www.ziyouz.com
kutubxonasi
167
— Yo‘q.
— Majlisda nimadan bahs qiling‘anini-chi?
— Majlisda nima muzokarasi bo‘lg‘anini ham bilmayman va lekin o‘sha majlis faqat
qipchoqlarga qatli om uchun yig‘ilgan ekan, deb kecha ishondim. Majlisingiz a’zolarining
sizdan boshqasi nega yigit to‘plab, Qo‘qong‘a ketdilar va ular Qo‘qong‘a yetmaslaridanoq
nega bu vahshat boshlandi?
— Bu muhokamang to‘g‘ri. Ammo otangni ham shu jonivorlar orasig‘a qo‘shib
o‘ltirishing qisqalig‘ingdir,— dedi. Ko‘ziga yosh oldi. — O‘zing o‘ylab ko‘r o‘g‘lim, o‘z
qo‘limiz bilan o‘zimiznikini kesishimizdan mamlakat uchun qanday foyda bor? Basharti
men bu vahshatka ishtirok qilg‘an bo‘lsam, qaysi aql va qanday manfaatni kuzatib
qo‘shilishqan bo‘laman? Agarda manim yurt so‘ramoqqa va shu vosita bilan boylik
orttirmoqqa orzum bo‘lsa, boshqalardan ham ko‘ra o‘z o‘g‘limg‘a — senga ma’lum
bo‘lmasmidi? Nega har bir narsaga yetkan aqling shunga qolg‘anda oqsaydir. Nega
yong‘an yurakimga yana sen ham zahar sochasan?!
Titralib va to‘lqinlanib aytilgan bu so‘zlar Otabekni o‘kintirdi, o‘lganning ustiga chiqib
tepish qabilidan bo‘lg‘an o‘z hujumining haqsiz ekaniga tushundi.
Yusufbek hoji bitta-bitta yotig‘i bilan majlis haqida bayon qilib, o‘zining qarshi
tushkanini va ularga uqdira olmag‘andan keyin, majlisni tashlab chiqib ketkanini so‘zlab
kelib dedi:
— Biror soatlar so‘ng orqamdan Niyoz qushbegi kelib mendan afu so‘radi va
majlisning u fikrdan qaytqanini, o‘zlarining xatog‘a ketkanlarini aytdi. Men xursand
bo‘lib, bu ishning zararini yana isbot qilib chiqdim. Niyoz men bilan xayrlashar chog‘ida:
«Jon hoji aka, endi gap shu yerda qolsin, bitta-yarimta eshitgudek bo‘lsa, biz yerga
qararliq bo‘lmayliq, o‘lturishning katta iltimosi sizdan shul”, dedi. Men bu iblisona
aldovga uchib, bu to‘g‘rida na senga va na Normuhammad qushbegiga og‘iz ochmadim
va ularning Qo‘qong‘a fotiha uchun qo‘zg‘alishlaridan hech bir shubhalanmadim... Eh,
shaytonlar!
Hoji bir oz to‘xtab davom etdi:
— Kecha ertalab o‘rdaga borg‘an edim. Sahn yuzida uch-to‘rt yuz musallah yigitlarni
biravini kutkan holda ko‘rdim va iltifotsiz qushbegi mahkamasiga kirdim. Kirsam,
Qo‘qong‘a ketkan Qayum ponsad uch-to‘rtta yigiti bilan qushbegining qarshisida turibdir.
Qushbegi qo‘lida bir qog‘oz ushlab, go‘yo es-hushidan ayrilgan kabi qotib o‘ltiribdir. Meni
eshikdan ko‘rib, so‘zsiz-nesiz qo‘lidag‘i qog‘ozni menga cho‘zdi va boshini tebratib
qo‘ydi. Men bir narsaga ham tushunmagan holda borib qog‘ozni oldim... O‘qudim-
o‘qudimda, manim hushim boshimdan uchib, qushbegi holiga tushdim. Bu qog‘oz
xonning yorlig‘i edi va bunda taxminan shunday gaplar bor edi:
«Biz Turkiston mamlakatining xoni o‘z qalamravimiz va saltanatimiz uchun qipchoq
toifasini muzir deb bildik. Bu yanglig‘ hukmimizni o‘z qalamravimizda bo‘lg‘an barcha
beklarimizga, hokim va qo‘rboshi va dahboshilari-mizga bildirib buyuramizkim, ushbu
farmonimizni olg‘an on darhol o‘n besh yoshdan to yetmish yoshg‘acha bo‘lg‘an qipchoq
er zotini qilichdan kechirgaylar va hech bir silai rahmni vosita qilmag‘aylar. Ushbu
hukmimizni yeriga yetkuzishda sustlik qilg‘an mansabdor bizg‘a itoatdan bosh tortqan
hisoblanib, eng qattig‘ jazoimizg‘a mahkum qili-nur. Bu hukmimizni ijro etkuchi
Toshkand hokimi Nor-muhammad qushbegiga marhamati shohonamiz shuldurkim,
garchi sizning qipchoq qavmig‘a mansubiyatingiz bo‘lsa ham, Musulmonqulni haydashda
bizga unutilmasliq xayrixohliqlar va xizmatlar ko‘rsatdingiz, binoan alayhi siz bu jazodan
ma’fudirsiz va sadoqatingizda boqiy qolib amrimizni ijro etishingizda shubha qilmaymiz!»
Qushbegiga qaradim, ul ham manim og‘zimg‘a qarab turar edi. «Buyruqni qachon
oldingiz?» deb so‘radim. Ul javob o‘rniga Qayum ponsadga imladi.
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy
Do'stlaringiz bilan baham: |