Mahmudxo‘ja Behbudiy
(1874-
1919) Turkiston ijtimoiy-siyosiy, madaniy
va ma’naviy hayotida chuqur iz qoldirdi.
Qolaversa,
u
o‘zbek
milliy
tarbiyashunoslik fani rivojiga munosib
hissa
qo‘shdi.
Mahmudxo‘ja
Samarqandning Baxshitepa qishlog‘ida
1874-yil 10 martda dunyoga keldi. Uning
ota – bobolari ilmli kishilar bo‘lib, arab
tilini puxta egallagan edilar. Behbudiy
diniy va zamonaviy ilmlarni puxta egallab,
xalqning e’tiboriga tushdi. U tog‘asi,
Muhammad Siddiq huzurida mirzolik
xizmatida bo‘ldi. Bu yerda ish yuritish,
huquqqa oid va muftilikka tegishli barcha ilmlardan xabar topdi. Ilmining tobora
oshishi sababli tezda muftilik lavozimiga ko‘tarildi. Behbudiy haj safarida bo‘lgan
chog‘ida Arabiston, Misr, Turkiyani kezib chiqqan (1899-1900). Sayohat davomida
yangi maktab (“usuli jadid”) ochish fikri yuzaga keldi. Samarqand yaqinidagi
“Rajabamin” qishlog‘ida Shakuriy, “Halvoyi” qishlog‘ida Siddiqiylar bilan
hamkorlikda yangi usul maktablarini ochdi. Behbudiy umrining oxirigacha diniy
64
ta’lim va tarbiyani zamonaviy tarbiya bilan qo‘shib olib borishga harakat qildi va
shunga erishdi.
Mahmudxo‘ja Behbudiy Turkistonda jadidchilik harakatining “otasi”
hisoblanadi. U Rossiyaning Moskva, Peterburg shaharlari, ayniqsa, Qozon va Ufada
(1903-1904) bo‘lib, ularda mavjud bo‘lgan yangi usul maktablari bilan yaqindan
tanishadi, tatar ziyolilari bilan yaqin aloqalarni yo‘lga qo‘yadi. Behbudiy zudlik
bilan yangi usul maktablari uchun darsliklar tuzishga kirishadi. “Risolai asbobi
savod” (“Savod chiqarish kitobi”, 1904), “Madxali jug‘rofiyai umroniy” (“Aholi
geografiyasiga kirish”, 1905), “Muntaxabi jug‘rofiyai umumiy” (“Qisqacha umumiy
geografiya”, 1906), “Madxali jo‘g‘rofiyai Rusiy” (“Rusiyaning qisqacha
jo‘g‘rofiyasi”, 1906), “Kitobat ul-atfol” (“Bolalar xati”, 1908), “Amaliyati islom”
(“Islom amaliyoti”, 1908), “Muxtasari tarixi islom” (“Islomning qisqacha tarixi”,
1909), “Hisob” kabi kitoblarni chop ettiradi. Ayniqsa, Behbudiyning “yangi usul”
maktablari uchun geografiya bo‘yicha tayyorlagan “Turkiston xaritasi”, “Qisqacha
umumiy geografiya”, “Aholi geografiyasiga kirish”, “Rusiyaning qisqacha
geografiyasi” darsliklari va qator sayohatnomalari e’lon qilingan.
Quyida Behbudiyning “Kitobi muntahabi jug‘rofiyai umumiy va namunai
jug‘rofiya” darsligi bo‘yicha 1999 yilda “Ma’naviyat” nashriyotida chop etilgan
adibning tanlangan asarlarida bayon etilgan mazkur darslikning tarkibiy qismlari
va mazmuni yoritiladi.
Mahmudxo‘ja Behbudiyning mazkur darsligi 1905- yil 24 avgustda Sankt-
Peterburg senzurasidan ruxsat olingandan so‘ng, 1906 yilda Samarqandda chop
etilgan bo‘lib, u 106 sahifadan iborat. Darslikning nuqtayi nazardan juda yaxshi
ma’lumotlar keltirilgan.
Darslikning muhim ilmiy va metodik jihatlaridan biri uning Turkiston
aholisining bilim saviyasi nuqtayi nazaridan yozilganligidir. Darslikdagi har bir
mavzu yoritilganda Turkiston tabiati, xo‘jaligi, aholisiga doir misol keltiriladi yoki
Turkiston haqidagi tushuncha bilimlar, boshqa o‘lkalar tushuncha bilimlari bilan
solishtiriladi. Demak, Mahmudxo‘ja Behbudiyning darsligida o‘lkashunoslikka
doir ma’lumotlardan foydalanish va yosh avlodda vatanga nisbatan muhabbat
hissiyatini shakllantirish yetakchilik qiladi. Chunki, bolalarga beriladigan
umumdunyoviy bilimlar o‘lkashunoslik bilimlari bilan chambarchas bog‘langan
holda amalga oshiriladi. Bundan tashqari, darslikda asrimiz boshlarida Turkiston
o‘lkasida dunyoviy bilimlarni o‘qitish holati va ommaning hamda ulamolarning
bilim darajasiga ham aniq va haqqoniy baho berilgan.
Darslik quyidagi qismlardan iborat: kirish; “jo‘g‘rofiya” degan so‘zning
ma’nosi; jo‘g‘rofiya qachon paydo bo‘lgan; Turkiston donishmandlari;
jo‘g‘rofiyani o‘qimoqni naf’i; jo‘g‘rofiyani o‘qimoq musulmonlarga lozimdir; eski
va yangi donishmandlar; yangi hukamolrning so‘zidan namuna; Yer aylanganda
ustidagilarni yiqilmasligi; Atrof; jihoti asliya; xarita; plan; hukumat va
hukmronlar; din va odat; o‘lchak-miqyos; Amriqoning topilishi; tavsil va tanbih.
65
“Jo‘g‘rofiya” so‘zining ma’nosi, Behbudiy ta’rifi bo‘yicha, “yer va tuproqni
bayon qilaturg‘on ilmni aytadur” (222 b.). Darslikda geografiyani quyidagi
tarmoqlarga ajratadi: “Matematik geografiya” (“Jug‘rofiyai riyoziy”), “Tabiiy
geografiya” (“Jug‘rofiyai tabiiy”), “Tarixiy geografiya” (“Jug‘rofiyai tarixiy”),
“Siyosiy geografiya” (“Jug‘rofiyai siyosiy”) va h.k., va xulosa qilib adib
geografiyani dunyo va undagi tabiiy va ijtimoiy-iqtisodiy hodisalar haqida bilim
beradigan jahonnomadur deb ta’rif beradi.
“Jug‘rofiya qachon paydo bo‘lgan” qismida geografiyaning qisqacha rivojlanish
tarixi quyidagi 4 ta bosqichlarga bo‘linib yoritiladi: qadimgi, o‘rta asrlar, buyuk
geografik kashfiyotlar, hozirgi bosqich. Har bir bosqichda geografik bilimlarning
rivojlanishi chuqur tahlil qilingan. Yevropa davlatlarida va Rossiyada geografiyani
rivojlanishi va ularda geografiya jamiyatlari tuzilganligi ijobiy baholangan.
“Turkiston donishmandlari” bo‘limida Turkistonlik alloma va olimlarning
geografiya faniga qo‘shgan hissasi yoritilgan. Mazkur bo‘limda Turkiston
geografiyasi tarixida hali nomi tilga olinmagan allomalarning nomlari ham
uchraydi.
“Jug‘rofiyani o‘qimoqni naf’i” bo‘limida geografik bilimlarni kundalik hayotda
va ta’limda naqadar ahamiyatli ekanligi misollar tariqasida yoritib berilgan.
“Jo‘g‘rofiyani o‘qimoq musulmonlarg‘a lozimdur” bo‘limida musulmon allomalari
asarlariga tayangan holda musulmonlar uchun geografik bilimlarni ahamiyati ochib
berilgan. “Atrof. Jihoti asliya. Xarita. Plan.” bo‘limida ufq, ufqning asosiy va
oraliq tomonlari, qiblanoma (kompas), xarita va plan haqida bilimlar tizimi
berilgan. Xaritalarning Behbudiy tomonidan ajratilgan turlari hozirgi turlarga mos
keladi (umumiy, mavzuli, topografik), “xaritai umumiya, xaritai xususiy, xaritai
to‘po‘grafik” (242 b.). Masshtabni “o‘lchak” deb tarjima qilgan. Bu esa,
masshtabning asl ma’nosiga to‘g‘ri keladi, hozirgi paytda ba’zi o‘rinlarda
qo‘llanilayotgan “miqyos” masshtabning mazmunini to‘la aks ettirmaydi.
“Hukumat va hukmronlar” bo‘limida davlatlarni boshqarishni turlari keltirilgan,
mazkur turlar hozirgi turlarga deyarli to‘la mos keladi. “Din va odat” bo‘limida din
geografiyasi, aholi geografiyasi haqidagi bilimlar tizimi berilgan. Behbudiy
darsliklari, geografik xarita va atlaslar, globus va boshqa geografik ko‘rgazma
qurollar o‘lkada ochilgan “yangi usul” maktablari taraqqiyoti uchun juda katta
ilmiy va amaliy ahamiyat kasb etdi. Masalan, Behbudiy Shakuriyning 1-bosqich
maktabi “usuli savtiya” (1-4 sinflar), 1913/14 o‘quv yilidan boshlab 2-bosqich
“rushdiy” yuqori (5-6 sinflar) namuna maktabi uchun o‘quv rejasi va fan
dasturlarini ishlab chiqqan. Yuqori sinflarda dunyoviy fanlar fizika, kimyo,
geometriya, jumladan geografiya o‘qitilishi yo‘lga qo‘yilgan. Georafiyani
o‘qitishda xarita, globus va boshqa ko‘rgazmali qurollardan samarali
foydalanilgan. Keyinchalik, 1908 yilda Shakuriyning Rajabamin qishlog‘ida
joylashgan maktabga mahalliy amaldorlarning tazyiqi kuchayishi tufayli uni
Samarqanddagi o‘z hovlisiga ko‘chirib keltiradi. Namunaviy maktablar o‘z
navbatida Toshkentda M.Abdurashidxonov, Qo‘qonda A.Ibodievlar tomonidan
ham tashkil etilgan.
66
Mahmudxo‘ja Behbudiy maktab va ta’lim-tarbiya to‘g‘risida “Turkiston
viloyati” gazetasi, “Taraqqiy”, “Tujjor”, “Xurshid”, “Shuhrat”, “Osiyo”, “Turon”,
“Hurriyat”, “Mehnatkashlar tovushi”, “Ulug‘ Turkiston”, “Najot”, “Vaqt” va
boshqa matbuot sahifalarida ko‘plab maqolalar bilan chiqishlar qilgan. Behbudiy
1913 yilda “Samarqand” gazetasiga asos soladi, u haftada 2 marta o‘zbek va tojik
tillarida chop etilgan bo‘lib, 45-soni chiqqach moddiy qiyinchilik tufayli nashr
etish to‘xtagan. Ayniqsa, Behbudiy tomonidan 1913-yil 20-avgustdan boshlab
“Oyna” jurnali chiqarila boshlandi. Haftalik, suratli bu jurnal o‘zbek tilida nashr
etilib, uning geografiyasi keng bo‘lib, bu jurnal Kavkaz, Tatariston, Eron,
Afg‘oniston, Hindiston, Turkiyagacha tarqalgan. Behbudiyning ko‘plab maqolalari
gazeta va jurnal sahifalarida yoritilib turgan. Masalan, “Tahsil oyi”, “Ehtiyoji
millat”, “Samarqand” usuli jadida maktabi xususida”, “Majlis imtihon”, “Tarix va
jug‘rofiya”, “Samarqand kitobxona va matbaaxona”, “Buxoroda usuli jadida” kabi
ilmiy-ommabop maqolalarida yangi usul maktablari, uning ahamiyati, o‘qitish
tizimi yangi maorif va madaniyatni rivojlantirish, dunyoviy fanlarning foydasi,
komil insonning tarbiyasi to‘g‘risidagi muhim ma’rifiy fikrlarni kuzatish mumkin.
Mahmudxo‘ja Behbudiy 1914 yil 29 mayda uchunchi marta sayohatga chiqadi.
Sayohat davomida u Bayramali, Ashxobod, Krasnovodsk, Kislovodsk, Pyatigorsk,
Jeleznovodsk, Rostov, Odessa, Istanbul shaharlarida bo‘ladi. Safar chog‘ida
Ismoilbek Gasparali bilan uchrashadi. So‘ngra Quddus, Bayrut, Yefa, Port-Said,
Shom shaharlarida bo‘lib o‘z yurtiga qaytadi. Safar chog‘idagi taasurotlar,
jumladan, geografiyaga oid ko‘pdan-ko‘p materiallar “Oyna” jurnali sahifalarida
yoritiladi.
Mahmudxo‘ja Behbudiy 1917-yil 16-23 aprelida Toshkentda bo‘lib o‘tgan
Turkiston musulmonlarining qurultoyida millatni o‘zaro ixtiloflardan voz kechishga,
buyuk maqsad yo‘lida birlashishga chorlaydi. Ushbu qurultoyda Behbudiy o‘lka
musulmonlar sho‘rosining raisi etib saylanadi. 1917-yil 26-noyabrida Qo‘qonda
o‘lka musulmonlarining 4-favqulodda qurultoyi ish boshlaydi. 27-noyabrga o‘tar
kechasi “Turkiston muxtoriyati” e’lon qilindi. Uning g‘oyaviy asoschilaridan biri
Behbudiy bo‘lgan. Muxtoriyat sho‘rolar tomonidan vahshiyona bostiriladi. 1918-yil
davomida xalq orasida katta nufuzga ega bo‘lgan Behbudiy Turkiston sho‘rolar
hukumati rahbarlari bilan muzokaralar olib boradi, ammo natija chiqmaydi.
Shundan keyin, u 1919-yilning erta bahorida o‘lkadan chiqib ketayotganida
Shahrisabzda Inqilobiy favqulodda komissiya ayg‘oqchilari ko‘magida Buxoro
amirligi odamlari tomonidan qo‘lga olinadi, hamrohlari Mardonqul va
Muhammadqul bilan birgalikda kofirlikda ayblanib, Qarshi zindoniga tashlanadi va
qatl etiladi. Behbudiy o‘lishini sezganidan so‘ng, vasiyatnoma yozib, Ahmad ismli
kishiga qoldiradi.
“Mani sevar o‘rtoqlarim! Manim so‘zlarimni quloqlaringizga olingizlar! Biz
ikki oydan beri Buxoro shahrida bandi bo‘lib, oxir o‘n kundan buyon bu yerda
(Qarshi shahrida) bu zolimlarning qo‘liga tushib bandi bo‘ldik. Jadida-kofirlik otini
67
ko‘tardik. Sipohlar ichida tilchilik otini ko‘tardik. Bu yerdan qutulmog‘imiz gumon
bo‘ldi”.
O‘rtoqlarim Siddiqiy, Ayniy, Fitrat, Qurbi va Akobir Mahdum va o‘g‘lonlarim
Vadud Mahdum, Abulqodir Shakuriy!
Sizlarga vasiyat qilaman: maorif yo‘linda ishlayturg‘on muallimlarning boshini
siylangizlar! Maorifga yordam etingiz! O‘rtadan nifoqni ko‘taringiz! Turkiston
bolalarini ilmsiz qo‘ymangizlar! Har ish qilsangiz jamiyat ila qilingizlar! Hammaga
ozodalik yo‘lini ko‘rsatingizlar! Bizdek maorif qurbonlarini yo‘qlangizlar! Buxoro
tuprog‘iga tezlik ila yo‘l boshlangizlar! Ozodlikni tezlik ila yuzaga chiqaringizlar!
Bizning qonimizni zolim beklardan talab qilingizlar! Maorifni Buxoro tuprog‘iga
joriy qilingizlar! Bizning otimizga maktab ochingizlar! Bizlar ul chog‘da
qabrimizda tinch yotarmiz. Manim o‘g‘lonlarimga salom yetkazinglar! Bu
hamrohlarimning avlodlaridan xabardor bo‘lingizlar!”. Mazkur vasiyatnoma va
sodir bo‘lgan mudhush voqea Samarqandda bir yildan keyin ma’lum bo‘ladi.
Turkiston ziyolilari Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho‘lpon, Sadriddin Ayniy va
boshqalar Mahmudho‘ja Behbudiyga bag‘ishlab marsiyalar yozadilar hamda
Behbudiyning yuqorida keltirilgan vasiyati (“Inqilob”, 1923 yil, № 1.) matbuotda
e’lon qilinadi.
O‘lkada geografiyaga bo‘lgan talabning oshishi tufayli Fotih Karimiyning
«Geografiya» (1909 y) kitobi Orenburgda bosilib chiqqan bo‘lib, bu risoladan
Toshkentdagi “yangi usul” maktabi muallimlari foydalanganlar. Mazkur kitob rus
darsliklari namunasida yozilgan bo‘lib, unda geografiya, xarita, atlas, okean, dengiz,
tog‘, daryo, ko‘l, vodiy va boshqalar haqida, so‘ngra dunyoning besh qit’asi va
undagi davlatlar to‘g‘risida qisqacha ma’lumotlar keltirilgan bo‘lib geografiyaning
yanada kengroq o‘qitilishiga imkon yaratdi.
Turkiston o‘lkasida geografiya ta’limining rivojlanishida Rossiyada Moskva
davlat universiteti geografiya maktabi asoschisi D.N.Anuchin rahbarligida o‘tgan
geografiya o‘qituvchilarining birinchi Butunrossiya seyzdi (1915) hisoblanadi.
Seyzda barcha sinflarda geografiya o‘qitilishi, o‘quv soatlarining ko‘paytirilishi,
shuningdek, ekskursiya, kuzatish va amaliy ishlarning ahamiyati ta’kidlangan,
ayniqsa, Vatan geografiyasini o‘rganishga katta e’tibor qaratilgan. Natijada,
geografiya maktablarda asosiy fanlar turkumidan joy oldi, haftalik o‘tiladigan
soatlar miqdori 16 soatni tashkil qildi hamda maktablarda geografiya bo‘yicha yangi
o‘quv dasturlari joriy qilindi.
Rossiyada geografiya bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar o‘z navbatida
Turkiston maktablarida geografiyani o‘qitishga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi, o‘lka
maktablari uchun geografiya bo‘yicha darsliklar yaratish imkoniyati paydo bo‘ldi.
Jumladan, Toshkentda ma’rifatparvar Abdulla Avloniy rahbarlik qilgan “Maktab”
bosmaxonasida “Jo‘g‘rofiyai ijmoliy” (“Umumiy geografiya”), “Jo‘g‘rofiyai
68
riyoziy” (“Matematik geografiya”), Munavvarqori Abdurashidxon o‘g‘lining «Yer
yuzi» 1915 y) nomli kitoblari chop qilindi. Darsliklar yaratish Samarqand
bosmaxonalarida Mahmudho‘ja Behbudiy, Namanganda Is’hoqxon Ibrat tomonidan
tashkil etilgan bosmoxonada ham yo‘lga qo‘yiladi. Nashr qilingan geografiya
darsliklari o‘qituvchilar o‘rtasida muhokama qilinar edi. Eng yaxshi geografiya
kitoblari dastur tarzida qabul qilinib, o‘qitishga tavsiya qilinar edi. Munavvar
Qorining «Yer yuzi» kitoblaridan birinchi nashri Turkiston geografiyasi
o‘qituvchilari o‘rtasida muhokama qilinib, o‘qishga tavsiya qilingan edi. Ushbu
kitob «yangi usul» maktablari uchun yozilgan bo‘lib, 1928-yilgacha darslik sifatida
qo‘llanilib kelingan. O‘sha davrda bunday geografik darsliklar va o‘quv
qo‘llanmalarning paydo bo‘lishi o‘zbek xalqining geografik bilimlarga nisbatan
ehtiyoji oshayotganligidan va mahalliy kadrlardan ham geograf mutaxassislar
yetishib chiqayotganligidan darak berayotgan edi. O‘sha davrdagi Turkiston
hududidan yetishib chiqqan ilm-ma’rifat namoyondalari Ahmad Donish, Zokirjon
Furqat, Hoji Yusuf Hay’atiy, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Abdulla Avloniylar ham
maktablarda geografiyani sifatli o‘qitishga salmoqli hissa qo‘shadilar. A.Donish
astronomiya va geografiya sohalari bo‘yicha ham ilmli odam bo‘lgan. U jaholatga
tushib qolmaslik uchun dunyoviy bilimlarni egallashga quyidagicha da’vat etadi:
“Biz dunyoni gullatib-yashnatish uchun, yer osti boyliklarini izlab topish uchun,
yerning hamma qit’alarini va aholisini bilish uchun, tug‘ilganmiz”. H.H.Niyoziy
ham 1901 yilda Qo‘qon shahrining Hojibek guzarida kambag‘allarning farzandlari
uchun maktab ochadi. Uning bu maktabida geografiya ham o‘qitilar edi. Hamza
maktabi ham geografiya ta’limi rivojlanishida muhim o‘rin egalladi.
Ajoyib ma’rifatparvar va pedagog Abdulla Avloniy o‘zi ochgan maktablarda
dunyoviy fanlar qatori geografiya o‘qitishiga katta e’tibor bergan. U «Geografiya»
nomli kitob ham yozgan. Oktabr to‘ntarilishidan oldingi maktablarda geografiyani
fan sifatida o‘qitishda toshkentlik Sobir Rahimiyning ham xizmatlari katta. O‘sha
davrdagi maktablarda bilim, ko‘nikma va malakalar hajmini ifodalovchi hujjatlar
geografiya dasturi va geografiya ta’limi haqida muayyan ko‘rsatmalar beruvchi
metodik qo‘llanmalar, darsliklar bo‘lmaganligi tufayli og‘zaki bayon, suhbat
metodlari geografiya ta’limida yetakchi bo‘lgan. Geografiya faqat tasvirlovchi fan
sifatida namoyon bo‘lgan. Turkiston o‘lkasida ochilgan “yangi usul” maktablari
xususiy turdagi maktablar hisoblanib, ularga hukumat hech qanday yordam
bermagan. Maktablar bolalarning ota-onalaridan har oyda olinadigan mablag‘
hisobiga ishlagan, muallimlarga ham shu hisobdan maosh to‘langan. “Yangi usul”
maktablarida may oyi oxirlarida ota-onalar va mehmonlar ishtirokida imtihonlar
o‘tkazilgan. Imtihonda bolalar Qur’on suralarini yod aytishni, o‘zbek tilidan o‘qish
va yozishni, hisobdan 4 amalni o‘rganganliklari, geografik xaritadan Turkiston
o‘lkasi va boshqa o‘lkalarni namoyish qilganlar. Shunday qilib, “yangi usul”
69
maktablari zamonaviy o‘zbek milliy maktablarining ilk bosqichi hisoblanadi. Bu
maktablar tajribasi asosida sho‘rolar maktabi yaratilgan. 1918 yilgacha
O‘zbekiston hududida 104 ta “yangi usul” maktablari bo‘lib, ularda 10343 ta bola
o‘qigan. Yangi usul maktablari 1918/19-o‘quv yilidan davlat maktablariga
aylantirilib, xalq maktablari nomini olgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |