Keraktur ishqi pinhoni-yu dog’i ishq pinhoniy. (6. 426)
Alisher Navoiy ushbu bayt bag’riga o`zi muridi komili bo`lgan naqshbandiya tariqatining «Dil ba yor-u dast ba kor» tayanch g’oyasi mohiyatini singdirgan. Aslida ulug’ shoir she’riyati qahramonlari ishqdan etgan barcha ozor-u mashaqqatlarga sabot va matonat bilan bardosh berishga tayyordirlar. «G’aroyib us-sig’ar» devoni g’azallarining biriga mansub bo`lgan quyidagi bayt lirik qahramoni haqida ham shunday xulosaga kelishga asos bo`ladi:
Ey Navoiy, ishq mushkil deb nechuk tarkin tutay,
Elga gar bu ish hunar bo`lsa, bo`luptur fan manga. (3. 35)
Ulug’ shoir ishq bobida tenglik falsafasini ilgari surib, g’azallarining birida: «Ishq aro shoh-u gado tengdir, balki gado fuzun»,- deya e’tirof etadi. Biroq bu muaddas tuyg’uni e’tiqodida sobit bo`lmagan, munofiq kishilar tomonidan toptalishini keskin tanqid qiladi:
Ulki ermas ishqi pok-u sajda aylar ko`rsa husn,
O`yladurkim, aylagay fosih tahoratsiz namoz. (3. 182)
Husn – go`zallikni ko`rib, unga mahliyo bo`lgan kishining sajda qilishi pok ishqning nishonasi emas. Undagi «sadoqat» va «e’tiqod» nobakor kimsaning yuviqsiz – tahorat olmay namoz o`qishi bilan barobardir. Ishq, avvalo, poklik, qolaversa, sadoqat-u chinakam e’tiqod bilan muqaddasdir. Mana shu talab-tamoyillar buzilgan joyda xoh majoziy, xoh ilohiy ishq bo`lsin, bular haqida gap-so`z bo`lishi mumkin emas.
Shunday qilib, Alisher Navoiy lirikasida hamd, na’t yo`nalishidagi she’rlar, ijtimoiy hayotning turli muammolari, odob-axloq me’yorlariga bag’ishlangan badiiyat namunalarini juda ko`plab uchratish mumkin.
1.2 Alisher Navoiy g’azaliyotining shakliy, g’oyaviy xususiyatlari, yetakchi qahramonlari va badiiyati.
Alisher Navoiyning o`zbek tilidagi qomusiy devoni «Xazoyin ul-maoniy» mumtoz adabiyotimiz xazinasidagi jozibali she’riyatning eng yuksak cho`qqisi sanaladi. Ulug’ shoirning kichik she’riy janrlar taraqqiyoti tarixidagi muhim xizmatlaridan biri shuki, u o`zi yashagan davrga qadar turkiy badiiy so`z san’atida mavjud bo`lgan g’azal, masnaviy, qasida, tuyuq, qit’a, ruboiy, fard, soqiynomani yuksak ravnaq pag’onasiga ko`tardi. Shuningdek, yig’ma devonini rang-barang mavzularda bitilgan, turkiy she’riyat uchun nisbatan taqchil bo`lgan muxammas va musaddas, musamman va mustazod, tarje’band va tarkibband, muammo va lug’z-chiston singari adabiy shakllar bilan bezadi.
Alisher Navoiy ma’naviy merosi tarkibidagi 16 janr orasida g’azal alohida mavqega ega. Ulug’ shoir o`ziga xos uslubda ijod etgan bunday badiiy yaratmalarida, avvalo, mavzuni batafsil yoritish uchun matlada aytilgan fikrni mantiqiy rivojlantirib borish, she’r qahramoni hissiy-ruhiy kechinmalarini badiiy san’atlar yordamida haqqoniy va samimiy tasvirlashga erishdi. Oshiqona g’azallari tarkibida mav’iza – pand-nasihat mazmundagi baytlarga keng o`rin berdi. Ayni mayl g’azal janrini tor oshiqona qoliplardan ma’no-mavzu ko`lamdorligiga olib chiqish uchun qulay imkoniyat hosil qildi. Badiiy tasvir vositalaridan foydalanishda ulug’ shoir yuksak san’atkorlik namunalarini namoyish qildi. O`zidan keyingi ijodkorlar uchun ilhom manbayi, adabiy maktab vazifasini o`tagan navoiyona bunday uslubning shakllanishida, shubhasiz, XV asrga qadar musulmon mintaqa adabiyotida vujudga kelgan adabiy an’analarni teran o`rganish muhim ahamiyat kasb etgan. G’iyosuddin Xondamirning ma’lumotiga ko`ra, Alisher Navoiyning bolalik chog’laridanoq ulug’ turkigo`y shoir malik ul-kalom Mavlono Lutfiyning nazariga tushib, uning yuksak bahosiga loyiq ko`rilishi yosh shoirning ijod maydonida zavq bilan javlon urishi uchun o`ziga xos adabiy maktab vazifasini o`tagan. «Xazoyin ul-maoniy» tarkibidan o`rin olgan besh musammat (3 muxammas, 2 musaddas) barchasining faqatgina Mavlono Lutfiy g’azallariga bog’langan taxmislar ekanligi fikrimizni to`la quvvatlaydi. Ulardan birining maqtasida quyidagi satrlar mavjud:
Do'stlaringiz bilan baham: |