O‘TKAN KUNLAR ASARIDA KINOYA VA ERKALASHNING IFODALANISHI
Yo‘lchiyeva Gulmiraxon G‘ayratjon qizi
ADU 1-kurs magistranti
“Oʻtkan kunlar“ romanining maʼno mundarija doirasi orasida yurtning, millatning taqdiri, mustaqilligi masalasi alohida ajralib turadi. Binobarin el-yurtning mustaqilligi, birligi masalasi romanning asosini tashkil etadi.
Kinoya va erkalashlarni “O’tkan kunlar” romanida A. Qodiriy shu qadar mahorat bilan qahramonlar va muallif tilidan qo’llangan-ki, beixtiyor kitobxon o’z tilidan shu vaziyatga baho berayotgandek tuyulaveradi. Garchi romanda adib shaxs harakteri va qismatini muhit, sharoit, ijtimoiy muammolar bilan chambarchas aloqadorlikda tasvir va taxlil etsada, inson shaxsining muhit va sharoitga bogʻliq boʻlmagan tugʻma, sirli-sehrli gʻaroyib erkalash shevalariga ham eʼtiborni tortadi. Bu jihatdan bir oila, bir xil sharoitda tugʻilib voyaga yetgan sajiya-harakter, surat va siymo vajidan ikki olam – egachisingil Zaynab va Xushroʻybibi obrazlarining talqini gʻoyat ibratlidir. Biri mute, itoatkor, nuqul oʻzgalar izni bilan ish koʻradi; ikkinchisi esa dadil, mustaqil, oʻz baxti va taqdiri uchun faol kurash olib boradi. Yozuvchi bu ikki shaxs harakteriga xos tugʻma xususiyatlarni shargʻlash bilangina cheklanmaydi, bunday hislatlarning oʻsha kimsalar, qolaversa oʻzgalar taqdiriga koʻrsatgan taʼsiri, fojeiy oqibatlarini ham ifoda etadi.
„Oʻtkan kunlar“ romani toʻqima qahramonlarning hayotiylik kasb etishi va tarixiy voqealarga uygʻunligi jihatidan ham, mujassamot butunligi va tilidagi nafosati jihatidan ham oʻzbek adabiyoti xazinasidagi durdonalar qatoridan oʻrin olgandir. „Oʻtkan kunlar“ oʻzbek adabiyotida ilk roman boʻlishining oʻzi bilanoq ilgari bosilgan katta qadam edi. Unda realizmning asosiy tamoyillari yuqori badiiy saviyada amalga oshirildi. Roman, umuman, oʻzbek adabiyotida yetuk realizmga asos soluvchilik rolini oʻynadi. Garchi qirg‘in oqibatlari manzaralari Otabekning Mingo‘rik sayridan qaytish, shaharga kirib borish asnosida ko‘rgan-kechirganlari, guvohlarning aytganlari tarzida berilsa-da, uning mudhish manzaralari ayni jarayonning o‘zidagidan kam emas. Otabekning o‘sha kezlardagi iztiroblari, ichki tug‘yonlarini o‘qiganda kitobxon o‘zini qo‘yarga joy topolmay qoladi.
Bundan ham muhimi, ertasi Ota bilan uchrashuvda hodisa va uning asl sababi, ildizi ustida ketgan bahs-suhbat poyonida romanning bosh pafosi baralla namoyon bo‘ladi. Butun boshli mamlakat, millat tarixidagi eng katta, hayot-mamot ahamiyatiga molik hodisaning tub ildizi, asl mohiyati ayni o‘sha daqiqalarda yarq etib ochiladi. Qirg‘in oldidan yuqori doirada o‘tkazilgan kengashda hojining o‘rtanib-yonib dil-dilidan aytgan nutqidagi mana bu so‘zlarini yana bir karra o‘qib ko‘ring-a: “Mana, burodarlar! Siz o‘z qipchog‘ingiz uchun qabr qazig‘an fursatda, sizga ikkinchilar tobut chopadir. Biz qipchoqqa qilich ko‘targanda, o‘rus bizga to‘p o‘qlaydir. Siz dunyoda o‘zingizni yakka dushmaningiz qilib qipchoqni ko‘rsangiz, men boshqa yovni har zamon o‘z yaqinimg‘a yetkan ko‘raman! – dedi va ro‘ymoli bilan ko‘z yoshisini artib o‘rnidan turdi. – Agarda dunyodan o‘tayozg‘an bir keksangizning maslahatiga quloq bersalaringiz, bu fikringizdan qayting, burodarlar!”
Afsus, ming afsus, davrada bu donishmand siymoning haq so‘zini, ogohlarini eshitadigan, anglaydigan zot topilmaydi, aksincha, Hoji davrani tashlab ketganida uning ustidan hoholab, “ko‘knori ichgan”, “vahimachi” deya masxara qiladilar. Qirg‘indan keyin Hoji Otabek bilan uchrashuvda mash’um hodisa munosabati bilan dilidagi ohu zorini yana bir karra izhor etadi. “Men ko‘p umrimni shu yurtning tinchligi va fuqaroning osoyishi uchun sarf qilib…” deb boshlanadigan mashhur monologda yaqin kelajakda yuz beradigan mislsiz falokat manzarasini chizib beradi. Tarix ko‘rsatdi, ayni shu falokat yuz berdi, xalq salkam bir yarim asr davom etgan mash’um istibdod jabrini chekdi… Asar boshidayoq Otabek Shamay safari xotiralari ustida to‘xtalganda “Menimcha, o‘rusning bizdan yuqoridalig‘i uning ittifoqidan bo‘lsa kerak… ammo bizning kundan-kunga orqag‘a ketishimizga o‘zaro nizomiz sabab bo‘lmoqda”, deydi. Asarda qalamga olingan voqealar jarayoni birin-ketin shu hikmatning to‘g‘riligini tasdiqlaydi. Nihoyat, yagona Turkiston o‘lkasining ikki bo‘lagi – Qo‘qon xonligi bilan Toshkent bekligi, yagona turkiy ulusning ikki qavmi – qorachopon va qipchoq orasidagi nizolar oxir-oqibat mudhish qirg‘inga aylanib, yurtni halokat yoqasiga keltiradi. Shunda donishmand Hoji “Ittifoqni ne el ekanini bilmagan, yolg‘iz o‘z manfaati shaxsiyasi yo‘lida bir-birini yeb, ichkan mansabparast, dunyoparast va shuhratparast muttahamlar Turkiston tuprog‘idan yo‘qolmay turib, bizning odam bo‘lishimizga aqlim yetmay qoldi. Biz shu holda ketadirgan, bir-birimizning tegimizga suv quyadirg‘an bo‘lsaq, yaqindirki, o‘rus istibdodi o‘zining iflos oyog‘i bilan Turkistonimizni bulg‘atar…” deya Qodir bobo, so‘ng Otabek aytgan dil so‘zlarini eng oliy cho‘qqiga ko‘taradi. Ajab, oqibat ayni ular aytganiday bo‘lib chiqdi. Bu hikmat, bu bashorat, bu ogoh – tarixning achchiq haqiqati, tajribasi, mustaqillikka erishgan bugungi yorug‘ kunlarimizda ham ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. Yurt va xalqning birligi mustaqilligimiz abadiyligining garovidir. “O‘tkan kunlar”ning eng muhim hikmati, sabog‘i ana shunda bo’ladi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO’YXATI:
Abdulla Qodiriy «O'tkan kunlar» Nashriyot: «SHARQ» NMAK Sana: 2018-Y. 384 bet.
Saviya.uz
Referat.uz
Do'stlaringiz bilan baham: |