4-mavzu: Darsning maqsadi va vazifalari. (2 soat)
Reja:
Jismoniy tarbiya darsining pedagogik vazifalariga koʻra klassifikatsiyasi.
Jismoniy tarbiya darsida mustaqil malakalarini shakllantirish.
Jismoniy tarbiya darslarida oʻquvchilar faoliyatini tashkillash usuliyati.
Jismoniy tarbiya darsida xatolar va ularni aniqlash va bartaraf etish usuliyati.
Jismoniy tarbiya darsining pedagogik vazifalariga koʻra klassifikatsiyasi
Jismoniy tarbiya darslari uni tashkillash xarakteriga koʻra, darsdagi tarbiya yoki ta’limning yoʻnalishiga koʻra, darsga qoʻyilgan pedogogik vazifalariga koʻra klassifikatsiyalanadi. Biz darsning pedogogik vazifalariga koʻra klassifikatsiyasiga toʻxtalishni lozim topdik. Ular: «Kirish», «Yangi materialni oʻzlashtirish», «Aralash», «Mustahkamlash va takomillashtirish», «Yakuniy darslar» deb xillanadi.
Kirish darslari o’quv yilining, o’quv choraklarining birinchi, shuningdek, oʻquv choragi uchun rejalashtirilgan dasturning yangi boʻlimi yoki mavzularini boshlanishidagi darslar. Bunday darslar oʻzining mazmuni va tuzilishiga koʻra, an’anaviy darslardan biroz farqlanadi. Ular ma’ruza, suhbat, oʻzaro muloqat tarzida tashkillanishi mumkin. Oʻqituvchi o’quvchilarga oʻquv yili, o’quv choraklari uchun jismoniy tarbiyadan Davlat standarti dasturi boʻlimlari boʻyicha hal qilinadigan umumiy vazifalar, har bir o’quvchining individual xususiyatlarini hisobga olgan holda vazifalar va ularning mazmuni bilan oʻquvchilarni tanishtiradi, lozim boʻlgan talablarni koʻpaytiradi. Kirish darslari yangi oʻquv materialini tanishtirish vazifasini ham hal qilishi mumkin.
Kirish darslari oʻzini tuzilishiga koʻra xillanishidan tashqari quyidagi elementlarni oʻz ichiga oladi:
1. Oʻquvchilar diqqatini yigʻish.
2. Yil uchun o’quv ishlarini vazifalari va mazmuni bilan tanishtirish.
3. Sinf fizkultura tashkilotchisini saylash.
4. Uyga vazifa.
Kirish darslarining qayd qilingan elementlari turli xil yoshdagi oʻquvchilar bilan turlicha tashkillanadi.
2. Yangi materialni oʻzlashtirish darslari mazmunan darsning xilini atalishiga moyil tushib, faqat dasturning yangi mavzularinigina oʻzida mujassamlashtirgan boʻladi, oʻzidan oldingi turkum darslari nihoyasi bilan bogʻlanadi va oʻzining quyidagi asosiy elementlaridan tarkib topadi:
1. Oʻquvchilarni diqqatini yigʻish.
2. Organizmni tayyorlash(umumiy chigal yozish).
3. Qoidalar, harakat texnikasi va taktikasini oʻzlashtirish.
4. Yuklamani ozaytirish.
5. Darsni yakunlash va uyga vazifa.
Qayd qilinganlardan tashqari boshqa elementlar xam mavjud lekin ular oʻzlashtirish darslarining tipik tuzilishiga aytarli darajada ta’sir koʻrsatmaydi.
Darsning ushbu xilini asosiy xususiyati faqat yangi materialni oʻqitilishida boʻlib, oʻqituvchi va o’quvchilar uchun belgilangan talablarni qoʻyadi. Bu talablar darsni amaliy ahamiyati, uning hayotiy-zaruriy harakat malakalari bilan boyligi va ular bilan bogʻliqligi, oʻquvchilar uchun qiziqarliligi, ularni faolligini oshira olishligi tarzida namoyon boʻladi.
3. Aralash darslar — pedogogik vazifasiga koʻra dars xillarining boshqa turlaridan farqli oʻlaroq jismoniy tarbiya oʻqituvchilari tomonidan amalda koʻproq foydalaniladi. Oʻz mazmuniga koʻra bu darslar ta’lim jarayonining tanishtirish, oʻzlashtirish, mustaxkamlash va takomillashtirish etaplarining mazmunini oʻz ichiga oladi va har bir dars (yoki mashgʻulot)da xam yangi oʻzlashtirilmagan, yoki oldin oʻzlashtirilgan, mustahkamlangan, takomillashtirilgan materialni oʻqitadi. Bunday darslarda yangi material bilan va oʻrganilganlarni bajarish, takomillashtirish vazifalari birga amalga oshiriladi. Darsning asosiy qismida mashqlarning bir turiga xos yangi materialni berish va unga oʻqitish uchun nisbatan koʻproq vaqt ajratilishi lozim.
Aralash darslar oʻzining quyidagi tarkibiy elementlaridan tashkil topadi:
1. Oʻquvchilarning diqqatini uyushtirish.
2. Organizmni tayyorlash (umumiy va maxsus chigal yozish).
3. Yangi materialni oʻzlashtirish.
4. Oʻrganilgan harakat faoliyatini takrorlash (mustaxkamlash) va takomillashtirish.
5. Yuklamani pasaytirish.
6. Darsni yakunlash va uyga vazifa.
Boshlangʻich sinflarda darsning elementlarini oʻzaro munosabati oʻrta yoshdagilar, ayniqsa katta maktab yoshidagilardagiga nisbatan bir maromda, chunki «diqqatni yigʻish», «yuklamani pasaytirish», «darsni yakuni va uyga vazifa berish» kichik maktab yoshidagilarda koʻproq vaqtni oladi. Qolaversa bu yoshdagilar safda va boshqa jixozlar bilan mashqlarni bajarish uchun koʻp vaqt sarflaydilar. Shunga koʻra darsning bu xilini asosiy qismida ayrim xollarda 7-10 daqiqa atrofida vaqt sarflanishi mumkin. Beshinchi sinflarga borib dars elementlarining munosabati nisbatan tenglashadi, 7- va ayniqsa 9-sinflarda dars elementlari uchun ajratilgan vaqtning munosabati keskin farqlanadi. Ayrim elementlarga juda qisqa vaqt ketsa ayrimlariga esa aytarli koʻp vaqt sarflanadi. Darsning xiliga qarab bir-biri bilan oʻzaro bogʻlangan turli xildagi dars elementlaridan foydalanish mumkin.
4. Mutahkamlash va takomillashtirish darslari — kirish, yangi materialni oʻzlashtirish darslaridan soʻng asosan harakat texnikasining asosi oʻzlashtirib boʻlingandan soʻng, oʻrganilgan mashqlarni mukammal bajarish maqsadida tashkillanadi. Takomillashtirish darslari oʻz ichiga pedogogik vazifasiga koʻra mustaxkamlash va oʻzlashtirilganni takomillashtirish dars xillarining mazmunini mujassamlashtiradi. Takomillashtirish darslarida asosiy e’tibor mashqlarni bajarish orhali hosil boʻlgan harakat malakalarini koʻnikmaga aylantirish, mashqni bajarish taomilini topish, individ uchun harakat texnikasini moslashtirishni, jismoniy sifatlarni rivojlantirishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻyadi. Darslarning pedogogik vazifasiga koʻra qayd qilingan xili trenirovka mashgʻulotlari tarzida uyushtiriladi. Darsning bu xili oʻzida quyidagi tipik elementlarni mujassamlashtirishi mumkin:
1. Oʻquvchilar diqqatini tashkillash.
2. Organizmni tayyorlash (maxsus chigal yozish).
3. Harakat texnikasi va taktikasini mustahkamlash va takomillashtirish.
4. Yuklamani pasaytirish.
5. Darsni yakunlash va uyga vazifa berish.
5. Yakunlash darslari — oʻz mazmuniga va pedogogik vazifasi nuqtai nazaridan xillanayotgan darslardan butunlay farqlanadi. Bu darslar davomida oʻquv yili, o’quv choragi, dastur materialini oʻzlashtirish uchun oʻtkazilgan turkum darslarga yakun yasaladi.
Yakun oʻquvchilarning bilimlari, egallagan harakat malakalari va koʻnikmalarini baholash tarzida amalga oshiriladi. Bunday darslar o’quv choraklarining oxirgi yoki dastur materialning boʻlimlarini yakuni, oʻqitilayotgan material uchun foydalanilgan darslar turkumini tugallanishidan soʻng hamda oʻquv yilining oxirgi darslari sifatida tashkillanadi. Yakunlov darslari oldindan rejalashtiriladi. Bu darslarga o’quvchilar oʻzlarining jismoniy rivojlanishi va jismoniy tayyorgarligining koʻrsatkichlarini yakuniy hisoboti bilan qatnashadilar. Hozirgi kunda darsning bu xilini ota-onalar ishtirokida oʻtkazish odatga aylantirilgan. Darsning bu xili faqat o’quv tarbiya jarayoni uchun yakun boʻlib qolmay, eng avvalo oʻqituvchi, o’quvchi va ota-onalar uchun ham yakuniydir. Darsning bu xili xam yuqorida qayd qilingan oʻzining tashkiliy tuzilmasining qismlaridan tashqari har bir qismning tarkibiy elementlariga ega.
Jismoniy tarbiya darslarini yuqorida qayd qilingan pedogogik vazifalariga koʻra xillashdan tashqari ularni tashkillash xarakteriga qarab ham xillanadi. Ular:
1. Aksentli (urgʻuli) darslar.
2. Aralash darslar.
3. Kompleksli darslar.
1. Aktsyentli darslar oʻz mazmuniga koʻra oʻquv dasturining alohida ajratilgan boʻlimi boʻyicha (gimnastika, yengil atletika, voleybol, basketbol va h.k.lardek darslar tarzida) uyushtiriladi. Darsda oʻqitish jarayoni faqat shu boʻlim materialini oʻzlashtirish, mustahkamlash, takomillashtirishga yoʻnaltiriladi. dars qismlarining tarkibiy elementlari ham shu boʻlim materialidan iborat boʻlishi shart.
2. Aralash darslar oʻzining mazmunida oʻquv dasturining tarkibidagi bir necha boʻlim materialini oʻqitishni xam yangi oʻzlashtirilmagan, xam oʻzlashtirilib, takomillashtiriladigan materialni oʻqitishga aralash dars deyiladi. Oʻquvchilar bir necha guruhlarga ajralib, dars davomida oʻzlashtirib ulgurilmagan mavzular ustida ishlaydilar.
3. Kompleksli darslarning mazmuni oʻquv dasturining turli xil boʻlimlari boʻyicha u yoki bu jismoniy sifatni tarbiyalash yoki pedogogik vazifalariga koʻra tanishtirish, oʻzlashtirish, mustahkamlash, takomillashtirishni maqsad qilib, bir darsning oʻzida bir necha mavzu (voleybol, yengil atletika, suzish, gimnastika va h.k.lar) oʻqitiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |