Alkimyogar
(
R O M A N
)
Paulo Koelo
library.ziyonet.uz/
Shu orada bir navqiron arab, kiftida yoʻl toʻrvasi bilan, uning oldiga keldi va salomlashdi.
— Yoʻl boʻlsin? — soʻradi u.
— Sahroga, — javob qildi angliyalik va yana kitob oʻqishga tutindi.
Uning vaqti ziq edi: oʻn yil oʻrganganlarini xotirasida tiklashi kerak; aytib boʻlmaydi,
alkimyogar uning bilimini sinab koʻrishni xohlab qoladimi.
Boʻzbola bu orada oʻtirib, kiftiga osgan toʻrvasidan kitob olib ochdi. Angliyalik
kitobning ispan tilida ekanini payqadi.
«Harqalay, yomonmas», — Oʻyladi u, chunki ispanchada arabchaga qaraganda yaxshiroq
gapirardi.
Agar bu bola ham El-Fayumga yoʻl olsa, bekorchi vaqtda u bilan gurunglashsa boʻladi.
«Qiziq, — Oʻylardi Santyago, kitobning boshidagi dafn marosimi sahnasini yana qayta
oʻqib chiqarkan. — Shu kitobni qoʻlga olganimga, mana, ikki yil boʻldi, hanuz birinchi
betidan nariga oʻtganim yoʻgʻ-a.»
Bu safar yonida podshoh Malkisidq yoʻq xalal beradigan, biroq boʻzbola baribir diqqatini
jamlay olmadi. Boz ustiga, oʻzi shu qarorga toʻgʻri keldimmi, degan fikr uni chalgʻitardi.
Lekin Santyago eng muhim narsani tushunardi: har qanday ishda qarorga kelish—
ishning boshlanishi, xolos. Qachonki odam biror narsaga, tanlab turib qaror qilsa, u goʻyo
tezkor oqimga shoʻngʻiganday boʻladiki, oqim uni xayoliga keltirmagan joyga oqizib
ketadi.
«Xazinani qidirib yoʻlga chiqqanimda billur sotuvchining doʻkonida ishlayman, deb
oʻylamagandim. Shundayin, bu karvon ham, ehtimol, mening tanlovimdir, mening azmu
qarorimdir, biroq mening yoʻlim oʻz-oʻzicha sirliligicha qoladi».
Uning yonida yevropalik oʻtiribdi va u ham kitob oʻqiyotir. Santyagoga u yoqimsiz
odamday koʻrindi: boʻzbola bostirmaga kirganda u yovqarash qildi. Bu, lekin, hech
gapmas — ular baribir tanishib olishardi, agar u gapni uzib qoʻymaganida.
Boʻzbola kitobini yopdi — uning bu muhojirga oʻxshashga hecham xohishi yoʻq edi,
keyin choʻntagidan toshchalarni oldi va ular bilan oʻynay boshladi.
— Urim va Tummim! — hayratlandi yevropalik.
Santyago shoshilib ularni yashirdi.
— Sotilmaydi, — dedi u.
— Bilaman, ular qimmat turmaydi, — javob qildi yevropalik, — oddiy shaffof toshlar,
hech qanday xislati yoʻq. Dunyoda bunday toshlar millionlab topiladi, biroq sinchkov
odamgina Urim va Tummimni darrov payqaydi. Ammo men ularning bu oʻlkalarda ham
uchrashiga shubhalanmagandim.
Do'stlaringiz bilan baham: |