Laboratoriya tashhisi. Tekshirish uchun siydik, so‘lak, meningit va meningoensefalit holatlarida orqa miya suyuqligi olinadi. Virusni ajratib olish uchun tekshiriluvchi material 7–8 kunlik tovuq embrioniga, hujayra kulturalariga yuqtiriladi. So‘ngra ajratib olingan virus GATR, IFR, NR, KBR, GAR yordamida identifikatsiya qilinadi. Serologik tashhis qo‘yish uchun bemor zardobidagi antitelolar KBR, GATR reaksiyalari bilan aniqlanadi. Juft zardoblarni tekshirish yaxshi natija beradi.
Davosi va profilaktikasi. Kasallik belgilariga qarab davolanadi, bemorga immunoglobulin yuborilganda, kasallik engil kechadi.
Maxsus profilaktikasi uchun tirik monovaksina qizamiq, qizilcha vaksinalari bilan birga qo‘llaniladi, bir yoshdan katta bolalar, ba’zan parotit bilan og‘rimagan kattalar ham emlanishi mumkin.
Qizamiq virusi
Qizamiq (gul)ni virus qo‘zg‘atishini 1911 yili T.Anderson va J.Goldberglar aniqlashgan. 1954 yili J.Enders va T.Piblslar hujayra kulturasidan virusning sof kulturasini ajratib oldilar. Bu virus Morbillivirus turkumiga mansub.
Morfologiyasi. Qizamiq virusi o‘zining xususiyatlariga ko‘ra to‘liq paramiksoviruslarga o‘xshash, ammo unda neyroaminidaza fermenti bo‘lmaydi. Virusning tashqi qobig‘ida faqat gemagglyutininlar joylashgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |