I BOB. RAVISHLARNING LEKSIK VA GRAMMATIK XUSUSIYATLARI
1.1.Ravish so‘z turkumi haqida umumiy ma’lumot. So‘z turkumlarining tasnifi va tahlil tamoyillarini o‘rganish uzoq tarixga ega. So‘z turkumlari masalasi tilning eng muhim birligi tushunchaning shakli bo‘lmish so‘z bilan bog‘liq bo‘lgani uchun ushbu masala qadimgi davrlardan boshlab tilshunoslar, faylasuflar hamda boshqa yondosh fan vakillarining diqqat markazida bo‘lib kelgan.4
O‘zbek tilshunosligida ravish mustaqil so‘z turkumi sifatida o‘rganilib kelinmoqda. Ravish — fe’ldan anglashilgan harakat va holatning belgisini, o‘rnini, paytini, sifatdan anglashilgan belgining belgisini bildiradigan so‘zlar ravish deyiladi. Ravishlar ifoda xususiyatiga ko‘ra sifatga yaqin, biroq sifat predmetning belgisini, ravish esa harakat yoki belgining belgisini ifodalaydi. Shuning uchun sifatlar otga, ravish esa fe’lga (sekin yurmoq), sifatga (biroz katta), ravishga (biroz ko‘p) va ba’zan otga (ko‘p kitob) ham bog’lanib keladi.
Ravishlar morfologik jihatdan o‘zgarmaydi, ya’ni turlanish va tuslanish xususiyatiga ega emas. Ravishlar ham sifatlar singari belgini darajalab ko‘rsata oladi. Ravishlarda belgining kamligi -roq qo‘shimcha orqali hosil bo‘ladi: ozroq, sekinroq, kamroq kabi.
- roq qo‘shimchasi ba’zan belgini kuchaytirib ham ifodalaydi: tezroq,ko‘proq, mo‘lroq, ertaroq kabi.
Mustaqil soʻz turkumi sifatida quyidagi morfologik xususiyatlar bilan ajralib turadi:
1) daraja kategoriyasiga ega: tez, koʻp (oddiy daraja) — tezroq, koʻproq (qiyosiy daraja) — eng tez, juda koʻp (orttirma daraja) kabi;
2) oʻzgarmas bo‘lib, koʻpincha feʼllarga bogʻlanib keladi: Soʻrida qat-qat
duxoba koʻrpachalar ustma-ust toʻshalgan edi;
3) Ravish ayrim oʻrinlarda sifat va otga bogʻlanib kelishi ham mumkin. Bunday hollarda Ravish belgining belgisini yoki predmetning belgisini emas, oʻzi bogʻlanib kelgan sifat yoxud otdan anglashilgan harakatlarning belgisini bildiradi: Kecha havo juda sovuq edi. U hozir beqiyos va tasavvur qilib boʻlmas baxtiyor edi;
4) Ravish yasovchi maxsus qoʻshimchalarga ega: -cha, -ona, -larcha, -lab va boshqa;
5) turlanmaydi va tuslanmaydi (otlashish hollari bundan mustasno).
Ravishlar morfologik va sintaktik usullar bilan yasaladi: doʻstona, qahramonlarcha, oylab (morfologik usul), har zamon, shu on, bir dam (sintaktik usul) kabi. Ravishlar tuzilishiga koʻra, sodda (kamtarona, vijdonan, butunlay), qoʻshma (har dam, bir yoʻla, ozmuncha, har qachon), juft (kecha-kunduz, qishin-yozin) va takroriy (ozoz, tez-tez, koʻp-koʻp) turlarga boʻlinadi. Ravishlarning anchagina, juda, kam, kam-kam kabi shakllari modal shakl hisoblanadi. Ravishlar gapda hol, aniqlovchi va kesim vazifalarida keladi.
Ravishlar belgi anglatish xususiyatlari bilan sifatlarga uxshaydi, ammo grammatik xususiyatlari jihatidan ular oʻzaro farqlanadi: sifatlar predmetning belgisini, ravishlar esa harakat yoki holatning belgisini bildiradi; ularning gapdagi, yaʼni sintaktik vazifasi ham oʻzgachadir.
Ravishlar tarkibida -ga, -dan kelishik qo‘shimchalari, -i (-si) III shaxs biriik son egalik qo‘shimchasi, -lar ko‘plik qo‘shimchasi yaxlitlanib qolgan. Shuning uchun ularga turlanish sifatida qaralmaydi. Masalan, birdan, zimdan, qo‘qqisdan, yangidan, birdaniga, harbiychasiga, kechasi, kunduzi, uzoqdan, oldinda, tubdan, rostdan, avvallari, kechalariravishlari tarkibida egalik va kelishik qo‘shimchalari bo‘lsa ham, ular turlanmagan. Chunki bu kabi ravishlardagi qo‘shimchalar asos qism bilan mustahkam birikib hozirgi kunda ajralmas holga kelgan. Bu qo‘shimchalardan tashqari qadimgi davrlarda keng ishlatilgan -ra qo‘shimchasi (so‘ngra, uzra), -in (-un) qo‘shimchasi (birin-ketin, ostin-ustun, qishin-yozin) so‘zlar tarkibida yaxlitlanib qolgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |