O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy
www.ziyouz.com
kutubxonasi
124
* * *
Otabekning o‘sha voqi’adan so‘ngg‘i Marg‘ilon qatnashlari faqat natijasiz quruqqina bir
qatnash edi. Bu qatnashning har birisida usta Alimnikiga tushar, ammo hanuz undan
o‘zining
sirrini yashirib, Andijondan qaytib kelishini va yo borishini va yo‘l ustidan ko‘rib
ketish uchun kirganini aytib usta Alimni minnatdor qilar edi. Ul Marg‘ilonda ko‘b
to‘xtamas, bir kun, uzoqqa tortilsa ikki-uch kun turib qaytar, ba’zi vaqtlarda yo‘l ustidan
«Xo‘ja Ma’oz» mozorini ham tunab ketar edi. Uning o‘n kunlab yo‘l mashaqqatini o‘z
ustiga olib, Marg‘ilonda qilaturg‘an ishi shu mashaqqatlar evaziga arzug‘uliq edimi,
yo‘qmi, o‘qug‘uchi buni quyidan onglar:
Marg‘ilondan natijasiz, tamoman bo‘shka qaytib Toshkand kelgach,
Kumushni
unutkandek bo‘lib uch-to‘rt kun u-bu bilan ovinib yurar, so‘ngra hafta, o‘n kundan so‘ng
yana Marg‘ilon to‘g‘risida o‘ylab boshlar, o‘ylab o‘yining tegiga yeta olmag‘ach, o‘zini
qayoqqa urishini bilmay qolar, shundan so‘ng hamma alamini Chuqur qishloqqa havola
qilib, o‘n-o‘n besh kun bosim ichkanidan so‘ng ichkulukdan ham lazzatlanmay qolar va
shuning yonida uning ko‘ngli bir narsaning bo‘yini olg‘andek sezinar, go‘yo Marg‘ilon
borsa bir gap bo‘laturg‘andek, bormay qolsa keyinchalikda o‘zi o‘kinaturg‘andek...
Shundan so‘ng to‘satdan Marg‘ilon yo‘lig‘a
tushib qolar, yo‘lda borar ekan, o‘zini to‘rt
ko‘z bilan kutib turg‘andek sezilgan Marg‘ilong‘a har nimadir, bir soat ilgariroq yetish
uchun oshiqar edi. Le-kin... lekin Marg‘ilon darbozasidan kirishi ila uning holi o‘zgarib
boshlar, yuragi qinidan chiqar darajada o‘ynamoqqa olur, ayniqsa poyafzal rastasiga
yaqinlashgach,
uning bu iztirobi shiddatlanur, poyafzal rastasining yaqini bilan bunchalik
o‘zgarishda qolg‘an Otabek rastaning o‘zida qanday holg‘a tushmog‘ini tasavvurdan ojiz
kelur va rasta ko‘rindi deguncha otining boshini chapka burib yuborar va orqasidan
kimningdir «...boringiz, eshigim yonida to‘xtamangiz... uyatsiz!» tovshi eshitilgandek
bo‘lar edi... O‘z-o‘ziga «haqiqatan men uyatsiz», deb qo‘yar
va shuning ila hamma
kutilgan-kuzatilgan gaplar, besh kunlik yo‘l mashaqqatlari havog‘a ketar, hatto xayolda
emas, haqiqatda o‘ylab qo‘yg‘an qayin otasi bilan xotinini shari’atka chaqirish fikri ham
unutilar va yo‘qolur, «hiylagarning yuzini qozixonada ko‘raymi, o‘zi ham qursin, yuzi
ham!» der edi-da, otini to‘g‘ri usta Alimnikiga qarab solar edi.
Otabek usta Alimni juda yuqori darajaga qo‘yg‘a-nidek, uning
majlisi bilan ham ancha
yengillashar, o‘n yillardin beri usta Alim yuragida saqlang‘an va qabrg‘a ham birga
ketishi kutilgan ishq tarixini qayta-qayta eshitkusi kelaberar, usta Alim ham o‘zining
o‘lgan Saodati to‘g‘risidag‘i ipidan-ignasigacha bo‘lg‘an xotiralarini takror-takror hikoya
qilib, hikoyasi oxirida: «Peshonamga sig‘madi-da, o‘ldi», deb qo‘yar, bu so‘z Otabekning
ham yuragiga sovuq suv sepkan ta’sirini berib, ul ham ko‘nglidan: «Manim ham
peshonamga sig‘madi-da, tiriklayin o‘ldi» degan so‘zni o‘tquzar edi.
Shu holda ikki-uch
kun usta Alimnikida turg‘ach, eng so‘ngg‘i martaba Marg‘ilon bilan xayrlashkan kabi
shaharning har bir narsasiga alvido nazari bilan boqar va boshi og‘qan tomong‘a
ketkandek Marg‘ilonning o‘ng‘ay kelgan darbozasig‘a qarab yo‘l olur edi. Qo‘qonda bir-
ikki kun, Kirovchida uch-to‘rt kun, Qurama, Telov va shuningdek, qishloqlarda ham bir
necha kunlab qo‘na-qo‘na nihoyat, Toshkandga kelib yetar yana... yana...
Otabekning Marg‘ilong‘a borib kelishi shu yo‘sunda edi. Uning sirri o‘zidan boshqa
hech kimga ma’lum bo‘lmag‘anliqdan, orada uning holig‘a
kulguchi va undan hisob
olg‘uchi birav ham yo‘q, faqat ul hamma hisobni o‘z yuragidan olib, o‘z yuragiga berar
edi. Shu yo‘sun oromsizlik va besaranjomlik ichida uning oy-kunlari o‘tib turar edi.
Do'stlaringiz bilan baham: