Draje - Dragee
(Draje – bosh kelishik birlikda Dragee, qaratqich kelishik birlikda Dragee)
Draje - ichishga mo‘ljallangan, miqdorlangan qattiq dori shakli. Draje – fransuzcha «shirin konfet» ma’nosini bildiradi. Drajelar zavodlarda murakkab uskunalar yordamida granulalarni ko‘p marotaba yupqa qavatlar bilan qoplash (drajelash) yo‘li bilan tayyorlanadi. Yordamchi moddalar sifatida shakar, kraxmal, bug‘doy uni, kakao, shokolad, oziqaviy bo‘yoqlar ishlatiladi. Drajening vazni 1 grdan oshmasligi kerak. Ichish uchun tabletkalarga nisbatan oson yutiladi va shirin ta’m kelib turadi. Drajelar yorug‘likdan saqlaydigan idishlarda chiqariladi.
Drajelarga retsept faqat 1 ta ko‘rinishda yoziladi. Retsept draje so‘zidan boshlanib, keyin dorining nomi miqdori, draje soni (D.t.d. N….) va sinatura ko‘rsatiladi.
Misol: 3300 XB retinol atsetati (Retinoli acetas, Retinol) saqlovchi 50 ta draje. 1 drajedan kuniga 1 mahal ichish uchun.
Rp.: Dragee Retinoli acetatis 3300 XB
(Retinol)
D.t.d. N. 50
S. 1 drajedan kuniga 1 mahal ichish uchun.
Dorining ta’sirini uzaytirish maqsadida, ba’zi dorilar mitti (mikro)draje holida chiqariladi. Dori saqlagan mayda granulalarni yupqa himoyalovchi plyonka bilan qoplanadi (qavat-qavat qilib singdiriladi). Mitti drajelardan tabletka va spansulalar tayyorlanadi.
Tarkibi murakkab bo‘lib, maxsus nomli drajelarga retsept quyidagicha yoziladi.
Misol: Undevit (Undevitum, Comb. drug (Vitamins)) drajesidan 50 ta. 1 drajedan kuniga 1 mahal ovqatlanishdan keyin ichish uchun.
Rp.: Dragee Undevitum N. 50
(Comb. drug)
D.S. 1 drajedan kuniga 1 mahal
ovqatlanishdan keyin ichish uchun.
Granulalar - Granulae
(Granula - bosh kelishik birlikda Granulum, qaratqich kelishik birlikda Granuli, qisqartmasi Gr. )
Granulalar – kukunsimon dori moddalaridan tayyorlanib ushoq (ya’ni don) shakliga keltirilgan, ichish uchun mo‘ljallangan, miqdorlanmagan qattiq dori shaklidir. Granulalar dorilarning chidamliligi, eruvchanligi va ta’mini yaxshilash maqsadida tayyorlanadi. Yordamchi moddalar sifatida qand, kraxmal, natriy gidrokarbonati, oziqaviy bo‘yoqlar va boshqalar ishlatiladi. Granulalar - ofitsinal dori shakli bo‘lib farmatsevtik sanoatda tayyorlangani uchun ularga retsept faqat bir xil ko‘rinishda yoziladi, retsept Granula (qisqartirilgani Gr.) so‘zidan boshlanib, nomi, umumiy miqdori ko‘rsatiladi. Granulalar choy qoshiqlarda buyuriladi,
Misol: 100 g urodan (Urodanum, Comb. drug) granulasi 1 choy qoshiqdan 1 stakan suvda eritib, kuniga 3 mahal ichish uchun.
Rp.: Gr. Urodanum 100,0
(Comb. drug)
D.S. 1 choy qoshiqdan 1 stakan suvda eritib,
kuniga 3 mahal ichish uchun.
Do'stlaringiz bilan baham: |