www.ziyouz.com
kutubxonasi
126
yuriy boshladilar. Boyag‘i «...orsiz» jumlasi bilan uning kirish fikri tamoman so‘ngan edi.
Ammo «biravlar» to‘g‘risida nima bo‘lganda ham bir gap eshitmak havasi tug‘ilg‘an edi.
Bu chiqg‘uchilar garchi qutidorning iti haqida bo‘lsa-da, bir ma’lumot beralar-ku, deb
o‘yladi va ularga yetib olish uchun adimlarini kengaytirdi. Ulardan uch-to‘rt adim berida
borar edi. Baxtka qarshi ular churq etmaygina ketar edilar. Nihoyat, yuz adimcha
borgandan so‘ng, ulardan so‘z eshitishka to‘g‘ri keldi; birisi ikkinchisiga dedi:
— To‘y bilan nikohni bu kunga qilg‘animiz yaxshi bo‘ldi.
— Nima, juvonga ham to‘y boshqa, nikoh boshqa bo‘larmidi? Bordi-keldi bitta juvon
qizi bor-ku, munga to‘yni boshqa, nikohni boshqa qilamiz deganiga hayronman.
— Axir qutidor ham boobro‘ odam-da, — dedi bi-rinchi kishi.
Jonso‘z bu xabarni eshitkan Otabeknnig hushi boshidan uchkan kabi bo‘ldi-da, adim
uzgan joyida mixlangandek qotib qoldi. Go‘yo ustidan bir chelak qaynag‘an suvni
ag‘darg‘an edilar-da, butun terisi oyog‘iga sidirilib tushkan edi... Besh daqiqalab yo‘l
ustida esankiragan, hushsizlangan ko‘yi qotib turg‘ach, moshinavori birdan yurib ketdi...
«Kishining xotinini taloqsiz chiqarib ol-da, bu kun erga ber», dedi va telbalarcha nima
uchundir kulib qo‘ydi, o‘z-o‘ziga so‘zlanib Marg‘ilon ko‘chalarida tentaklarcha yugura
boshladi. Uning bu kungi holig‘a qarash yuraklarni yorg‘anidek tasvirga ham qalam kuchi
ojizdir...
* * *
Oyning o‘n beshlari bo‘lsa-da, havoning bulutlig‘i bilan oy ko‘rinmas, chin ma’nosi
bilan qorong‘i kuzning qorong‘i bir tuni edi. Bir necha yuz yillardan beri yashab
favqulodda zo‘rayib ketkan «Xo‘ja Ma’oz» mozorining chakalagi bu qorong‘iliqqa bir
manba’ kabi edi. Kuchlik bir yel turg‘an, qandaydir bir ishka hozirlang‘an kabi to‘rt
tomong‘a yugurib yurar edi. Mozor chakalagining bir burchagida tutab yotg‘an to‘nka
yonida sochlari o‘sib soqolig‘a qo‘shilib ketkan bir devona bu mudhish qorong‘iliqqa
qarshi kurashkan kabi gulxanni yondirishg‘a tirishar, gulxan tavaragidan aylanib
qo‘lidag‘i kasavi bilan to‘rt tomonidan kovlar edi. Yel borg‘an sayin kuchlana bordi,
chakalak tartibsiz holg‘a kirib ketdi, bitta-yarimta to‘kilmay qolg‘an yaproqlar shitir-shitir
to‘kilishka oldilar, qarg‘a va zog‘chalar ayni uyqu zamonida tinchsizlagani uchun yelga
qarshi na-moyish qilg‘andek g‘o-g‘u bilan chakalak ustidan aylana boshladilar. Yel
kuchaygandan kuchayib borar va shu nusbatda mozor ichi ham yana bir qat qo‘rqunch
holg‘a kirar edi, yel ketma-ket bo‘kurar, bunga chiday olmag‘an shox-shabbalar qars-
qurs sinar, keksa yog‘ochlar g‘iyq-g‘iyq etib yolborish tovshi chiqarar edilar. Yel ortiqcha
bir g‘azab ustida edi, yer yuzidagi tikkaygan narsani bukib-yanchib tashlamoqchi
bo‘lg‘andek pishqirar edi. Chinorlardan birisini yerni titratib yiqitdi, devonaning gulxanini
ham to‘nka-po‘nkasi bilan ko‘tarib chakalakning ichiga otdi. Butun mozor ichini o‘t
uchquni ila to‘ldirib, yana ko‘rinishka boshqacha bir tus berdi. Mozorni bu holg‘a
solg‘andan so‘ng go‘yo shuning uchun g‘ayratlangandek bir oz pasaya tushdi, och
qolg‘an sher kabi pishqirib bo‘kirishlari bosilg‘andek bo‘ldi. Yarim soat chamasi
jonsarakka uchrab uchib yurishka majbur bo‘lg‘an qarg‘alar yelning g‘azabi bosilg‘anini
bir-birlariga xabar bergandek g‘o-g‘u bilan eski o‘rinlariga qo‘na boshladilar. Ko‘kni o‘rab
olg‘an qora bulutlar ham to‘s-to‘ska bo‘linib, oy ham qora parda ichidan yarim yuzini
ochib yer yuziga mo‘ralab qo‘ydi. Gumbazning qarshisidag‘i ikki tup keksa chinorning
iskelet kabi quruq shoxlarig‘a yel bilan allaqayoqlarg‘a uchub ketkan boyqushlar to‘pi
ham kelib qo‘na boshladilar. Oy parchalang‘an qora bulutlar bilan bekinmachoq
o‘ynag‘an kabi hali ko‘rinib, hali yashirinar edi. Ul yer yuziga kulib qarag‘anda mozorning
chakalak qismiga aytarlik o‘zgarish bera olmasa-da go‘riston qismidagi do‘mboq
qabrlarni va ularning ustidagi marmar qabr toshlarini chuqur bir sukut ichida ekan,
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy
Do'stlaringiz bilan baham: |