Alkimyogar
(
R O M A N
)
Paulo Koelo
library.ziyonet.uz/
arafasidagi safardoshlariga oʻxshamasdi. Oʻshanda yugur-yugur avjiga mingan: baqiriq-
chaqiriq, bola yigʻisi va otlarning kishnashi, savdogaru tuyakashlarning hovliqqan,
hayajonli ovozlariga qorishib ketgandi. Bu yerda, sahroda esa jimjitlikni doimiy
shamolning hushtagi-yu ulovlar tuyogʻi ostidagi qumning gʻijirlashigina buzardi. Hatto
tuyakashlar ham sukut saqlashardi.
— Men bu qumliklardan koʻp oʻtganman, — dedi bir oqshom tuyakashlardan kimdir
boshqasiga. — Biroq sahro shunaqangi ulugʻ va shunaqangi tilsimki, bexosdan oʻzingni
qum zarrasiday gʻarib his eta boshlaysan. Qumning zarrasi esa gungu kar.
Santyago, sahroda birinchi marta boʻlayotgan esa-da, tuyakashning nima haqda
gapirayotganini tushundi. Uning oʻzi ham, dengizga yoki olovga, soatlab bir soʻz
aytmasdan, hech nimani oʻylamasdan, xayolan bu unsurlarning mislsiz qudratiga tamom
asir boʻlganday, termilib oʻtira olardi.
«Men qoʻydan saboq oldim, billurdan saboq oldim, — Oʻyladi u. — Endi meni sahro
oʻqitadi. Sahro, meningcha, eng koʻhnasi, sahro — men oldin koʻrganlarim orasida eng
donishmandi».
Shamol esa bu yerda bir nafas ham tin olmas va Santyago Tarifdagi minorada turib uning
kuchini qanday his etganini esladi. Andalusiya yaylovlarida oʻt va suv izlab izgʻigan
qoʻylarining junini yengil hilpiratib toʻzdiradigan mana shu shamol boʻlishi kerak.
«Endi ular meniki emas, — Oʻyladi u ortiq gʻam chekmay. — Meni unutishgan hamdir,
ehtimol, yangi choʻponga oʻrganib qolishgandir. Boʻlganicha boʻlar. Qoʻylar, xuddi u
yerdan bu yerga koʻchib-kezib yuradigan odamlarday, ayriliq ham bir zarurat ekanini
bilishadi.»
Shu payt uning yodiga movutchining qizi tushdi — harqalay, u er qilib ketgan boʻlsa
kerak. Kimga chiqqan ekan? Makkabodroq sotuvchiga tekkanmikan? Yoki kitob oʻqishni
biladigan va gʻaroyib sarguzashtlar aytib beradigan choʻponga tegdimikan —
Santyagodan boshqa ham bor bundaylar. Shunday boʻlganiga negadir ishonchi komilligi
boʻzbolaga kuchli ta’sir oʻtkazdi: ehtimol, u Umum Tilini egallagan va endi dunyodagi
barchaning buguni va oʻtmishini bilar? «Koʻngil sezishi» — bu qobiliyatni uning onasi
shunday atagan edi. Endi u tushunardi, bu — jamiki odamlarning taqdirlari oʻzaro
bogʻlangan bani bashar tiriklik oqimiga shiddat bilan ruhan choʻmish. Zero, bizga
hammasini bilmoq imkoni inoyat etilgan, shu bois ham hammasi allaqachon yozib
qoʻyilgan
— Maktub, — deb yubordi boʻzbola, billur sotuvchini eslab.
Gohida sahro qumi kutilmaganda tosh-metinga aylanardi. Mabodo karvon xarsangtosh
oldidan chiqib qolsa, uni aylanib oʻtar, agar toshloq joyga duch kelsa, chetlab yurardi.
Qumi juda yumshoq va mayda boʻlgan, tuyalarning tovoni botib qoladigan joyda boshqa
yoʻl izlashga toʻgʻri kelardi. Ba’zan shoʻrxok yerda oyoq bosish lozim boʻlar — demak,
bu joyda bir zamonlar koʻl boʻlgan — shunday paytda yuk ortilgan jonivorlar ozorlanib
oʻkirar, kishnardi. Tuyakashlar yerga tushib, ularni silab-siypab tinchlantirar, keyin yukni
Do'stlaringiz bilan baham: |