Mexanik tozalash- qum, neft ushlagich va qo`shimcha hovuzlarda amalga oshiriladi. Bu usul dag`al tozalash uslubi bo`lib, suv tarkibidagi dag`al mexanik qo`shimchalardan va suspenziya holatda bo`lgan neft mahsulotlaridan tozalanadi. Bu usul cho`ktirishga asoslangan bo`lib, qum ushlagichda suvning solishtirma og`irligidan katta bo`lgan qo`shimchalar (qum, tuproq) qurilmaning past qismiga cho`kadi, neft ushlagichda esa, suvdan yengil bo`lgan neft mahsulotlari suv yuzasiga suzib chiqadi. Suv yuzasiga ko`tarilgan neft mahsulotlari maxsus moslama (teshikli aylanuvchi quvur) yordamida ajratib olinadi.
Fizik – kimyoviy tozalash- flotatorlarda (rezervuarlarda) amalga oshiriladi va bu flotatsion tozalash deb ham yuritiladi. Tozalashning asosiy mexanizmi flotator ichidagi oqava suv tarkibida havo sharchalari hosil qilish va hosil bo`lgan sharchalar yuqoriga ko`tarilishi davomida o`zi bilan birga neft zarrachalarini olib chiqishiga asoslangan.
Suv tarkibida havo pufakchalarini hosil qilish mexanik, pnevmatik va vakuum usullarida amalga oshiriladi. Mexanik usulda, flotatorning pastki qismida suv bilan havo oqimini aylantirgich (meshalka) yordamida aralashtirish orqali o`lchami 0.5 – 5 mm bo`lgan havo pufakchalari hosil qilinadi. Bu pufakchalar ko`tarilishi davomida suvdagi neft mahsuloti zarrachalarini suv yuzasiga olib chiqadilar. Suv yuzasida to’plangan havo – neft mahsulotining ko`pigi ajratib olinadi. Mexanik flotatsiyaning tozalash samaradorligi juda yuqori bo`lmay 20 – 30 min. ishlash davomida 60 – 70 foiz neft mahsulotlari ajralib chiqadi. Buning asosiy sababi mexanik flotatsiya jarayonida hosil bo`lgan mayda neft emulsiya zarrachalari pufakchalar yuzasiga qiyin yopishadilar.
Pnevmatik flotatsiya, havo pufakchalari oqimining kompressor yordamida g`ovak moslamalari orqali siqib chiqarish natijasida hosil qilinadi. Flotatorning pastki qismida hosil qilingan, o`lchami 1 – 10 mm bo`lgan, havo pufakchalari suv tarkibidagi neft mahsuloti zarrachalarini yuqoriga olib chiqadi. Tozalash samaradorligi, mexanik flotatsiyanikiga o`xshash bo`ladi.
Vakuum flotatsiyada, havo pufakchalari flotator ichidagi bosimni kamaytirish orqali amalga oshiriladi. Oqava suv ustidagi bosimni kamayishi bilan undagi erigan havo pufak ko`rinishida ajraladi. Vakuum flotatsiyaning samaradorligini oshirish uchun, vakuum hosil qilmasdan oldin, oqava suvni bosim ostida havo bilan to`yintiriladi. Vakuum hosil qilinganda hosil bo`ladigan pufakchalar soni ko`payadi va tegishlicha tozalash samaradorligi yuqori bo`ladi. Fizik usullardagi tozalashning samaradorligini oshirish maqsadida, kimyoviy usuldan ham foydalaniladi. Bunda oqava suvlar tarkibida koagulyant va flokulyantlar qo`shiladi. Bu moddalar turg`un agregat holatda turgan neft – suv tizimini buzib, mayda disperss ko`rinishdagi zarrachalarni kattalashishini sodir etadi, natijada tozalanish jarayoni tezlashadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |