Har gado egnida bo`lsa eski to`n yo choki jayb,
Bilmay asli niyatin qilmoq g’alatdur shakku rayb,
Ey Navoiy, chun sanga ma’lum emastur sirri g’ayb,
Lutfini mayxonada oshufta ko`rsang, qilma ayb,
Kim, bu majnun ixtiyori zulfi qullobindadur. (5. 457)
Mavlono Lutfiy g’azaliyoti xalqona ohangda bitilganligi, baytlarda xalq maqollari va iboralaridan foydalanib yetakchi g’oyani o`quvchiga teran yetkazish hamda insonning murakkab ruhiy holatlari tasvirini she’rxon ko`z o`ngida o`sha vositalar yordamida ta’sirchan bo`yoqdor gavdalantirishga egaligi bilan fazilatlidir. Alisher Navoiy g’azaliyotida ham lutfiyona bunday uslubning ijodiy rivojlantirilganligini kuzatish mumkin. Ulug’ shoir shundan bo`lsa kerak, «Badoye’ ul-bidoya» devoni debochasida turkigo`y ijodkorlardan Mavlono Lutfiy va Mavlono Sakkokiyga juda yuksak baho berib yozadi: «...Va uyg’ur iboratining fusahosidin va turk alfozining bulag’osidin Mavlono Sakkokiy va Mavlono Lutfiy rahimahum ollohkim (Alloh ularga marhamatli bo`lsin – H.E.) birining shirin ab’yoti ishtihori Turkistonda bag’oyat va birining latif g’azaliyoti intishori Iroq-u Xurosonda benihoyatdurur va devonlari mavjud bo`lg’ay.» (MAT. 1-tom, 14-bet.) Alisher Navoiyning Mavlono Sakkokiy ijodi bilan yaqindan tanishligi g’azallaridan birining maqtasida kelgan va faxriyaga murojaat asosida vujudga kelgan quyidagi baytda yorqin namoyon bo`ladi:
Navoiy nazm aro tig’i zabonni uyla surdikim,
Pichoq topmas uyatdin o`zni o`lturmakka Sakkokiy. (4. 423)
Keltirilgan iqtibosda Alisher Navoiyning turkiy adabiyotning bu ustoz qalamkashi ijodiga bo`lgan mehr-muhabbati, hurmati, ayni choqda bu ulug’ shoir bilan o`zaro adabiy musobaqa – mushoira uyushtirgani sezilib turadi. Baytdagi yana bir nozik jihatga e’tibor qilmaslikning iloji yo`q. Alisher Navoiy ikkinchi misrada badiiy san’at qo`llashda nafis mahorat ko`rsatgan. Iyhom tasviriy vositasiga murojaat qilgan ulug’ shoir «pichoq - pichoqchi» so`zlarini «o`ynatadi». Buning uchun «Sakkokiy»ning «pichoqchi» ma’nosiga ega ekanligi unga qo`l kelgan. Shunday qilib, baytni quyidagicha talqin qilish mumkin: Navoiy nazm bobida mahorat ko`rsatib, shunday go`zal misralar yaratdikim («tig’i zabonni uyla surdikim» - bu o`rinda ham «tig’» orqali pichoq nazarda tutiladi va bu bilan misralararo tanosub hosil qilinadi), ularni o`qigan «Pichoqchi» (Sakkokiy) uyalib, o`zini so`yish uchun pichoq topolmay dog’dadir. Fikrimizcha, so`z san’ati bobida bundan-da yuksak nazokat bo`lmas.
Tabiat Alisher Navoiydan o`z ehsonlarini darig’ tutmagan. Jumladan, kuchli hofiza quvvati va bir necha tilni puxta bilish iste’dodini unga ravo ko`rgan. Arab va fors tillarini puxta bilgan shoirga o`ziga qadar bo`lgan fors-tojik va arab adabiyotlarini o`ta sinchkovlik bilan o`rganish imkoniyatini berdi. Nizomiy Ganjaviy, Amir Xusrav Dehlaviy, Xoja Hofiz, Shayx Sa’diy, Kamol Xo`jandiy, Salmon Sajaviy, Mavlono Lutfiy, Abdurahmon Jomiy singari ustoz ijodkorlar merosini o`ta zavq bilan mutolaa qildi. O`sha ta’b sohiblarining ma’naviy meroslari uning ijodkor sifatida shakllanishida ma’lum darajada ta’sir ko`rsatgan bo`lsa, ajab emas. Ulug’ shoir o`sha adabiy gulshandan ilk bor tuygan va diqqatini tortgan, dimog’ini qitiqlagan muattar gullar tarovatini bir umrga unutmaydi. Shundan bo`lsa kerak, g’azalchilik bobida Amir Xusrav, Xoja Hofiz, Abdurahmon Jomiy o`rnini alohida ta’kidlaydi va ularni ustoz deyishdan faxrlanadi. «Xazoyin ul-maoniy» va «Devoni Foniy»dagi o`nlab ishoralar shundan dalolat beradi. «Favoyid ul-kibar» devonidagi quyidagi qit’a bu jihatdan, ayniqsa, ahamiyatlidir:
Do'stlaringiz bilan baham: |