4. OY ETAK BILAN YOPILMAS
Choy tugalgan edi. Otabek fotiha o‘qub, o‘rnidan qo‘zg‘almoqchi bo‘ldi.
— Turma!
Yusufbek hoji tarafidan berilgan amirona buyrug‘ Otabekni qaytadan o‘lturib qolishga
majbur etdi va otasig‘a «nima xizmatingiz bor?” degandek qilib qaradi. Yusufbek hoji bir
so‘z demasdan sallasini olib tizzasiga qo‘ydi, bosh qashinishib yana sallasini kiydi.
Dadasining salla olib bosh qashinishi keyinidan ko‘pincha o‘zini bir tergov ostida ko‘rar
edi. Shuning uchun yana bir martaba dadasiga qarab qo‘ydi.
Chini bilan ham hojining tusidagi boyag‘i hasrat va qayg‘u alomatlari yo‘qolib,
ularning joyini sharq otalig‘i vaziyati oldi.
— Marg‘ilonda nima ishlar qilding?
Kutilmagan bu savolga Otabek nima deb aytishini bilmay qoldi. Javob o‘rnig‘a xavfli
tomong‘a qaradi.
— Sendan so‘rayapman, Otabek.
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy
Do'stlaringiz bilan baham: |