Alkimyogar
(
R O M A N
)
Paulo Koelo
library.ziyonet.uz/
toʻrvasini koʻrib qoldi, koʻpdan beri koʻzi tushmagani uchun toʻrvani yodidan chiqarib
yuborgan edi. Uning ichida kamzuli va kitobi bor. U kamzulini, koʻchada birorta bolaga
sovgʻa qilarman, degan moʻljal bilan toʻrvadan chiqardi va shu payt bir juft tosh — Urim
va Tumim yerga tushib dumalab ketdi.
Shu damda boʻzbola keksa podshohni esladi va qancha vaqtdan beri u haqda
oʻylamaganiga ajablandi. Axir, butun bir yil uzluksiz ter toʻkib mehnat qilishga toʻgʻri
keldi, chunki pul topish kerak, Ispaniyaga quruq qoʻl bilan soʻppayib borib boʻlmasdi-da.
«Orzu-umidlaringdan hech qachon voz kechmagil, — degan edi unga Malkisidq. —
Belgilarga ergash».
Boʻzbola toshlarni terib oldi va shu payt uni yana gʻaroyib tuygʻu chulgʻadi, goʻyo qariya
yonginasida edi. Mashaqqatli mehnat bilan oʻtdi shu bir yil, endi esa belgilar bu yerdan
joʻnab ketishga ishora qilayotir.
«Men yana avval qanday boʻlsam, aynan oʻsha zaylimga qaytaman, — Oʻyladi u, —
biroq qoʻylar meni arabcha gapirishga, baribir, oʻrgata olmasdi».
Biroq qoʻylar unga muhim bir saboq bergan edi: dunyoda barchaga birday tushunarli
soʻzsiz til borligini oʻrgatgandi. Oʻtgan bir yil mobaynida savdo-sotiqni jonlantiray, deb
Santyago ana shu — hammaga tushunarli tilda gapirdi. Bu gʻayratbaxsh, zavq-shavqli til
edi, ishni mehr-muhabbat va xohish-iroda bilan qiladigan, ishonchu xohishingga quvvat
beradigan til edi. Tanjer endi unga begona joy emas, endi boʻzbolaning dunyoni, xuddi
bu shaharni zabt etganiday, zabt eta olishga koʻzi yetib turardi.
«Agar biror-bir narsani chin dildan orzu qilsang, butun Olam uning amalga oshishiga
koʻmaklashadi», — keksa Malkisidq shunday degan edi.
Biroq qariya faqat orzu qilib, amalda uni chin dildan istamaydigan talonchilar, behudud
sahro-yu odamlar haqida churq etmadi. U boʻzbolaga ehrom deganlari shunchaki sangzor
ekani, agar xohlasa har qanday odam chorbogʻida bunday toshlar uyumini tiklay olishi
haqida ham gapirmadi. Biroq keksa podshoh unga, agar orttirib qoʻy sotib olishga pul
yigʻa olsa, bu qoʻylarni u sotib olishi kerakligini aytib qoʻyishni unitgandi.
Santyago toʻrvasini olib, boshqa lash-lushlariga qoʻshib qoʻydi. Xoʻjayin xaridorlarga
xizmat qilar, yana ikki nafar xaridor doʻkon ichida billur idishlarda choy ichishib, aylanib
yurishardi. Bunday mahalda doʻkonda, odatda, xaridorlar koʻp boʻlmasdi. Shu damda
Santyago xoʻjayinning sochlari Malkisidqning sochlarini eslatishini payqadi. Tanjerdagi
birinchi tong mahali uning yodiga tushdi, oʻshanda na boradigan joyi va na biror yeguligi
bor edi; qandolatchining tabassumi ham yodiga tushdi va bu tabassum ham keksa
podshohni esiga soldi.
«Xuddi Malkisidq bu yerdan oʻtganday, hamma narsada oʻzining izini qoldirganday, —
Do'stlaringiz bilan baham: |