2.2.2-§. O‘zlashma qatlamga mansub terminlar
Mustaqillikdan so‘ng o‘zbek tiliga marketing terminlarning turli tillardan o‘zlashish jarayoni faol kechmoqda. Ilmiy terminologiyaning tarkibiy qismiga aylanib borayotgan turizm terminologiyasi terminlarining shakllanishi va rivojlanishida lingvistik, ekstralingvistik omillarning ta’siri muhim rol o‘ynaydi.
Har bir til lug‘at tarkibini tarixiy etimologik tomondan tahlil qilsak, tilning o‘z leksikasiga qaraganda o‘zlashma birliklar ko‘pligi yoki til lug‘at boyligining yarmini tashkil etganligini ko‘ramiz.
“O‘zbek tili leksikologiyasi” kitobida so‘z o‘zlashtirish jarayoniga: O‘zlashtirish – bir tildan ikkinchi bir tilga ma’lum til unsurlarining ko‘chishi, kirishidir.44
So‘nggi paytlarda, ba’zi tilshunoslar nolisoniy omillar sirasida so‘z o‘zlashtirishning ijtimoiy-psixologik sabablari haqida ham fikr yuritmoqdalar. Xususan, V.G.Kostamarov rus tiliga inglizcha leksik birliklarning shiddat bilan kirib kelishini ijtimoiy-psixologik omillar bilan izohlaydi. Uning ta’kidlashicha, xorijiy tilardan so‘z o‘zlashtirishda o‘ziga yarasha lisoniy “moda” paydo bo‘lgan. Hozirgi davrda lisoniy “moda” so‘z o‘zlashtirishda asosiy omil bo‘lmoqda. Bu esa dunyo tillari o'rtasida ingliz tili (va uning amerikancha varianti)dan so‘z o‘zlashtirish an’anaga aylanayotganligini ko‘rsatadi45.
Turli tarmoq mutaxassislarining terminologik tizimini takomillashtirish bir tildan ikkinchi tilga o‘zlashyotgan terminlarning mavjud mukammal muqobilini tanlashda tilshunoslar bilan hamkorligi yaxshi natijalar beradi. Ayniqsa, o‘zga tillardagi iarayon anglatuvchi terminlarni o‘zbek tili terminologiyasiga kiritish uchun olimlarning ularga muqobil topish borasidagi ijodkorligi talab qilinadi: distributsiya, amortizatsiya, demonstratisiya kabilar. Bu terminlarning o‘zbek tili ichki imkoniyatlari asosida o‘zbekchalashtirib, aniq muqobilini topish muhim hisoblanadi. Lekin terminni so‘z birikmasi shaklida o‘zbekchalashtirish har doim ham til qonunlariga mos kelavermaydi.
O‘zbek tili leksikologiyasi kitobida so‘z o‘zlashtirishdagi ayrim qonuniyatlar keltirib o‘tilgan:
O‘zlashma so‘z uni qabul qilgan tilning yozuv xususiyatlariga mos bo‘lishi
Chet so‘z o‘zlashtiruvchi til grammatik kategoriyalariga mos kelishi
So‘z uni qabul qilgan tilda qayta fonetik tomondan shakllanishi
Chet so‘z uni qabul qiluvchi tilga grammatik jihatdan singishi
Chet so‘z uni qabul qiluvchi til so‘z yasash tizimida faol ishtirok etishi
Chet so‘z uni qabul qiluvchi tilda faol ishlatilishi
Qabul qilgan tilning ma’noviy xususiyatlariga singishi46
Zamonaviy ilg‘or fan-texnika, texnologiyalar bilan bog‘liq tushunchalarni ifodalovchi chet so‘zlar, xususan, ingliz ( amerika varianti ) so‘zlari juda ko‘plab tillarga kirib bormoqda. Hatto boshqa tillar ta’siriga o‘ta xushyorlik bilan qaraydigan bugungi yaponlar tilidagi kompyuter texnikasiga oid terminologiyaning naqd 99 foizi ingliz tilidan o‘zlashtirilgan so‘zlardir.47 Olim Nizomiddin Mahmudov ushbu maqolasida o‘zbek tili lug‘aviy qatlamida termin yasovchi bir qator affikslarni sanab o‘tadiki, ular terminni o‘zbekchalashtirishda umundor qo‘shimchalar hiosblanadi. -noma: savolnoma, axborotnoma, narxnoma; -aro: fanlararo, tarmoqlararo, davlatlararo; no- : notijorat, nomoddiy; -lash, -lashtirish: mexanizatsiyalash, modellashtirish kabilar.
Marketing terminologiyasidagi o‘zlashmalarning asosiy qismini ingliz tilidan, shuningdek, fransuz, italyan, nemis tillaridan o‘zlashgan terminlar tashkil qiladi. Til taraqqiyotining zamonaviy bosqichidagi eng samarali so‘z va termin o‘zlashtirish usullaridan biri – kalkadir. U tilda mavjud bo‘lmagan tushunchalarni tilda mavjud bo‘lgan birliklar vositasida ifodalash imkonini beradi. O‘zbek tilining marketing terminologiyasida o‘zlashish masalasi tadqiq qilinganda to‘g‘ridan to‘g‘ri termin o‘zlashtirish faol ekanligi aniqlandi.
To‘g‘ridan to‘g‘ri o‘zlashtirilayotgan termin hech qanday o‘zgarishlarsiz yoki ayrim (juz’iy) fonetik o‘zgarishlar bilan olinadi. Bunday terminlar: promotion – promoushn, sampling – sempling, superstore – superstor, sandvwich men – sendvich-men, stokiest – stokist, speechwriter – spichrayter.
Marketing terminlarning o‘zlashuvining lisoniy omillari sifatida quyidagi asosiy manbalarni qayd etish mumkin:
1. Umumiste’moldagi so‘zlar ma’nosini maxsuslashtirish yoki ona tilidagi so‘z va morfemalar yordamida termin yasash: ayirbosh, attorlik, baqqollik, baqqolxona, baqqolchilik, bo‘yrafurush, bazzozlik, dallollik, dallolboshi, dallolchilik, dorifurush, korxonachi.
2. O‘zlashma terminlarning ona tilidagi muqobillarini yasash: barter – ayirboshlash, broker – dallol, domestic trade – ichki savdo, presuasion – ishontirish, guaranty – kafolat, auksion – kimoshdi savdosi, customer – mijoz kabilar.
Marketing terminologiyasida o‘zlashma terminlar ko‘pligi bois ayrim terminlarni izohlashda, muqobil tanlashda xatoliklar uchramoqda. Chizmada makler, diler, broker, rielter terminlari keltirilgan. Ularning umumiy semasi – vositachilikni bajaruvchi shaxs.
2.5. rasm. Terminga muqobil tanlashdagi xatolik
Diller inglizcha dealer – birja dalloli deya ta’rif keltiriladi “Marketing terminlari izohli lug‘ati”da. Dallol – chorva bozorida sotuvchi va oluvchi o‘rtasida ularni kelishtirib qo‘yuvchi mustaqil shaxs, bu o‘rinda birja agenti yoki vositachisi sifatida o‘zgartirilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Rielter inglizcha neologizm termin bo‘lib, aslida, ko‘chmas mulk agenti degan ma’noni bildiradi. Lekin tarjimonlar tomonidan ushbu termin ko‘chmas mulk dalloli kabi izohlangan, tarjima qilingan. Xuddi yuqoridagi kabi xatolik uchramoqda. Broker, makler terminlariga ham hech qachon dallol terminini muqobil sifatida qo‘yib bo‘lmaydi.
Marketing – iste’molchilar ehtiyojini anglagan holda ularni samarali qondirishga qaratilgan faoliyat.
Loyalty – inglizcha termin bo‘lib, o‘zbek tiliga loyallik shaklida qabul qilingan. Iste’molchining markaga, brendga munosabati, xarakteristikasi, deya izohlanadi.
Motivatsiya – psixologiyaga oid termin bo‘lib, marketingda: individual yoki tashkilotning umumiy maqsadlarga erishishga yo‘naltirilgan faoliyatga o‘z-o‘zini va boshqalarni rag‘batlantirish jarayoni.
Marketing terminologiyasida bir qator abbreviaturalar borki, ularning hosil bo‘lishi ingliz tiliga bog‘liq. Ingliz tili marketing terminologiyasida qay holda qo‘llanilsa, ularni shundayligicha o‘zbek tili terminologik tizimiga hamda lug‘atlarga kiritilishi kerak. Lekin foydalanuvchi uchun ayni o‘zbekcha muqobili topilsa, soha terminologiyasi va leksikografiyasidagi bir kamchilik bartaraf etilgan hisoblanar edi.
CAC – Customer acquisition cost terminining ma’nosi bitta yangi mijozni jalb etishga sarflanuvchi xarajat.
CRM – Customer relationship management mijozlar bilan munosabatlarni boshqarish.
KPI – Key performance indicators muvaffaqiyatni baholashda foydalanish uchun amalga oshirilgan harakatlar o‘lchovi.
PPC – Pay-per-click istiqboldagi mijoz har safar raqamli reklamadagi havolani bosganda reklama beruvchiga to‘lanuvchi narx. Bu kabi misollarni yana keltirish mumkin, ammo bular soha terminologiyasida yechimini kutayotgan muammo bo‘lishi bilan birga hali bu terminlar o‘zbek tiliga neologizm hisoblanadi. Marketingga oid lug‘atlarda ham o‘z ifodasini topmagan. Agar yuqoridagi kabi terminlar lug‘atlarda joy olsa, qaysi shakli bosh so‘z sifatida qo‘yiladi, qay holda beriladi, foydalanuvchilar tomonidan qay tarzda qabul qilinadi ushbu masalalar ham bor. O‘zbek tili foydalanuvchilari uchun OTM, MTT, BMT kabilar tushunarli hisoblanadi.
Ruscha marketingga oid terminlar: aksioner, avans, arenda, arendator, buxgalter, valyuta, veksel, garantiya, dolya, zayom, zaklad, makler kabilar.
Nemis tilidan o‘zlashgan terminlar: brak, butleger, makler.
Brak – nuqson, kamchilik, yaroqsiz, ma’nolarini bildirib, o‘zi anglatayotgan tushuncha bilan termin ma’nosida uyg‘unlik bor. Davlat andozlariga mos kelmaydigan, foydalanishga yaroqsiz, sifatsiz tovar, mahsulot. Masalan, brak daftar, brak telefon. Brak qilmoq, brakka chiqarmoq kabi o‘zbek tilida birikmalarini hosil qiladi. Mastura o‘z ishida hali biror mahsulotni brakka chiqarmadi(gazetadan)
Fransuzcha terminlar: avans, banderol (fr. bande – tasma + role – o‘ram) 1. Qog‘ozga o‘rab, pochta orqali jo‘natiladigan bosma nashrlar: kitob, gazeta, jurnal. 2. Mol (tovar) uchun aksiz va boj to‘langanidan dalolat beruvchi tovar ustiga yopishtirib qo‘yiladigan tasmasimon qog‘oz.
Har bir soha terminologiyasi kabi marketing terminologiyasining asosiy qismi o‘zlashma terminlardan iborat. O‘zlashma terminlar esa ilmiylikning bosh mezoni hisoblanadi. Tilshunoslikda o‘z qatlamga oid tovush termini fonema terminining ma’nosini izohlay olmaydi. Albatta bu kabi terminlarni tarjima qilish, kalkalash orqali o‘zlashtirib olish noto‘g‘ri. Zero, baynalmilal terminlar ilmiylikning bosh omili shartli belgi sifatida terminologiyada muqim joy oladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |