Psevdo-LONGIN va uning “Yuksaklik haqida” asari. Arastu “Poetika”si va Goratsiyning “Poeziya ilmi” (“Pizonlarga maktub”) she’riy poetikasidan so‘ng eng ko‘p shon-shuhrat qozongan adabiyot nazariyasiga doir asar “Yuksaklik haqida” (yunoncha Pepi Yfos) ming yil davomida unutilgan va faqat Uyg‘onish davrida juda ko‘p tillarga tarjima qilinib, qayta-qayta nashr etilgan.
Mazkur asar tarjimonlaridan va sharhlovchilardan biri, Frantsiyada XVI asrda, “Qirol - Quyosh” Lyudovik XIV davrida yashagan Nikola Bualo-Depreo edi. U o‘sha vaqtda avj olgan “Qadimgi shoirlar, va yangi shoirlar” bahsida hakamlik qilib, “Tanqidiy mulohazalar”ini yozishda “Yuksaklik haqida” kitobidagi poetik qonun-qoidalarga doir fikrlardan kelib chiqqan. N.Bualo o‘zining mashhur “Poeziya san’ati haqida” asarini yozishda ham “Peri ufos”dan keng foydalangan.
“Yuksaklik haqida” asarining muallifi milodning 3-asrida ellinizm davrida yashagan faylasuf va ritor (so‘z san’ati olimi Kassiy Longin deb tahmin qilib kelinar edi). Unda yaqqol sezilib turgan fikrlar teranligi va yuksakligi, mulohazalar shiddati asarni Arastu yozgandek taassurot qoldiradi. Ammo asarda Oktavin Avgust davrida yashagan Tsitseron va Tsetsiliy kabi nomlarning tilga olinishi, bundan so‘ng 2- va 3-asrlarda yashagan ritorika va falsafa olimlari Kvintilian, Laktantsiy, Tertullian, Origen va Plotin nomlari uchramasligi “Yuksaklik haqida” asari I asrda, Tsitseron davrida yozilgan degan xulosaga olib keladi. Asarda Gomer, Gesiod, Arxilox, Sapfo, Pindar, Vakxilid, Demosfen, Gorgiy, Giperid, Sofokl, Evripid, Aflotun, Arastu kabi buyuk shoirlar va ritorlarning asarlari juda chuqur taxlil etilgan.
Asar muallifi yunon olimi (Longin) o‘zining rimlik shogirdi, jamiyat oliy tabaqasiga mansub Postumiy Terentsianga saboq berayotganday ohangda yozadi. Lekin atoqli qadimshunos olimlar bu shogirdning ham kimligini aniqlay olmadilar. Bu durdona asarni rus tiliga tarjima qilgan atoqli olima N.A.Chistyakova muallifni mashhur Rim ulamolari Kvintilian, Pliniy, Gay Petroniy Arbitr, Tatsitning zamondoshi deb o‘ylaydi. Biz esa, asarda bu mashhur nomlar va ularning fikrlariga munosabat uchramagani sababli, muallif bulardan avvalroq yashagan, deb o‘ylaymiz. Muallif Tsitseron nomini hurmat bilan tilga olsa-da, unga nisbatan, yunon so‘z ustalarini a’lo deb bilishi seziladi.
Asar muallifi ming yillar davomida Longin deb kelingani sababli keyingi davr olimlari uni Psevdo–Longin (Longinga nisbat berilgan) asari deb ataydilar. Lekin XVI olimi N.Bualo, Sh.Perro va boshqalar uni Longin asari deb ishonganlar. Asarda Gomerning Muso payg‘ambarga o‘xshatilgan o‘rin keyinchalik qo‘shilgan deb hisoblaydilar. Lekin bu asarni Kassiy Longin emas, balki Origen va Porfiriyning zamondoshi Longin Filarxey (Qadimiyat muhibi) deb taxmin qilishga ham etarli asosimiz yo‘q (garchi ustozi Plotin bu shogirdini yaxshi filolog, deb maqtagan bo‘lsa ham).
“Yuksaklik haqida” asarining muallifi ko‘p o‘rinlarda o‘sha vaqtda (Yuliy Tsezar va Tsitseron davrida) shuhrat qozongan ritorika olimi Tsetsiliyning so‘z san’atiga qarashlari biryoqlama va yuzaki ekanligini asoslab beradi va chin yuksaklik adib, shoir, notiqning maqsadi, g‘oyasi, fikrlarning ma’no, mazmuni, tabiat va ruh yuksakligi mavjudligi bilan bog‘liqligini Gomer, Evripid, Sofokl, Aflotun, Arastu, Demosfen, Gorgiy, Isokrat va boshqa so‘z ustalarining asarlarini chuqur tahlil qilish asosida isbotlab beradi.
Millodan avvalgi I asrda Yuliy Tsezar o‘limidan so‘ng respublika tuzumini yo‘q qilib, senatning kuchini zaiflashtirib, Rimni imperiyaga aylantirgan va bir jihatdan o‘zaro birodarlik (fuqarolik) urushlariga chek qo‘yib, iqtisod va madaniyatni rivojlantirgan Oktavian Avgust (ehtimol, o‘zining siyosiy raqibi sifatida o‘zi o‘ldirtirib yuborgan Tsitseronning o‘rnini to‘ldirish uchun bo‘lsa kerak) Pergam (Bobil)dan mashhur Ritorika olimi Apollodorni Rimga taklif etgan va uni ustoz deb qabul qilgan. Yunon olimi Apollodor ritorika san’atini, asosan, til qoidalari, me’yorlari bilan bog‘lab, so‘z aytish san’ati deb tushungan. Ritorika olimi, Tsetsiliy mana shu Apollodorning shogirdi bo‘lib, u o‘zining “Yuksaklik haqida” asarida so‘z tuzishda, ma’no anglatishda texne-mahorat, san’atkorlikni birinchi o‘ringa qo‘ygan. Longinning “Yuksaklik haqida” asarida Tsetsiliy asari tanqid qilinib, so‘z san’atida texne-til mahorati emas, balki adib, shoir, notiqning insoniy va ilohiy fazilatlari, adolatsevarligi, vatanparvarligi, haqiqatgo‘yligi, ruhiy olamining go‘zalligi va yuksakligi birinchi o‘ringa qo‘yiladi. Mazkur ilmiy risolada Arastu “Poetika”sining asosiy qoidalari yanada rivojlantirilgan.
“Yuksaklik haqida” asarining taqdiri va topilish tarixida ham qandaydir fojeiylik bor. Tarixchilar, filolog olimlar aniqlashicha, bu asarning borligini X asrga qadar hech kim eslamagan. Ellinizm davrida ham (I-IV asrlar), masihiylik davrida ham atoqli mutafakkirlar bunday asar borligini bilmaganlar (darvoqe, Arastu “Poetika”si ham birinchi bor IX asrda, arabcha tarjimasi orqali yunon va rim tillariga qayta tarjima qilingan). Faqat X asrda Vizantiyada bir ziyoli xattot Arastuning “Fizika, ya’ni tabiat muammolari” asaridan qayta ko‘chirayotganida, pergament oxirida bir necha (yigirma) varaqcha bo‘sh qolgan o‘rinlarga “Yuksaklik haqida” asarini yozib, to‘ldirib qo‘ygan. Xattot qaysi qo‘lyozmadan ko‘chirganligi ham noma’lum. Muallifi noma’lum bu asarning shu ko‘chirgan nusxasi yana besh asr davomida bosilmagan. Faqat 1453 yilda Vizantiyaning poytaxti Konstantinopol Turkiya sultonlari (Fotih va boshqalar tomonidan) tomonidan ishg‘ol qilingan vaqtda qadimiy kitob va qo‘lyozmalarni to‘plab, kollektsiya qilgan Ioann Laskaris (yunon) Italiyaga qochib, kitob xazinasini o‘zi bilan olib ketadi. Uning qimmatli qo‘lyozmalari bir hukmdordan boshqa xukmdor xazinasiga o‘tib, XV asr oxirida Florentsiya qirolichasi Ekaterina Medichi xazinasiga qo‘shilgan. Arastu asariga qo‘shib muqavolangan bu nodir qo‘lyozma shundan so‘ng Frantsiya qiroli Genrix IV xazinasiga qo‘shilib, Parij milliy kutubxonasidan o‘rin olgan. Keyinroq XVI-XVII asrlarda bu asar shuhrat qozonib, undan ko‘p marta nusxa ko‘chirilgan. Xususan, N.Bualo davriga kelib, bu durdona asar juda keng shuhrat va qadr topdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |