Mamlakatning tushkunlikka va tang ahvolga kelishiga yana bir sababi shu ediki, oddiy xalqning iqtisodiy ahvoli nihoyatda og‘ir edi. Xalq doimiy soliqlardan tashqari, uch martadan ortiqcha, maxsus soliqlar to‘lashga majbur edilar. 1206 yilda Samarqandda, 1212 yilda Samarqand va Buxoroda oddiy xalqning ko‘targan qo‘zg‘olonlari Xorazmshoh tomonidan shavqatsizlarcha bostirildi. Bu esa shohga nisbatan xalq noroziligini yanada oshiradi.
Katta saltanat hukmdori bo‘lgan Oloviddin 1217 yilning kuzlarida juda katta qo‘shin bilan (turli manbalarda turli ma‘lumot birida 600 ming, birida 400 ming askar) o‘zining azaliy dushmani bo‘lgan Bag‘dod xalifaligiga qarshi otlandi. Xuddi shu yili kuz erta tushganligi tufayli qish qattiq kelib, qalin qor yog‘adi. Uch kun davom etgan qor bo‘roni qo‘shinning ko‘p qismini qirilishiga sabab bo‘ladi va Xorazmshoh o‘z maqsadidan voz kechib, orqaga qaytishga majbur bo‘ladi. Qaytishda esa Parcham ko‘chmanchi qabilalari va Hakkar qabilasidagi kurdlar ularga hujum uyushtirib, qo‘shinning asosiy ilg‘or qismini tor-mor qiladi. Bu yo‘qotishlar ham shohning obro‘siga putur yetkazadi. SHuningdek, Xorazmshohning 1216 yilda diniy arbob shayx Majiddin al-Bag‘dodiyni qatl qildirilishi, Bag‘dod xalifasi
ustiga yurishi diniy ulamolarning ham Oloviddindan butunlay ixlosini qoldirgan edi. SHunday qilib, mo‘g‘ullar istilosi arafasida Xorazmshoh Oloviddin Muhammadning davlat tizimida ham, aholi tabaqalari orasida ham hech bir astoydil suyanadigan tayanchi qolmagan edi. Xiva xoni, tarixchi Abulg‘oziy o‘zining ―SHajarai turk‖ kitobida Xorazmshoh davlatidagi bu noxush holatlarni ta‘riflab, ―Sulton Muhammad davlatining qaytishi‖ deb baholagan edi.
Chingizxon va Oloviddin davlatlarining elchilari savdo karvonlari saflarida bir birlariga borib, ayni vaqtda turli, kerakli ma‘lumotlar to‘plab, ayg‘oqchilik vazifalarini ham bajarardilar. Elchilik munosabatlari 1215 yildan boshlanib, Oloviddin Muhammad dastlab Bahouddin Roziy boshchiligidagi o‘z elchilarini Chingizxon huzuriga yuboradi. Pekinda elchilarni qabul qilgan Chingizxon ularni iliq kutib va ularga o‘zaro totuvlik, do‘stlikni hamda ikki mamlakatga tegishli hududlarda savdogarlarning erkin qatnovi tarafdori ekanligini bildirdi. 1218 yil bahorida Chingizxon ham qimmatbaho mollar va shohga sovg‘alar ortilgan karvonni o‘zining eng sodiq odamlaridan biri, xorazmlik savdogar Mahmud Yalavoch boshchiligida Xorazmshoh huzuriga yuboradi. Elchilar Xorazmshohga Chingizxon yuborgan sovg‘alarni va nomani topshiradilar. Nomada Chingizxon qudratli Xorazmshoh bilan yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik, tinchlik haqida shartnoma tuzish niyatida ekanligini va uni eng yaxshi farzandlaridan biri sifatida hurmat qilishini bildirgan edi. Chingizxon nomasidagi keyingi jumla, Xorazmshohning izzat-nafsiga tegishi mumkinligini xayoliga ham keltirmagan bo‘lishi mumkin.
Kibru-havosi baland Xorazmshohga bu gap, ya‘ni uni o‘z farzandidek ko‘rishi, degani umuman yoqmagan. Shoh tunda Mahmud Yalavoch bilan alohida suhbatlashib, Chingizxon, uning davlati, harbiy qudrati haqida talaygina savollar beradi. Uning vajohatidan qo‘rqqan Mahmud unga bir qancha soxta ma‘lumotlar beradi. Xorazmshoh unga Chingizxon saroyida o‘zining josusi bo‘lishni ham taklif etadi. Yalavoch qo‘rqqanidan unga ham rozi bo‘ladi. Xorazmshoh Chingizxon bilan shartnoma tuzishga roziligini bildirib, ularga javob berib yuboradi. Mahmud Yalavoch barcha voqealar qatori shoh bilan alohida suhbatni ham, uning savol va takliflarini ham batafsil Chingizxonga yetkazadi. Xullas, mo‘g‘ullarning Xorazmshohlar davlatining istilosi arafalarida ikki yirik tarixiy shaxs, hukmdorlar o‘rtasida bir-birini har tomonlama o‘rganishga mo‘ljallangan ana shunday munosabatlar bo‘lib turgan edi. Xorazmshoh bilan shartnoma tuzilganidan ko‘ngli to‘q bo‘lgan Chingizxon Pekindan xorazmshohlar davlatiga Umar hoji al-O‘troriy, al-Jamol al-Marg‘oniy, Faxriddin al-Buxoriy boshchiligida 450 ta musulmon savdogarlardan iborat, har qabilasidan 2-3 tadan vakil bo‘lib, ular Xorazm mamlakatidagi noyob mollarni Mo‘g‘iliston uchun tanlash, xarid qilish ishlari bilan shug‘ullanishlari lozim edi. Ayni vaqtda, Xorazmshoh davlatiga kelgusida harbiy yurishlar uchun ma‘lumot to‘plash maqsadida yuborilgan kishilar ham bo‘lishi mumkinligi ehtimoldan holi emasdi. Tarixchi Nasaviyning yozishicha, karvon O‘tror shahriga yetib kelganida shahar hokimi, Turkon xotunning amakivachchasi Inolchiqxon (asl ismi G‘oyirxon) undagi qimmatbaho mollarni ko‘rib, ochko‘zligi avj olib, niyati buzilib, Xorazmshohga karvondagilar o‘zlarini josusdek tutayaptilar deb shoshilinch xabar yuboradi. Xorazmshoh hokimga karvonni mamlakat ichkarisiga kiritmay, to‘xtatib turish haqida buyruq yuboradi. Lekin Turkon xotun himoyasiga ishongan Inolchiq katta fojeaga qo‘l uradi, ya‘ni, uning buyrug‘i bilan karvon qo‘lga olinadi, barcha savdogarlar va boshqa kishilar qatl etiladi. Karvondagi mollarning bari musodara qilinadi.
Tasodif tufayli tirik qolgan bir tuyakash Chingizxon huzuriga yetib borib, fojea haqida unga xabar berishga muvaffaq bo‘ladi.
Arab tarixchisi Ibn al-Asirning yozishicha Inolchiqxon katta karvonni O‘trorga yetib kelganligi haqida Xorazmshohga xabar bergandi. Xorazmshoh karvondagi barcha savdogar va xizmatchilarni o‘ldirishni va boyliklarni saroyga yuborishni buyuradi. (V.V.Bartolьd, Asarlar 1 t. 465-b) Nima bo‘lganda ham, bu voqea tuzatib va to‘xtatib bo‘lmaydigan ulkan xato bo‘lib, uning oqibatlari dahshatli voqealarga sabab bo‘ldi.
Chingizxon bu noxush voqea xabarini o‘ziga xos sovuqqonlik bilan tinglaydi. Uning o‘g‘illari Xorazmshoh ustiga darhol qo‘shin tortishni talab qilsalarda, u masalani tinchlik yo‘li bilan hal qilishga qaror qiladi. Xorazmshoh huzuriga o‘z elchisi ibn Qafroj Bug‘roni ikki mulozimi hamrohligida jo‘natadi va fojea aybdorlarini jazolashni, hamda Inolchiqni uning ixtiyoriga berishni qat‘iy talab qiladi.
Xorazmshoh talablarni bajara olmasligi aniq edi. Chunki bir tomondan, Inolchiq Turkon xotunni amakivachchasi bo‘lsa, ikkinchi tomondan, qipchoq sarkardalari bilan qarindosh edi. Tabiiyki, ular bu ishga, ya‘ni, Inolchiqni hibsga olinib, Chingizxonga yuborilishiga yo‘l qo‘ymasdilar. Oloviddin Muhammad Chingizxon elchisini o‘ldirilishi va uning ikki hamrohini masxaralab, soqollarini qirdirib, jo‘natib yuborishni buyuradi. Bu ishlar ham Chingizxon bilan jiddiy munosabatlarni yanada keskinlashtiradi. Shuni ta‘kidlash joizki, Xorazmshohning o‘g‘li Jaloliddin Manguberdi otasiga elchilarga nisbatan xushmuomala bo‘lishni, O‘tror fojeasining asosiy aybdori Inolchiqni Chingizxon huzuriga
jo‘natishni maslahat bergan edi. U Sirdaryo buylaridan to Suriyagacha cho‘zilgan katta davlatdagi musulmonlarning qoni to‘qilgandan ko‘ra bitta odamni qoni to‘qilishini afzal bilgan edi. Biroq, shoh Jaloliddinning dono maslahatini ham inobatga olmaydi. Jaloliddin bo‘lajak dahshatli urushni, qirg‘inni avvaldan ko‘ra bilgan edi.
Elchining o‘ldirilishi Chingizxonning sabr kosasini to‘ldirdi va uning uchun Xorazmshohlar davlati ustiga harbiy yurish qilishga undagan oxirgi bahona bo‘ldi. Chingizxon o‘z chopari orqali Xorazmshohga podshohlar o‘rtasida bir-biriga yozilgan xatlar tarixida eng qisqa so‘zlardan (6 ta so‘z) iborat bo‘lgan xatini jo‘natadi. Unda shunday deyilgandi: ―Sen urushni xohlaganding, sen uni olasan‖. Har ikkala tomon urushga tayyorgarlik ko‘ra boshladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |