Tuproqning fizik yetilganligi. Kam kuch sarflanib yaxshi va sifatli ishlanish holatiga tuproqning fizikaviy yetilganligi deyiladi. Tuproqning bu holati uning namligi bilan belgilanadi va to’liq nam sig’imiga nisbatan, turli tuproqlarda bu namlik 60 dan 90 foizgacha o’zgarib turadi. Fizik yetilish holati tuproqning mexanik tarkibiga va strukturasiga bog’liq. Qumoq va soz tuproqlar fizik yetilgan holatda haydalganda, osonlik bilan turli uvoqlarga ajralib ketadi. Yuqori namlikda haydalganda tuproq yaxlit kesakli qatlam hosil bo’lib, quriganda uning strukturasi kuchli ravishda buziladi. Shunday qilib, o’ta nam yoki qurigan yerlarni haydash natijasida tuproqning unumdorligi bir necha yil davomida yomonlashib boradi.
3. Dehqonchilik faoliyati va uzoq muddatli sug’orish tuproqning morfologik tuzilishini, kimyoviy tarkibi, fizik va meliorativ holatini o’zgartirib qolmasdan, balki uning fizik-mexanik xossalarining o’zgarishiga ham sabab bo’ladi. M.Umarovning (1974) ma’lumotlari bo’yicha sug’orish muddati Qarshi cho’li taqirli tuproqlarining fizik-mexanik xossalariga, ayniqsa uning qatqaloqlanish jarayonini o’zgarishiga
sabab bo’ladi. Sug’orish natijasida taqirli tuproqlarning plastiklik sonlari qo’riq maydon tuproqlariga qaraganda bir muncha ortadi. Masalan, qo’riq va portov yerlarning taqirli tuproqlarida plastikligining yuqori chegarasi 23-28 % o’rtasida bo’lsa, sug’oriladigan maydonlarda esa bu ko’rsatkich 25-31 % ni tashkil qiladi. Demak, sug’oriladigan taqirli tuproqlarning ishlov diapazoni bir muncha keng hisoblanadi.
Sug’orish davri, ayniqsa, taqirli tuproq haydalma qatlamining uvoqlanish darajasiga ancha ta’sir qiladi. Eng avvalo tuproqlarning fizik yetilganlik ko’rsatkichi ularning plastiklikning kuyi chegarasi holatidagi namlik darajasiga juda yaqin bo’lishi xarakterlidir. Bunday holat ayniqsa, qadimdan sug’oriladigan taqirli tuproqlarning fizik yetilganligida aniq ko’rinib turadi, ya’ni mazkur tuproqda plastiklikning quyi chegarasi 19,8 % ni tashkil etsa, uvoqlanish namligi esa - 20,2 % ga teng. Sahro zonasida joylashgan taqir va taqirli tuproqlarning eng salbiy tomoni sug’orishdan keyin qatqaloq hosil bo’lishidir. M.Umarov, J.Ikromovlar taqirli tuproqlarni bostirib sug’organda katta qalinlikda va qattiqlikda qatqaloq paydo bo’lishini aniqladilar.
Sug’orishning dastlabki va so’nggi davrlarida portov yerlarda qatqaloqlanish qadimdan sug’oriladigan taqirli yerlarda bir muncha sekinlashib, uning ko’rsatkichlari bilan qo’riq yerlardagi taqirli tuproqlarga yaqinlashadi.
Shunday qilib sug’orish, mineral va organik o’g’itlarning keng qo’llanilishi tuproqning kimyoviy, fizikaviy va meliorativ holatlarini yaxshilabgina qolmasdan, balki ularning texnologik xususiyatlarini ham yaxshilar ekan.
Sahro tuproqlarining qatqaloq hosil bo’lishiga moyilligi asosan uning namlanish darajasi bilan bog’liq bo’ladi. Tuproqdagi namlikni sarflanishdan qanchalik saqlasak, qatqaloq hosil bo’lish jarayonini shunchalik kechiktirgan bo’lamiz. Buning uchun ekin maydonlari sug’orilgandan yoki yog’in-sochinlardan so’ng darhol yumshatilishi lozim, aks holda qatqaloq madaniy ekinlarning keyingi rivojini batamom to’xtatadi. Qatqaloqqa qarshi kurashishning asosiy agrotexnik tadbirlari - go’ngdan mulcha hamda o’g’it sifatida foydalanish, og’ir tuproqlarning haydalma qatlamiga qum solish, sun’iy strukturalarni qo’llash maqsadga muvofiqdir.
Tuproqning umumiy fizik xossalari va fizik-mexanik xossalari ekinlarni o’stirish texnologiyasida e’tiborga olinishi kerak. Bu maqbul sharoitlar ma’lum darajada tuproqning biologik va kimyoviy xossalarini yaxshilashga qaratilgan agrotexnika tadbirlarini qo’llanish natijasida yuzaga keltiriladi. Qishloq xo’jalik ekinlarini o’stirish va ularning talabiga javob beradigan texnologiyadan samarali foydalanishda, agronom tuproqning yuqorida qarab chiqilgan fizik va fizik-mexanik xossalari ko’rsatkichlarining maqbul parametrlarini yaxshi bilishi kerak. Tuproqning umumiy fizik va fizik-mexanik xossalarini tuproqning unumdorligini baholashda va qishloq xo’jalik ekinlarini parvarish qilish texnologiyasida e’tiborga olish zarur. Ularning hammasi tuproqga ta’sir etishning agrotexnikaviy, biologik va kimyoviy usullari orqali u yoki bu darajada tartibga solinadi. Tuproqning mexanik va mineralogik tarkibi, strukturasi, namligi, almashinadigan kationlar tarkibi, gumusli holati, dalalarda foydalaniladigan texnikalar va qishloq xo’jalik ekinlarini o’stirish
texnologiyalari tuproqning fizikaviy va fizik-mexanik xossalariga ta’sir etuvchi eng muhim omillar hisoblanadi.
Tuproqning fizikaviy va fizik-mexanik xossalarini tartibga solishda o’simliklar talabiga binoan va ularni yetishtirishda samarali texnologiyalarni tanlashda ushbu xossalarning yuqorida sanab o’tilgan parametrlarini baholashni hamda ularning shakllanishida ko’rsatilgan omillarning rolini bilish zarur.
Tuproqlardan dehqonchilikda foydalanishda uning mexanik va mineralogik tarkiblarining o’zgarishi qiyin bo’lganligi sababli, ularning ahamiyatini tuproqning fizikaviy va fizik-mexanik xossalarini boshqarish usullarini tanlashda (turli mexanik tarkibdagi tuproqlarni ularning namligiga ko’ra ishlov berishning optimal muddatlarini tanlashda, og’ir tuproqlarda haydov osti gorizontlarini yumshatishda va boshqa) asosan ularning ahamiyatini hisobga olish zarur. Tuproqning namligi, strukturasi, gumuslanish darajasi va almashinadigan kationlar tarkibi kabi turli darajada tartibga solinadigan omillar fizikaviy va fizik-mexanik xossalarning barcha kompleksiga har tomonlama ijobiy ta’sir etadi. Tuproqning namlik holatiga ko’ra unga ishlov berish muddati va usullarini tanlash, tuproq struktura holatini yaxshilashda amalga oshiriladigan tadbirlar (ko’p yillik o’tlar ekish, ishlov berishni minimallashtirish, organik o’g’itlar berish, siderat ekinlar ekish va boshqalar) ni amalga oshirish, tuproq gumusini oshirish tuproqning fizikaviy va fizik-mexanik xossalarini eng yaxshi parametrlarini yaratishga imkon tug’diradi.
Nordon tuproqlarni ohaklash va ishqorli tuproqlarni gipslash, singdirilgan asoslar tarkibini o’zgartirish bilan birga fizik va fizik-mexanik xossalarning butun kompleksining o’zgarishiga ham sabab bo’ladi. Tuproqning fizik xossalari, eng avvalo, zichligi, g’ovakligi, solishtirma qarshiligi kabi xossalarining shakllanishida tuproqqa qishloq xo’jalik texnikasining ta’siri alohida ahamiyatga ega. Og’ir texnika (og’ir traktor, kombayn va boshqa mashinalar), tuproqning 50-80 sm va undan ham ko’proq chuqurlikgacha va ayniqsa haydov va haydov osti qatlamlarining kuchli zichlanishiga sabab bo’ladi.
Shuning uchun tuproq zichlanishiga ta’sir etishi jihatidan mashina-traktor parklari tarkibiga qattiq talab qo’yish, dehqonchilikda ishlov berishni minimallashtiradigan texnologiyalarni joriy etish, tuproq zichlanishiga qarshi kurashda faol usullardan foydalanish (chuqur yumshatish va boshqalar) tuproqning qulay fizikaviy va fizik-mexanik xossalarini vujudga keltirishda muhim ahamiyatga ega.
Tuproqning organik qismi turli xildagi va tarkibdagi organik moddalardan tashkil topgan. Bu organik moddalar o’simliklar, jonivorlar va mikroorganizmlarning har xil darajada chirigan qoldiqlaridan hamda tuproqning o’ziga xos moddasi - gumus yig’indisidan iborat. Gumus murakkab kimyoviy tarkibli azot saqlovchi yuqori molekulyar modda kompleksi bo’lib, odatda qoramtir tusli va tuproqqa tekis singib ketgan hamda mineral qismi bilan juda mustahkam birikkan holatdadir.
Tuproqning organik moddalari tarkibida doim turli organizmlarning tirik hujayralari va tuproq faunasi (jonivorlari) ham ishtirok etadi. Tuproqlar organik qismining tarkibi taxminan quyidagi nisbatda: gumus 85 foiz, o’simlik qoldiqlari 10 foiz, tuproq florasi va faunasi (tirik zamburug’lar, suv o’tlari,
bakteriya va aktinomisetlar, yomg’ir chuvalchanglari kabilar) 5 foiz chamasida bo’ladi (10-rasm).
Do'stlaringiz bilan baham: |