OMON MATJON SHE’RLARI HAQIDA
Shoirning mustabid tuzum hukmronligi avjiga chiqqan bir zamonda yozilgan “Eng so‘nggi xazina” deb nomlanadigan she’ridagi insoniy jasorat va badiiy joziba kishini hayratga soladi. U xalqining yeb to‘ymas katta og‘aning quliga aylanib qolishini istamasligini ochiq aytadi. Katta urug‘ning surligi, ustamonligi tufayli shunchaki yondosh yashayotgan kichik elat oldin qo‘shniga, keyin do‘stga, so‘ng iniga, oxiri qulga aylanib qolganligi juda ta’sirli va mardona ko‘rsatilgan. She’rda donishmand tomonidan aytilgan: “Dono debdi: “Yurtga bir boq, oqsoqol, Unda hali o‘zi bilmas zo‘r ganj bor! Bu g‘ururdir! U – har qalbning qa’rida! Shuni uyg‘ot hali imkon borida! Uyg‘otolsang – xalqing xalqqa do‘nadi, Yo‘qsa butkul so‘nadi!”so‘zlarida asarning bosh g‘oyasi aks etadi.
Alisher Navoiyning “Avvalgilarg‘a o‘xshamas” radifli g‘azaliga Omon Matjon bog‘lagan taxmisdagi ko‘plab tasvirlar buyuk shoirga berilgan munosib javobday taassurot qoldiradi. Shoir zamon o‘zgarishi, vaqt o‘tishi bilan olamdagi barcha narsada evrilish yuz berishini o‘ta ta’sirli ko‘rsatib bergan.
Omon Matjon she’rlarida Xorazm vohasiga xos so‘z boyligidan, o‘sha yurtning afsonalaridan, xorazmliklarning shirin lafzidan o‘rinli foydalanadi. Shoir xalq ijodiga tez-tez murojaat qiladi. Shuning uchun ham uning she’rlari yengil o‘qiladi, kuchli ta’sir qiladi va oson yodda qoladi.
HALIMA XUDOYBERDIYEVA
(1947—2018)
“Shunchaki yozmoqlik shoirga o‘lim”
Halima Xudoyberdiyeva
Halima Xudoyberdiyeva 1947- yil 17-mayda Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida tug‘ildi. Otasi — Ummatqul Xudoyberdi o‘g‘li bog‘bon edi. Onasi — Sharofat Xonnazar qizi bo‘lajak shoira endi ikki yoshga to‘lganida vafot etadi. So‘ng unga xolasi — qishlog‘ining faol ayollaridan bo‘lgan Qarshigul Xonnazar qizi onalik qiladi. Otasi ham, onasi ham go‘zallikning, ezgulikning, badiiy so‘zning qadrini biladigan kishilar edi. “Mening anchagina asarlarim, jumladan, “Bir o‘rim soch tarixi”, “Sayram baxshi aytimlari”, “Hindiqushdan nola keldi” she’rlarim, “Ilinj” dostonim aynan onayizorim ta’sirida bitilgandir”, — deb eslaydi shoira.
Halima Toshkent Davlat universiteti(hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning talabasi bo‘ldi. 1972- yili dorulfununning Jurnalistika fakultetini bitirdi. Davr bilan yelkadosh bo‘lishni istagan yosh shoira Toshkentda olgan bilimlari bilan qanoatlanmay, 1975—1977- yillarda Moskvadagi Oliy Adabiyot kursida saboq oldi.
O‘quvchilik yillaridayoq she’rlar yoza boshlagan va o‘ziga xos iste’dodi, ifoda tarzining bo‘lakcha tarovati bilan Halima Xudoyberdiyeva Sharof Rashidovday ulkan arbob va ijodkorning e’tiboriga tushdi. Sh. Rashidov keyinchalik ham iste’dodli shoirani qo‘llab turdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |