Alkimyogar
(
R O M A N
)
Paulo Koelo
library.ziyonet.uz/
Bir nima deyishga boʻzbolaning tili aylanmadi. Qariya davom etdi:
— Seni mening qoshimga goʻyo Ollohning oʻzi yubordi. Bilasanmi, bugun men nimani
angladim: Ollohning inoyatiga shukr qilmaslik la’nat boʻlib qaytadi. Men hayotdan
bundan ortiq yana nimalarnidir ta’ma qilmayman, sen esa meni qaylargadir boshlamoqchi
boʻlasan. Oʻsha yoqlarga qarab turib oʻzimning qurbimni anglab yetaman va oʻzimni
burungidan-da battar his etaman. Qoʻlim uzayib, imkoniyatim oshgan bir paytda endi
menga koʻp narsaning keragi yoʻq.
«Makkabodroq sotuvchiga bir nima deb gapirmaganim ham yaxshi boʻlgan ekan», —
Oʻyladi Santyago.
Ular biroz chilim chekib oʻtirishdi. Quyosh botdi. Xoʻjayin bilan boʻzbola arabchada
gaplashardi — Santyago bu tilni egallab olganidan mamnun edi. Bir paytlar, boshqacha
yashab yurgan vaqtlarida, unga goʻyo qoʻylar hamma narsani fahmlaydiganday tuyulardi.
Biroq arab tilini ular hech qachon oʻrganolmaydi.
«Demak, ular oʻrganolmaydigan boshqa narsalar ham bor, — Oʻyladi u, xoʻjayinga jim
qarab qoʻyarkan. — Chindan, ular oʻt bilan suvni qidirishni biladi, xolos. Bunga ham
oʻzlari oʻrgangani yoʻq — men oʻrgatdim ularni».
— Maktub, — dedi nihoyat billur sotuvchi.
— Bu nima degani?
— Uni bilish uchun arab boʻlib tugʻilish kerak, — javob qildi u. Ma’nosi, taxminan,
«shunday bitilgan» degani.
U chilimning choʻgʻlarini oʻchira turib, Santyagoga ertadan boshlab billur idishlarda
choy sotishing mumkin, dedi. Hayot daryosini toʻxtatishning iloji yoʻq.
Odamlar mashaqqat chekib qiyalikdan yuqoriga oʻrlar va tuyqusdan tepada roʻparadagi
doʻkonga koʻzlari tushib qolar, bu joyda ularga bejirim billur idishlarda yaxna xushta’m
chanqovbosdi choy taklif etishardi. Shunday damda doʻkonga bosh suqmay, choydan
ichmay boʻladimi?!
«Bu mening xotinimning yetti uxlab tushiga ham kirmaydi!» — dedi bir nechta billur
idish xarid qilgan kishi: shu kuni kechqurun unikiga mehmon keladigan va u ana shu
chiroyli billurlar bilan ularning koʻnglini ovlamoqchi edi.
Boshqa bir xaridor billurda ichilgan choyning ta’mi zoʻr boʻladi, choy billurda
xushboʻyligini saqlaydi, dedi. Yana biri esa Sharqda azaldan billurda choy ichish an'anasi
borligini yodga oldi, chunki billur sehrli xususiyatga ega, dedi u.
Tez orada bu hojatbarorlik ixtirosi hammaning qulogʻiga yetdi va xaloyiq koʻhna hunarga
qanday qilib yangidan jon kiritish mumkinligini oʻz koʻzlari bilan koʻrish ishtiyoqida
qirga oʻrlab kelaverdi. Bu orada billur idishlarga choy quyib beradigan boshqa
qoʻnalgʻalar ham paydo boʻldi, biroq u joylarga terlab-pishib, mashaqqat chekib oʻrlab
borilmasdi, shu bois ular boʻm-boʻsh edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |