Jadvaldan ma’lum bo’ladiki, Nizomiyning “Maxzan ul-asror” dostonida shu mavzudagi boblar beshtani tashkil etib 280 baytni o’z ichiga olsa, Xusrav Dehlaviyning dostonida ular uch bob, 210 misra; Abdurahmon Jomiyning “Tuhfat ul-ahror”ida to’rt bob, 279 bayt va nihoyat Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror” dostonida esa to’rt bob, 330 baytni o’z ichiga oladi.
Nizomiy Ganjaviy, Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy dostonlarida “Kongul” ta’rifi alohida bobda berilgan bo’lsa, Xusrav Dehlaviy dostonida bunday bob yo’q. Sababi, uning dostonida bu masala asosiy qismda alohida maqolotda tahlil etiladi.
“Amir Xusrav Dehlaviyda boblar «Birinchi xilvat bandalik haqida», «Ikkinchi xilvat sabo va saboh sifatida», «Uchinchi xilvat dil ka’basi harami ziyorati» deb nomlangan bo‘lsa, Navoiyda bu uch bob uch «hayrat» tariqasida keltirilgan. Nomlanishda Amir Xusrav ustozi Nizomiyga ergashgan, Navoiy esa yangi yo‘ldan borgan. Uchala shoirda ham bu boblarda gap ko‘ngil haqida, ko‘ngilning mo‘‘jizalari ustida boradi. Ammo bu tushuncha uchala shoirda bir xil tarzda talqin etilmaydi, tasvir va talqin usuli ham turlicha. Shuning uchun mazkur boblarni qiyosan tahlil etish muhimdir”.1 «Matla’ul anvor»dagi uch xilvat va «Hayratul-abror»dagi uch hayrat bu ikki doston mohiyatini anglashda katta ahamiyatga ega. Dostondagi birinchi xilvatda lirik qahramonning tafakkurga berilishi, o‘z-o‘zini anglashi, tunni bedor o‘tkazib, ko‘ngil bilan suhbatlashishi haqida gap boradi: Sufii gardun chu ba xilvat nishast, Kard falak sabhai parvin ba dast, Turrai zulmat zi nasimi bahor. Mushkfishon shud chu labi ro‘zador... Chashmai hur burd zi har xona tob, Toxtan ovard ba har dida xob... (Mazmuni: Osmon so‘fisi xilvatga o‘tirgach, falak yulduzlar tasbihini qo‘lga oldi. Zulmat zulfi bahor shabadasidan ro‘zali kishining og‘ziday mushk sochuvchi bo‘ldi. Oftob chashmasi ulardan nurini ko‘tardi va uyqu lashkari ko‘zlarga hujum qiladi). Shoir, shu tariqa quyosh botishi va yoqimli oqshomning boshlanishi, keyin odamlarning orom uyqusiga ketishi, olamning bir sokin osoyishtalik og‘ushiga g‘arq bo‘lishini chiroyli tashbehlar bilan tasvirlagach, davom ettirib yozadiki, shunday dilkash kechada mening ko‘zimga uyqu kelmadi, xoli qolib, xayolotga berildim. Go‘yo tafakkurim, ruhim vujudimdan judo bo‘lib, yuqori olamni sayr eta boshladi. Ikkinchi «xilvat»da bedor oshiqu orif Xusrav Dehlaviyning tongni kutib olishi va kunduz nashidasidan dili yayraganligi, so‘ngra so‘fiyona samo holatiga kirishi, sarxush va sarmast bo‘lishi tasvirlangan. Man ba chunun gulshani minunishon, Domani andesha ba har so‘kashon. Bar sari har sabza, ki poe zadam, Az dili sho‘rida navoe zadam. (Mazmuni: Men bunday jannat kabi gulshanda yurib, tafakkurga g‘arq edim. Har bir maysa – o‘t ustida qadam qo‘yganimda, g‘alayonli ko‘nglimdan nola-navo chiqarardim). Hayotiy ohanglar – qushlarning sayrashi, suvlarning yoqimli nag‘masi shoir ilhomini qo‘zg‘atsa, so‘fiy qalbini ilohiy qudrat haqidagi andishalar bilan to‘ldiradi. Ko‘ngil bundan ziyo topib, yangi-yangi ma’nolarni kashf qila boradi. Uchinchi «xilvat» endi pir bilan suhbat «xilvat»idir. Man, ki shunidam zi dil in doston, Rost shudam bar qadami roston. Garm burun jastam az in ravzagoh, Ne xabaram az saru ne az kuloh. Poy nihodam ba rah, oshuftavor, Ko‘hi g‘amam bar dilu man beqaror. (Mazmuni: Men dildan bu hikoyatni eshitgandan keyin, qadamni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib, yo‘lga tushdim. Bu bog‘chalardan qizg‘in tashqari otildim. Boshdan ham, boshdagi kulohdan ham bexabar edim. Devonalarcha yo‘lga kirdim, qalbimdagi g‘am tog‘iga o‘zim betoqat edim). Dil aytgan, hikoya deganda Amir Xusrav ikkinchi «xilvat» dagi nasihatni nazarda tutgan. Ul nasihatda ko‘ngil shoirga qarab: Fano mayi mastligida yosh bolalarday o‘zingdan ketma, sen tuproq o‘ynayotgan go‘daklarning zavqu shavqidan yuqori ko‘tarilgin, o‘zingni bos, «boshingga siyosat tig‘ini egmagin», deb aytgan edi. Xullas, Xusrav ko‘ngil amriga quloq solib, hayajon va qo‘rquv ichida pir huzuriga boradi. Holatni pirga hikoya etadi. Pir uning holatiga razm solib, xursand bo‘ladi, muridning savollariga javob qaytaradi, chunki murid o‘z holatini sharhlab berishni pirdan kutayotgan edi. «Sen jim tursang-da, ammo nega kelganingni bilib turibman», deydi. «Senga ulug‘ davlat muyassar bo‘ldi, bu haqda menga tushimda bashorat bo’ldi»,- deydi. Professor M.Muhiddinovning "Xamsa"larning birinchi dostonlarida Komil inson konsepsiyasi" mavzuidagi doktorlik dissertatsiyalari, “Komil inson – adabiyot ideali” monografiyalari hamda ”Xamsa”larning birinchi dostonlarida “Xilvat” va “Hayrat”larning qiyosiy talqini” nomli maqolalarida “Maxzan ul-asror”, “Matla’ ul-anvor”, “Tuhfat ul-ahror” hamda “Hayrat ul-abror” dostonlari asosida “kongul” (“dil”) haqidagi boblar va “hayrat”lar (“xilvat”, “suhbat”) qiyoslanadi, Alisher Navoiy asaridagi bir qator o’ziga xosliklar yoritiladi.2 Ularda Nizomiy Ganjaviy, Amir Xusrav, Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy qalamiga mansub dostonlar "Komil Inson" konsepsiyasi nuqtai nazaridan ilk bora qiyosiy planda tadqiq etiladi.
"Hayrat ul-abror" dostonida “ko’ngil ta’rifi” haqidagi 17-bobning tabdilini o’qib konspektlashtirish (bobning hajmi, qisqacha mazmuni, ramziy timsollar, 4-5 baytning sharhi).