Alkimyogar
(
R O M A N
)
Paulo Koelo
library.ziyonet.uz/
Alkimyogar unga chigʻanoqni qulogʻiga tutishni aytdi. Santyago bolaligida koʻp marta
shunday qilgandi va hozir yana dengiz shovqinini eshitdi.
Dengiz hanuz shu chigʻanoq ichida, demak, u oʻz Taqdiri yoʻlida. Va u chigʻanoqni, toki
sahroda tagʻin toʻlqinlar oqib oʻynamaguncha, tark etmaydi.
Ular otlariga minishdi va Misr ehromlari tomon yoʻl tortishdi.
Santyagoning yuragi xavfdan ogoh etib belgi bergan chogʻda quyosh magʻribga ogʻa
boshlagan edi. Ular bu daqiqalarda ulkan qum barxanlari orasida borishardi. Santyago
Alkimyogarga qaradi, biroq u aftidan hech nimani payqamagandi. Besh daqiqada keyin
boʻzbola oldinda ikki nafar suvorining qorasini aniq-tiniq koʻrdi. U gapirmoqchi boʻlib
ogʻiz juftlagan ham ediki, ikkita oʻntaga, oʻnta-yuztaga koʻpaydi va oxir-oqibat
barxanlarni son-sanoqsiz lashkar qopladi.
Suvorilar havorang kiyimda edi. Ularning sallalari qora tasma bilan tangʻib boylangan,
yuzlari esa koʻzlarigacha havorang mato bilan bekitilgan.
Hatto uzoqdan ham bu koʻzlar ruh qudratini namoyon qilib, yoʻlovchilarga oʻlimni
daraklardi.
Santyago bilan Alkimyogarni lashkargohga olib kelishdi, chodirga itarib kiritib
yuborishdi, boʻzbola hali bunaqasini koʻrmagan edi; ularni qabila boshligʻiga roʻpara
qilishdi. Uning tevaragida harbiy sardorlari saf tortib turishardi.
— Bular aygʻoqchilar, — ma’lumot berdi asirlarni boshlab kelganlardan biri.
— Yoʻq. Biz yoʻlovchilarmiz, xolos.
— Uch kun burun sizlarni dushmanlarimiz qoʻnalgʻasida koʻrishgan. Sizlar qaysidir bir
jangchi bilan gaplashgansiz.
— Men sahro yoʻllarini bilaman va yulduzlarga qarab yoʻl topaman, — javob qildi
Alkimyogar. — Sizlarning dushmanlaring qancha koʻpligi va ular qay tomonga harakat
qilayotgani menga qorongʻu. Men lashkargohingizgacha oʻzimning doʻstimni kuzatib
keldim.
— Kim oʻzi bu? — soʻradi qabila boshligʻi.
— Alkimyogar, — javob qildi Alkimyogar. — U tabiatning jamiki kuch-qudratidan
boxabar va senga oʻzining gʻaroyib iste’dodini koʻrsatishni istaydi.
Santyago miq etmay, qoʻrquv ichida tingladi.
— Musofir bizning oʻlkamizda nima qilib yuribdi, — soʻradi boshqa bir harbiy sardor.
— U sizning qabilaga pul olib keldi, — javob qildi Alkimyogar va boʻzbola ogʻzini
juftlab ulgurmay boshliqqa uning hamyonini uzatdi.
Qabila boshligʻi indamay oltinni oldi — unga koʻp qurol sotib olsa boʻlardi.
— «Alkimyogar» degani nima? — soʻradi harbiy sardorlardan biri.
— Bu tabiat va olamning sirini biladigan odam. Agar xohlasa, u lashkargohingizni
Do'stlaringiz bilan baham: |