Alkimyogar
(
R O M A N
)
Paulo Koelo
library.ziyonet.uz/
— Menga ularni podshoh sovgʻa qildi, — javob berdi boʻzbola.
Muhojir, goʻyo tildan qolganday, boʻshashgan qoʻli bilan choʻntagidan, xuddi
Santyagonikiday, ikkita tosh oldi.
— Sen podshoh bilan gaplashdingmi? — deb yubordi u.
— Ha-da, podshohlarning choʻponlar bilan gaplashishini sen tasavvur qilishing qiyin, —
dedi Santyago. Endi uning gurungni davom ettirish xohishi yoʻqolgandi.
— Yoʻq, nega endi. Axir, birinchi boʻlib Podshohni choʻponlar tan olishgan, bu payt Uni
hali dunyoda hech kim bilmasdi. Ayni podshohlarning choʻponlar bilan muloqotining
oʻzida hech bir ajablanarli hol yoʻq, — dedi angliyalik va boʻzbola tushunmadi shekilli
degan xavotirda qoʻshib qoʻydi: — Bu haqda Injilda oʻqisa boʻladi, oʻsha, men Urim va
Tummim haqida oʻqib bilgan kitobda. Tangri faqat mana shu toshlar bilan fol ochishga
izn bergan. Kohinlar ularni oltin koʻkrak siparida olib yurishgan.
Endi Santyago omborga kelganiga afsuslanmayotgan edi.
— Ehtimol, bu belgidir, — angliyalik ovoz chiqarib fikrlayotganday gapirdi.
— Kim senga belgilar haqida aytdi? — Santyagoning qiziqishi daqiqa sayin ortib borardi.
— Dunyodagi borki narsalar — belgilar, — dedi angliyalik, jurnalini chetga qoʻyib. —
Qadim-qadimda odamlar bir tilda gaplashishgan, keyin esa bu tilni unutishgan. Mana shu
Umum Tilini men izlayapman. Shu bois bu yerdaman. Men shu Umum Tilini biladigan
odamni topishim kerak. Alkimyogarni.
Toʻladan kelgan arab — ombor egasining paydo boʻlishi bilan ularning suhbati boʻlinib
qoldi.
— Omadlaring bor ekan, — dedi arab. — Bugun tushdan soʻng karvon El-Fayumga yoʻl
oladi.
— Biroq men Misrga borishim kerak! — tashvishlanib xitob qildi Santyago.
— El-Fayum Misrda-da. Sen oʻzing qaerliksan?
Santyago Ispaniyadanman, deb javob qildi. Angliyalik xursand boʻldi: arabcha kiyingan
boʻlsa-da, oʻzi yevropalik ekan.
— U belgilarni omad, deb ataydi, — dedi u, xoʻjayin chiqib ketgach. — Agar men
«omad» va «tasodif» soʻzlari haqida kitob yozishga kirishsam, qalingina qomus yuzaga
kelardi. Umum Tili aynan shu soʻzlardan tashkil topgan.
Shunday deb, u oʻzining Santyago bilan uchrashgani, aytgancha, undayam Urim va
Tummim bor ekan, bu shunchaki oddiy tasodif emasligini qoʻshib qoʻydi. Keyin
boʻzboladan mabodo Alkimyogarni qidirayotganing yoʻqmi, deb surishtirdi.
— Men xazinani izlayapman, — javob qildi u va xato qilganini payqab, tilini tishladi.
Biroq angliyalik uning gapiga, aftidan, ahamiyat bermadi shekilli, faqat:
— Qaysidir ma’noda — men ham, — dedi.
— Men alkimyoning nimaligini, ochigʻi, yaxshi bilmayman, — dedi Santyago, biroq shu
payt ombor egasining ularni chaqirgan ovozi eshitildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |