Avtobiografik yozuvlar nomi bilan saqlangan toshbitiklarda fir’avnlarning sayohatlari, urushdagi qahramonliklari va zafar madhiyalari aks etgan. Fir’avn Pepi II davrida yaratilgan, muallifi Uni bo‘lgan avtobiografik (avtobiografik deb atalishiga sabab shuki, ular birinchi shaxs tilidan yozilgan, tarixiy shaxs o‘zi yozmagan bo‘lishi mumkin, biroq matn uning nomidan bayon qilingan) yozuvlardan birida shunday yurish taassurotlari aks etgan. Shunisi e’tiborliki, ular she’riy shaklda, etti banddan iborat qofiyali, ritmik va fikriy tugallangan matnlardir. Pepi II nomidan aytilgan “Men haqiqat qildim, men haq gapni aytdim, men yaxshi gapni aytdim va yaxshi (so‘z)ni (har doim) takrorladim” so‘zlari misrliklarning nafaqat e’tiqodidan, balki estetik idealidan ham guvohlik beradi. “Yaxshi so‘z” kalimasi haq so‘z sifatida qabul qilingan va “ezgu so‘zni takrorlash” ma’lum ma’noda haqiqatning ifodasi bo‘lib xizmat qilgan. Ayni davrda “Imxotep nasihatlari” (saqlanmagan) asari ta’sirida yozilgan “Jedefxor nasihatlari” qadimgi misrliklarning estetik tafakkur tarzini taxminlashga yordam beradi: “Agar sen e’tiborli kishi bo‘lsang, birinchi navbatda, so‘zingga ehtiyot bo‘l. O’ylab topganingni gapir... Aqlli nutq (so‘z) aytish hamma narsadan qiyindir”. “Yolg‘on aytma, garchi (aniq) eshitgan bo‘lsang ham. Eshitilganni emas, ko‘rilganni gapir (yoz)!” “Bilag‘onlar bilan maslahatlashganing kabi bilmaydiganlar bilan ham kengash. Bilish va bilmaslikning chegarasi aniq emas. San’at chegara bilmaydi. Yashirin saqlangan ma’noli so‘z zumraddan go‘zalroq”. Nasihatlarda aytilishicha, yozuvchi (yozadigan kishi) o‘z davri amaldorlarining ideali bo‘lgan va har bir zodagon bunga intilgan.
Demak, Qadimgi podshohlik davri manbalarida o‘sha davr kishisining dunyoqarashi ham, estetik ideali ham o‘z ifodasini topgan. Abadiyatga qoladigan yozuvlar (ya’ni adabiyot) qanday bo‘lishi kerakligi haqida ayrim talablar bildirilgan. Rost so‘zlash, haqni yozish har doimgiday qadimgi misrlikning adabiyotdan kutgan ma’naviy ehtiyoji edi. Go‘zal so‘z (zumraddan ham) o‘zining haqligi bilan go‘zal sanalgan, ko‘rganni aytish (eshitganni emas) yozish qoidalaridan eng muhimi hisoblangan.
Qadimgi podshohlik davrining so‘nggiga kelib, Misrda ijtimoiy-siyosiy vaziyat o‘zgargan. Ehromlar qurishga berilish, buning uchun inson mehnatini ayamay istifoda etish, ichki nizolar natijasida podshohlik tanazzul sari yuz tuta boshladi. Misrda yagona suv inshooti tizimi yo‘qligi dehqonchilikning rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Er.a. XXI asrdan boshlab yagona birlikka intilish harakatlari kuchaydi. Bu harakat, eng avvalo, bizgacha saqlanib qolgan ieroglifik yozuv manbalarida aks etgan6.
“Shunday qilib, Qadimgi podshohlik davrida yozuvning ieroglifik tizimi to‘la shakllangan, aholi orasida bu yozuvda ish ko‘radigan savodlilar soni ko‘p foizni tashkil qilgan. Lekin badiiy adabiyotga doir asarlar yozish, asosan, O’rta podshohliklar davrida haqiqiy ko‘rinish kasb etgan”7.
Do'stlaringiz bilan baham: |