Bu ta`lim oluvchilarning individual yoki guruhlarda belgilangan vaqt davomida, belgilangan mavzu bo`yicha axborot yig`ish, tadqiqot o`tkazish va amalga oshirish ishlarini olib borishidir. Bu metodda ta`lim oluvchilar rejalashtirish, qaror qabul qilish, amalga oshirish, tekshirish va xulosa chiqarish va natijalarni baholash jarayonlarida ishtirok etadilar. Loyiha ishlab chiqish yakka tartibda yoki guruhiy bo`lishi mumkin, lekin har bir loyiha o`quv guruhining birgalikdagi faoliyatining muvofiqlashtirilgan natijasidir. Bu jarayonda ta`lim oluvchining vazifasi belgilangan vaqt ichida yangi mahsulotni ishlab chiqish yoki boshqa bir topshiriqning yechimini topishdan iborat. Ta`lim oluvchilar nuqtai- nazaridan topshiriq murakkab bo`lishi va u ta`lim oluvchilardan mavjud bilimlarini boshqa vaziyatlarda qo`llay olishni talab qiladigan topshiriq bo`lishi kerak. Loyiha o`rganishga xizmat qilishi, nazariy bilimlarni amaliyotga tadbiq etishi, ta`lim oluvchilar tomonidan mustaqil rejalashtirish, tashkillashtirish va amalga oshirish imkoniyatini yarata oladigan bo`lishi kerak.
“6X6X6” metodi
Respondent o’quvchilar 6 nafarga 6 ta guruhga biriktiriladilar. Mavzuning mohiyatini ochib beruvchi matn 6 qismga ajratiladi. Har bir guruhga umumiy matnning muayyan qismi yoritilgan varaq tarqatiladi va guruh a‘zolaridan ushbu matn mazmunini o’rganish so’raladi. Ma‘lum vaqt ichida guruhlar o’zlariga berilgan matnlar ustida ishlaydilar. Ushbu jarayon yakunlangandan so’ng guruhlar qayta tashkil eiladi. Qayta shakllantirilgan guruhlarda avvalgi guruhlarning bir nafardan a‘zosi bo’lishiga ahamiyat qaratilishi lozim. Yangi guruhga biriktirilgan har bir o’quvchi avvalgi bosqichda matn mazmuni yuzasidan o’zlashtirgan ma‘lumotlarni guruhning qolgan a‘zolariga so’zlab beradilar. Shu tariqa qisqa muddatda o’quvchilar mavzuning umumiy mohiyati borasidagi bilimlarga ega bo’ladilar.
Savol-javoblar asosida suhbatni tashkil etish
Mavzu bo’yicha respondentlar tomonidan o’zlashtirilgan bilimlarni mustahkamlash maqsadida ularga quyidagi savollar bilan murojaat etiladi:
Inson salomatligining kasbiy faoliyatni tashkil etishdagi ahamiyatini qanday tushunasiz?
Qanday sharoitlar noqulay mehnat sharoitlari deb yuritiladi?
Qanday kasallik turlari kasbiy faoliyatni samarali tashkil etishga imkon bermaydi?
Kasbga yaroqlilikni cheklovchi kasalliklarning oldini olishda qanday chora-tadbirlar qo’llaniladi?