Jamiyatdagi mehnat taqsimoti odamlarni bir-birlari bilan bog’lab turuvchi va ularga mahsulot va resurslarni almashtirish imkonini beruvchi mexanizmning bo’lishini taqozo etadi. Bunday mexanizm bozor hisoblanadi. Bozor to’g’risida A.Smit ta‘limotidagi asosiy g’oya iqtisodiy liberalizm g’oyasi, davlatning iqtisodiyotga aralashuvini minimallashtirish g’oyasi, erkin raqobat asosida tashkil topadigan baho yordamida iqtisodiyotning o’zini o’zi boshqarish g’oyasi hisoblanadi. Uning ta‘limotiga ko’ra bozor odamlar faoliyatini muvofiqlashtiradi (koordinatsiyalashtiradi), ularning manfaatlarini uyg’unlashtiradi. Bozor iqtisodiyoti novvoyni shirin non yopishga, bog’bonni ekologik toza meva-sabzavot yetishtirishga, savdogarlarni boshqa mintaqalardan arzon bahoga tovarlar olib kelishga undaydi. Raqobat sharoitida iste‘molchilar ehtiyojini yuqori darajada qondira oladigan ishlab chiqaruvchilar yashab keta oladi. Demak, ko’proq foyda olish ishtiyoqida bo’lgan
tadbirkorlarning bir tomonlama manfaatlari ularni jamiyatning boshqa a‘zolari manfaatlariga xizmat qilishga majbur qiladi.
―Menga nima kerak bo’lsa, shuni menga ber va sen o’zingga nima kerak bo’lsa o’shani olasan‖. Aynan shunday ko’rinishda odamlar o’zlari ehtiyoj sezgan narsalarni bir-birlaridan ko’proq olishga erishadilar.
A.Smit kitobining asosiy mohiyati hukumatning va boshqalarning erkin raqobatga aralashuvini tanqid qilishdan iborat. A.Smitning fikricha, iqtisodiy hayotda garmonik tartib hukmronlik qiladi: agar erkin raqobat cheklanmasa, unda u dunyoni takomillashuvga olib kelgan bo’lar edi. Bunday xulosaga kelishda A.Smit o’zgarmas «tabiiy» iqtisodiy qonunlar mavjudligiga asoslangan. A.Smit tushunchasi bo’yicha shaxsiy manfaatlar ijtimoiy manfaatlardan ustun tursa, ya‘ni jamiyat manfaatlari uning a‘zolari manfaatlarining yig’indisi, deb qaralsa, shundagina bozor qonunlari iqtisodiyotga ko’proq ta‘sir ko’rsatadi. A.Smitning asosiy xizmatlaridan biri shundan iboratki, u birinchi bo’lib iqtisodiyotni o’zining ichki qonuniyatlariga muvofiq amal qiluvchi, obyektiv, odamlarning irodasiga bog’liq bo’lmagan tizim sifatida qaraydi. Bunday tizim o’zining ichki qonuniyatlariga muvofiq amal qiladi.
A.Smit iqtisodiyotning davlat sektori samarasizligini ko’rsatib o’tadi. «Har xil sabablarga ko’ra, – deb yozadi u, – hukumat doimo va beistisno tarzda isrofgar. Eng avvalo, u birovlar ishlab topgan pulni sarflaydi, o’zgalar pulini esa hamisha o’zingnikidan ko’ra behuda sarflaysan. Bundan tashqari hukumat xususiy korxonalardan juda uzoq turadi va ularning muvaffaqiyatli rivojlanishi uchun zarur bo’lgan e‘tiborni ularga qarata olmaydi». A.Smit davlatning faqat uch funksiyasini tan oladi: adolatli sud qilish, mamlakat xavfsizligini ta‘minlash, jamiyat uchun zarur bo’lgan ijtimoiy korxona va muassasalarni ta‘minlash.
A.Smit merkantilistlarning proteksionizm siyosatini tanqid qiladi. Unga ko’ra chetdan ancha arzon bahoga olib kelish mumkin bo’lgan tovarni o’zida ishlab chiqarish be‘mani narsadir. «Har qanday ongli oila boshlig’ining qoidasi sotib olishdan ko’ra uyda tayyorlash qimmatga tushsa, uni uyda tayyorlamaslikdan iborat... Ayrim oilalar uchun oqilona hisoblangan narsa bir butun davlat uchun be‘mani hisoblanmaydi».
Erkin raqobat sharoitida bozor mexanizmi eng avvalo, ―baho‖ orqali iqtisodiyotda tartib o’rnatadi. Baho bozor xo’jaligining asosiy tashkiliy kuchi sifatida qaraladi. Baho talab va taklif o’zgarishi to’g’risida ishlab
chiqaruvchilar bilan iste‘molchilarga signal berib turadi, ularni bir- birlarining manfaatlariga moslashishga majbur etadi. Baho orqali talab asosida kapital qo’yilmasi amalga oshiriladi, kerakli mahsulotlar ishlab chiqariladi. Odamlar bir-birlariga xizmat qilish orqali o’z manfaatlarini amalga oshiradi. Bozor iqtisodiyoti o’z-o’zidan amal qilayotgandek ko’rinadi, aslida u xatolar va tuzatishlar uslubida tartibga solib turiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |