Adabiyotlar: 1, 2, 6, 7, 8. “Hayrat ul-abror” dostonining XVIII, XIX, XX boblari uchta “hayrat”ni o’z ichiga oladi.
Alisher Navoiy dostonida ham salaflarning asarlarida bo’lgani kabi mazkur boblar tun va tong tushunchalari bilan bevosita bog’lanadi. Sharq adabiyotida juda chiroyli san’at hisoblangan bir tushuncha yoki bir so‘zni bir necha usulda variantlar bilan ifodalash san’ati «Hayrat ul-abror» dostonida o’ziga xos tarzda namoyon bo’ladi. «Hayrat ul-abror» dostonida «tong va tun» tasvirlari yigirmadan ortiq o‘rinda ifodalangan bo‘lib, etmish baytdan ortiq she’riy usuldagi tasvirlardan tashkil topadi. Ularning biri ikkinchisini takrorlamaydi.
Birinchi hayratda ko‘ngilning qaerda paydo bo‘lgani va qaysi olamni sayr qilgani haqida so‘z yuritiladi. Shoir ta’kidicha, ko‘ngul adam – yo‘qlik zulmati ichidan vujud yorug‘ligiga paydo bo‘lib chiqqan. Ya’ni ko‘ngil ilohiy ruh sifatu Tangri taolo sharafidan yaratiladi va malak olami – farishtalar olami, shuningdek jannat bog‘larini sayr etadi. Hamma narsa va maloikalar ham yaratuvchiga tasbeh aytib, hamdu sano bilan yashayotganini ko‘rib hayratlanadi. Dostondagi dastlabki tong tasviri aynan birinchi hayratida keltirilgan:
Subhdur ey soqiy, etib mehr fosh,
Tut manga bir jom, nechukkim quyosh.
Tong qushi chun berdi payomi sabuh,
No’sh etayin bir-iki jomi sabuh.
Subhi safoliq mayidin mast o‘lay,
Tong qushig‘a nolada hamdast o‘lay.
Berdi sahar hullasi zar rishta tob,
Qolmadi tun pardasidin rishta tob.
Yozdi falak toqig‘a kilki qazo,
Oyati «Vash-shams» bila «Vaz-zuho».
Bunda, ey soqiy tong otdi, sen menga quyosh kabi mehr ko‘rsatib bir qadah tut. Tong quyoshi sahar bo‘lganidan xabar berdi. Bir-ikki sahargi maydan ichib tongda poklik mayidan mast bo‘lay va tong qushining nolasiga jo‘r bo‘lay. Saharning ipak pardasidan yorug‘, zarrin nurlar taraldi. Tun pardasining iplari esa chidash bera olmay g‘oyib bo‘ldi. Shunda falak toqiga taqdir qalami «Vash-shams» va «Vaz-zuho» oyatlarini yozdi degan ma’no ifodalanadi.
Bu tasvirlar tong otishi bilan birga odamlarni sahargi namoz uchun o‘rinlaridan turishlariga ishora qilingan.Tong tasvirini ifoda etish bilan Navoiy o‘quvchilarni dostonning ruhiga olib kirishga harakat qiladi. Keyingi bayt quyidagicha.
Sufiyi subh aylabon ul dam zuhur,
Yozdi sipehr uzra musalloyi nur.
Bunda, tong sufiysi ko‘rinish berdi va osmon uzra nurdan joynamoz yozdi degan ma’no qo‘llanilib, quyosh sufiyga, yorug‘likning taralishi joynamozning yoyilishiga o‘xshatiladi.
“Hayrat ul-abror” dostonining XIX bobini o’z ichiga olgan ikkinchi hayrat quyidagi nasriy sarlavha bilan boshlanadi:
“Ul humoyunbol qushning malak olami gulistonidin malakut olami shabistonig‘a havo qilib, ul rafi’ manozilning sham’ va mashoilin zabona tilidin «Vazkurisma rabbika va tabattal ilayhi tabtilo» hukmi bila xoliqi asliy zikriga zokir erkanin ma’lum qilib, hayratdin bir olamdin yana bir olamg‘a borg‘oni va bu hayrat yana ani bexudluqqa solg‘oni” [43. 82].
Ikkinchi «hayrat»da ko‘ngul malak olamidan malakut olamiga o‘tib sayrini davom ettiradi. Malakut olami, Navoiy bayoniga ko‘ra, falak, uning to‘qqiz qavati, sobitu sayyora – xullas, moddiy olamdir. Ko‘ngil Tangri qudrati bilan yaratilgan shul muazzam va mukammal olamni kuzatib hayrati yana ortadi. Samo yo‘lining cheksizligi, Mirrix, Kayvon, Mushtariy, Zuhra, Zuhal, Oy sayyoralarini kezadi. Hamma yerda Alloh taolo qudratini ko‘radi, hamma ashyolar bu olamda ham yaratganga some’ bo‘lib, hamdu sano bilan zikr aytayotgan bo‘ladi. Ko‘ngil Yerni ham sayr etadi; shoir har bir sayyoraning afsonaviy tushunchalariga o‘ralgan sifatlarini ajoyib san’atlar bilan tasvirlab chiqadi. XIX bob ikkinchi hayratda Navoiy tunni jonlantirishga erishadi va tunning juda munosib ta’riflari keltiriladi.
Turki Xo‘tan yopti chu zebo jamol,
Mushkfishon bo‘ldi nasimi shamol.
Urdi nafas nafhai anbar nasim,
Yopti varaq safhai abhar shamim.
To‘kdi jahon gulbuni bargi suman,
Ochdi falak bog‘chai nastaran.
Lo’’bati Chin chehra nihon ayladi,
Zulfi ochib mushkfishon ayladi.
Bunda, sohibjamol quyosh o‘z zebo jamolini yopgach, shabada yer yuziga qorong‘ulik zarralarini sepishga kirishdi. Qorong‘ulik olamni egalladi, shabada kechaning anbar hidli nafasini olib kela boshladi. Jahon gullari shohlaridan sariq barglar to‘kilishi bilan falak (osmon) bog‘ida oq gullar ochila boshladi, ya’ni qorong‘u kechani yulduzlar bezadi. Quyosh Chin qo’g’irchog’i kabi yuzini yashirib oldi sochlarini yoygach undan qora mushk sochila boshladi. Bu tasvirda go‘yo tun o‘zining sochlarini yoygani uchun osmon qora kecha tusiga kirgan.
Royihadin ayladi bu suda mushk,
Anjumi shabgard dimog‘ini xushk.
O‘ylaki ul yubs chu ta’sir etib,
Chekratibon ko‘zlari uyqu ketib.
Pardaga o‘ldi egin ichra kakar,
Uchti ochib pardalarini shabpakar.
Bumki azmi falak o‘ldi anga,
Doiradin oy dafak o‘ldi anga.
Bu tasvirda, maydalangan mushkning yoqimli isini, tun yulduzlarining dimog‘i qiqradi. Bu tashnalik yulduzlarga shunday ta’sir etdiki, natijada, ko‘zlari yumilib uyquga ketdi. Bu yulduz uchishi bo‘lib, tunning o‘ziga xos xususiyatlaridan biridir. Bulduruq qushi egnini qisib, parda yopinganday o‘tirib oldi. Ko‘rshapalaklar qanotlarini yozib ucha boshladi. Osmonga uchayotgan boyqush dum-dumaloq oyni o‘ziga childirma qilib oldi.
Ko‘k o‘lang atrofida har guna vard,
Anjum ila doirai lojuvard.
Bu kecha ham yuz taab o‘ldi anga,
Bir-biridin bul’ajab o‘ldi anga.
Aylar edi charxi musha’bidishior,
Har nafas o‘zga tilsim oshkor.
Ko‘k bu musha’bidining o‘lub chodari,
Axtar o‘lub lu’bati siyminbari.
Ko‘k o‘lanlar atrofida rang-barang atirgullar (yulduzlar) tuzilgan doiraga o‘xshaydi. Shunday go‘zal tun ham ko‘ngilga yuz azob, bir-biridan qiziq mashaqqatlar berdi. Osmon go‘yo shu tun uchun bir chodir, yulduzlar esa shu chodirning qo‘g‘irchoqlariga o‘xshaydi.
Hay’ati tulaniy ila qahkashon,
Charxga sayr etgali yo‘ldin nishon.
Dema kitoba falak ayvonig‘a,
Rahrav o‘lub charx shabstonig‘a.
Kilki chu ziynat bila bog‘i sipehr,
Aytarining har gulini rashki mehr.
Somon yo‘li o‘zining cho‘ziq ko‘rinishi bilan osmon sayyohatiga chiqdi. Falakdagi chiziqlar osmon qorong‘uligini yo‘l ko‘rsatuvchisidir. Osmondagi ziynat, shu qadarki undagi har bir yulduz go‘yo bir gul. Hatto quyoshning ularga rashki keladi.
“Hayrat ul-abror” dostonining XX bobi uchinchi hayrat bo’lib, u quyidagi nasriy sarlavha bilan boshlanadi:
“Ul oshuftaxol musofirning malakut olami shabistonidin badan mulki shahr istonig‘a nuzul qilg‘oni va ul kishvar ahliningxam «Fazkuruniy azkurukum» buyrug‘i bila Qodiri mutlaq yodi birla erkonin bilib, hayrat o‘ti ishtiol etib, vujudi ul o‘tdin kul bo‘lub, fano eliga. bilkul sovurulmoq bila ikkinchi fano maqomin xosil etib, andin so‘ng Haqdin baqoyi komiliy etib, Xojaning ul mulkda xilofat taxtig‘a qaror tutqoni”.
Bob quyidagi baytlar bilan boshlanadi:
Mehr chu mashriq sori urdi alam,
Oldi jahon mamlakatin yakqalam.
Tavsani gardung‘a minar mayl etib,
Chiqti ufuq jonibidin sekritib.
Chunki biyik bo‘lg‘ucha qildi shitob,
Soldi harorat bila olamg‘a tob.
Xojaki hayrat mayidan mast edi,
Mastliq uyqusig‘a hamdast edi.
Soldi quyosh tobi chu mag‘zig‘a jo‘sh,
Seskanibon kirdi dimog‘ig‘a hush.
«Hayrat-ul abror» dostonining uchinchi «hayrati»da ko‘ngil uchinchi olam – «badan mulki» olamiga qadam qo‘yadi. Bu erda ham u avvalgi ikki olamda ko‘rgan holatini ko‘radi: inson a’zolari Tangriga toat-ibodat bilan banddir. Shoir inson vujudini, tashqi va ichki a’zolarini bir-bir nazm tili bilan ta’riflab o‘tadi. Insonning tuproqdan yaralgani, surati, to‘rt unsur omuxtaligidan hosil bo‘lgan tabiati va hokazolar xususida gapiradi. Inson badani turli iqlimlardan iborat. Inson aqli, tafakkur va xayolot olami munaqqash qasrlar timsolida chiroyli tasvir etiladi. Bu badanning shohi, vaziri, mirshabi, fuqarosi bor. Beshta ichki his ham va beshta tashqi his ham o‘z vazifasini mukammal ado etadilar. A’zolarning bari «hazrati izzatqa niyoz aylabon, tuhfalarin vosita soz aylabon», ya’ni duo va taom bilan shukrona aytib, bandalik shartini bajo keltiradilar. Xojaki ko‘rdi yana mundoq jahon, Zarrada kavn, qatrada daryo nihon. Fikr nahangiga yana qut o‘lub, Lujjai hayrat aro mabhut o‘lub. Fikrat o‘ti ko‘kka chekib dudini, Hayratu nobud etibon budini. Shu tariqa ko‘ngil o‘zligini va Rabbini tanishda ma’rifatga erishadi. Mana shu tasvirlardan so‘ng Navoiy Xoja Bahovaddin Balogardon haqidagi bobni boshlaydi, ya’ni ko‘ngil egasi haqida yozadi. Bu mantiqan munosib va muvofiq edi. Mazkur bob davomida olib borilgan izlanishlar, tahlillar asosida quyidagi umumlashma xulosalarni bildirish mumkin:
Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror” dostoni tarkibidagi “Ko’ngul” ta’rifi hamda uchta “hayrat” Nizomiy Ganjaviy an’analariga tayangan holda ijod etilganli (Xoja timsoli, ko’ngulning sayru sayohatlari, tun tasviri, vujud tavsifi) bilan birga, qator o’ziga xosliklarga ham ega. Mazkur boblar salaflarning asarlaridagi boblar hajmidan ancha katta (umumiy hajmi 330 bayt). Shu bilan birga, har bir “hayrat”ga alohida vazifa yuklanganligi, har bir hayratning o’ziga xos badiiyati mavjudligi bilan ham xarakterlanadi. Navoiy “hayrat”larining ariginalligi ularning sarlavhalaridanoq namoyon bo’ladi.
Shoir inson vujudini, tashqi va ichki a’zolarini bir-bir nazm tili bilan ta’riflab o‘tadi. Insonning tuproqdan yaralgani, surati, to‘rt unsur omuxtaligidan hosil bo‘lgan tabiati va hokazolar xususida gapiradi. Inson badani turli iqlimlardan iborat. Inson aqli, tafakkur va xayolot olami munaqqash qasrlar timsolida chiroyli tasvir etiladi. Bu badanning shohi, vaziri, mirshabi, fuqarosi bor. Beshta ichki his ham va beshta tashqi his ham o‘z vazifasini mukammal ado etadilar. A’zolarning bari «hazrati izzatqa niyoz aylabon, tuhfalarin vosita soz aylabon», ya’ni duo va taom bilan shukrona aytib, bandalik shartini bajo keltiradilar. “Hayrat”larda barcha axloqiy-falsafiy va tasavvufiy fikr hamda g’oyalar yuksak badiiyat namunalari bo’lgan go’zal obrazlar asosida yoritiladi. Xususan, ularda shoir “tun” va “tong” tushunchalarining rang-barang va ariginal tasvirlarini yaratgan.
“Hayrat”larda «tong» sufiy va musallo (joynomoz), pok supurgi, oq un, sulton, bayroq, hiylagar kabi timsollar yordamida: quyosh esa sarig‘ lola, cho‘g‘dondagi o‘t, mash’ala, tong og‘zidagi cho‘g‘li olovga qiyos qilinadi. “Tun” tushunchasi qora tovus, qora parda, qora mushk kabilarga o‘xshatiladi. Oy esa tun malikasi, tun malagi kabi nisbatlar bilan o‘ta mahorat bilan tasvirlanadi.